Bosh sahifa | Onalar maktabi | O`yinchoqning o`yinchoqdan farqi

O`yinchoqning o`yinchoqdan farqi

Bola hayotida o‘yinchoqlarning o‘rni va ahamiyati juda katta. Ular farzandlarimizning rivojlanishi, kamol topishi va mustaqil hayotga kirib kelishida muhim vosita hisoblanadi. O‘yinchoqlarning asosiy vazifasi bolalar faolligini oshirib, muloqotni shakllantirish va tasavvurini rivojlantirishdan iborat. Ularda ijodiy qobiliyatni ro‘yobga chiqarish, dunyoni kashf qilish, shuningdek, bolani atrof-muhit bilan tanishtirishda ham o‘yinchoqlarning o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham ota-onalardan bunday buyumlarni tanlashda juda e’tiborli bo‘lish talab qilinadi. Agar bolangizga yangi o‘yinchoq sotib olmoqchi bo‘lsangiz, unda quyidagi jihatlarga alohida ahamiyat qaratishingizni maslahat beramiz.

Farzandning yoshi. Yosh o‘yinchoq tanlashda asosiy mezon hisoblanadi. Tanlangan o‘yinchoq bolajoningizning yoshiga albatta mos tushishi kerak. Bola o‘sadi-ulg‘ayadi. Shu tariqa uning o‘yinchoqlari ham yoshiga mos ravishda murakkablashib borishi lozim. O‘yinchoqlarning yoshga qarab tanlanishi bolaning aqli, harakatlari, tafakkuri rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki-uch yoshli bolalar uchun turli shaklli kubik, piramida kabi o‘yinchoqlar nihoyatda muhimdir. Bu yoshdagi bola uchun o‘yinchoqning funksiyalari juda qiziqarli tuyuladi va uni uzoq vaqt davomida o‘ynashiga xizmat qiladi. Har xil shakldagi kubiklarni o‘ynash, qum solish hamda to‘kish shaklidagi turli o‘yinlar bolaning harakatini bir maqsadga qaratadi. Avvalo, qo‘llar bilan shakllarni his etish, so‘ng ko‘z bilan uning shakli, rangini chamalash rivojlanadi, farqli taraflari solishtiriladi. Kattaroq yoshdagi bolajonlar uchun aqlni rivojlantiruvchi o‘yinchoqlarni tanlagan ma’qul.
O‘yinchoqning sifati. O‘yinchoq tanlashda uning sifatiga ham alohida ahamiyat qaratish lozim. Ularning xavfsiz, ekologik toza, sifatli mahsulotdan yasalganiga ishonch hosil qilib, rangi, ko‘rinishi, yorlig‘i, yo‘riqnomasi va firmasini ko‘zdan kechirish foydadan xoli bo‘lmaydi. Sifatli va toza mahsulotlardan yasalgan o‘yinchoqlar bolajonlarning sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim o‘rin tutadi.
O‘yinchoqning xavfsizligi. Kichkintoylar uchun o‘yinchoqlar tanlaganda, ularning juda mayda qismlardan, kesuvchan va o‘tkir qirralardan xoli bo‘lishiga, og‘irligi va hajmiga e’tibor qaratish lozim. Bunday turdagi o‘yinchoqlar bolangizga ziyon yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, o‘yinchoq xavfsiz materiallardan tayyorlangan bo‘lishi kerak. Tabiiy mo‘yna va daraxt po‘stlog‘idan yasalgan o‘yinchoqlarni sotib olishga harakat qiling. Ko‘pincha yumshoq o‘yinchoqlarda bakteriyalar to‘planib, infeksiya manbayiga aylanadi, shuning uchun ham ular juda kichkina va allergiyaga moyil bolajonlarga tavsiya etilmaydi. Agar musiqiy o‘yinchoq sotib olmoqchi bo‘lsangiz, uning ovozi, hajmi va tuzilishiga e’tibor qarating. Yoqimsiz, haddan tashqari baland ovoz bolani qo‘rqitib yuborishi mumkin. Bundan tashqari, qo‘rqinchli, bolani dahshatga soluvchi o‘yinchoqlardan ham yiroq bo‘lgan ma’qul. O‘yinchoq bolada tajovuzkorlik, zo‘ravonlikni yoki sababsiz qo‘rquv va xavotirni uyg‘otmasligi kerak.
O‘yinchoqning qiziqarliligi. Tanlayotgan o‘yinchog‘ingizni o‘zingizning qiziqishlaringiz va istaklaringizga qarab emas, bolajoningiz xohish-istaklariga qarab sotib olganingiz ma’qul. Aks holda kichkintoy bunday o‘yinchoqdan juda tez zerikib qoladi. Yaxshisi, o‘yinchoq sotib olish uchun do‘konga farzandingiz bilan birga boring va bolangizga yoqqan o‘yinchoqni u bilan maslahatlashgan holda xarid qiling.
O‘yinchoqning foydaliligi. O‘yinchoq tanlaganda, uning foydalilik jihatiga ham alohida ahamiyat qarating. Dizaynerlik va qurilish materiallari, jumboqlar, sport o‘yinlari, uskunalar to‘plami va kasbga yo‘naltiruvchi (oshxona buyumlari, sartaroshlik jihozlari, shifokorlik asboblari kabi) hamda aqlni rivonlantiruvchi, tafakkurini o‘stiruvchi, ma’nan va axloqan tarbiyalovchi o‘yinchoqlarni xarid qilishga harakat qiling.
Bundan tashqari, o‘yinchoqlarning qadriyat va mentalitetimizga mos kelishi ham juda muhim. To‘g‘ri tanlangan o‘yinchoqlar bolalarning ma’naviy va axloqiy, aqliy, jismoniy, badiiy hamda estetik jihatdan rivojlanishida, sog‘lom, barkamol va yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishlarida asosiy vosita hisoblanadi. Tanlagan o‘yinchog‘ingiz eng chiroyli va qimmatbaho bo‘lishi shart emas, asosiysi bolangizga manzur bo‘lishi, uning xarakteri va qiziqishlariga mos tushishiga ahamiyat qarating. Har holda u kichkintoyingizning eng yaqin hamrohi, do‘stiga aylanishini unutmang. Va aksincha, bilib-bilmay tanlangan ba’zi bir o‘yinchoqlar bola ruhiyatiga salbiy ta’sir qilib, ularning xudbin, qo‘rqoq, tajovuzkor va ma’nan qoloq bo‘lishlariga olib kelishi mumkin.

Malika HAQQIYEVA tayyorladi.

Check Also

Ertak aytishni o`rganing (ota-onalar uchun)

Hammamiz bolaligimizdan turli-tuman ertaklar tinglab katta bo‘lganmiz. Ba’zilarimiz balog‘at yoshiga yetganda ham ertak kitoblar o‘qish, …