Bosh sahifa | Mudira minbari | O‘yinlarda mehr izhori

O‘yinlarda mehr izhori

Quyida keltirilayotgan o‘yin-mashqlar korreksion-ta’limiy vazifalardan kelib chiqib tuzilgan. Ularni tashkil etish bilan bolalarda uchraydigan hissiy-emotsional buzilishlarning oldini olish, kichkintoylarning kattalar va tengdoshlari bilan munosabatlarini yaxshilashga erishish mumkin. O‘yin-mashqlar ovutmachoq ko‘rinishida bo‘lib, asosan, bolalar nutqini o‘stirish, ularda ijobiy kayfiyat shakllantirish, bilimlarini mustahkamlash hamda ularni faollashtirish maqsadida tuzilgan. O‘yin-mashqlar ishlanmasi o‘z mazmuniga ko‘ra – rivojlantiruvchi, tuzili­shiga ko‘ra – mujassam, o‘tkazilishiga ko‘ra –
noan’anaviy tarzda bo‘lib, bolalarni aqliy, hissiy, jismoniy, ma’naviy jihatdan yetuk qilib o‘stirishga qaratilgan. Mashqlar tarkibiga rivojlantiruvchi muhit omillaridan foydalanib, ta’limiy, harakatli, mazmunli o‘yinlar kiritilgan. Bolalarga yangi o‘yinni o‘rgatish yoki taklif qilishdan oldin uni o‘zingiz o‘ynab ko‘rsating.

“Kakku” o‘yini
“Kakku” o‘yini bola uchun nafaqat ermak, balki uning miyasi rivojlanishi uchun ham muhim vositadir. Bu o‘yinni turlicha o‘ynash mumkin:
–    ko‘zlarni qo‘l bilan berkitib;
–    yuzga sochiqni bosib;
–    eshik yoki javon orqasiga yashirinib, keyin chiqib;
–    bolaning ko‘zlarini uning qo‘llari bilan berkitib, keyin ochib;
–    o‘yinchoqni choyshab tagiga yashirib, keyin uni chiqarib.
Qo‘lning bosh barmog‘iga odamning ko‘zi, qoshi, og‘zi hamda burnini chizib, uni musht ichiga berkitamiz. So‘ngra musht ichiga ya­shirilgan barmoqni bolaga ko‘rsatib “kakku” deymiz.
Bu o‘yin bola miyasining rivojlanishida zarur bo‘ladigan garmonlar ajralishiga sabab bo‘ladi.

“Emaklab, o‘yinchoqqa bor” o‘yini
Bolangiz emaklay boshlagach, uning bu harakatini o‘yinga aylantirib, rag‘batlantiring:
–    xonaning bir burchagiga o‘yinchoq qo‘yib qo‘ying;
–    polga cho‘kkalab o‘yinchoq tomon emaklang, unga yetib borgach, qo‘lingizga olib, o‘yinchoq nomidan bolani chaqirib, “oldimga emaklab kel” deb ayting;
–    bolani o‘yinchoq tomon emaklashga undang;
–    agar bola yurishga tayyor bo‘lsa, o‘yinchoqni balandroqqa olib qo‘ying, kichkintoy qaddini ko‘tarib, o‘yinchoqqa qo‘lini tekkizishga harakat qilsin.

Inson tanasi to‘qimalaridagi ma’danlar miyada ongli bog‘lamlarning shakllanishi uchun zarur xomashyo hisoblanadi. Agar shu ma’danlar bolada erta ishlab chiqarila boshlansa, ular boshqalarga qaraganda avvalroq emaklash va yurishni o‘rganadilar.

“Mehrimni ol, mehrli bo‘l” o‘yini
Bu o‘yin bolaning mehribon va muloyim bo‘­lib o‘sishiga yordam beradi. Kichkintoy bilan bir­ga polga o‘tirib, yoningizga bolaning yoqtirgan o‘yinchoqlaridan bir juftini qo‘ying. O‘yin­choqlardan birini qo‘lingizga olib, “men sen bilan o‘ynashni yaxshi ko‘raman, sening paxmoq yung­ing menga yoqadi, seni bag‘rimga bosgim kelyapti” kabi erkalovchi so‘zlarni ayting va o‘yin­choqni tebrating. Xuddi shu harakatlarni bolangiz bilan birga qaytaring va so‘zlarni takrorlang.
O‘yinchoqni farzandingizga berib, uni tebratish va erkalashga undang. Bola shu xatti-harakatga ishtiyoq bildirgunga qadar o‘yinni davom ettiraversangiz, tez orada uning mustaqil o‘ynayotganiga guvoh bo‘lasiz. Kichkintoyning yosh xususiyatlarini tushunishga, ularni baholashga harakat qiling. O‘yin kichkintoyning aqliy faoliyati o‘sishiga, ongining rivojlanishiga yordam beradi. Bunday mashg‘ulotlarni farzandlaringiz bilan tez-tez o‘tkazib turing.

Ziyoda AHMEDOVA,
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 388-MTM mudirasi.

Check Also

Kitob yog‘dusi

Kitob bir necha ming yillar avval paydo bo‘lgan eng qadimgi va noyob kashfiyotlardan biri sanaladi. …