Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | O‘ynab o‘rganamiz

O‘ynab o‘rganamiz

Bola tug‘ilgandayoq uni juda ko‘p turli tovushlar o‘rab turadi: odamlarning nutqi, musiqa sadolari, barglar shitirlashi, qushlarning chug‘urlashi va hokazo. Barcha tovushlar ichida kichkintoyning qulog‘i faqatgina muloqot asosi bo‘lib xizmat qiluvchi so‘zlar, nutqiy tovushlarni qabul qilar ekan. Bola ulg‘aygan sari nutqni tinglaydi, so‘z jarangini solishtiradi, farqlaydi, ona tili tovushlarini eshitib, talaffuz etishga urinishni boshlaydi. Eshitilgan so‘zlarga taqlid qilib, takrorlaydi va muloqotga kiri­shishga harakat qiladi. Lekin hamma bolalar ham eshitgan so‘zlarini har doim to‘g‘ri talaffuz qila olishmaydi. Bir tomondan, bo‘g‘inga oid tuzilmani saqlagan holda so‘zdagi mavjud tovushlarni aniq aytish malakasiga ega bo‘lmasa, ikkinchi tomondan, anatomik o‘sib rivojlanmaganlik, ya’ni til muskullarining shakllanmaganligi, jag‘ tishlarining o‘smaganligi, lablarni kerakli holatga keltira olmaslik so‘zlarni yaxshi talaffuz qilmaslikka sabab bo‘ladi.
Tovushlarining hosil bo‘lishida tilning faol ishtiroki va to‘g‘ri holati muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u nutqning aniqligi, undosh tovushlarning ravshan talaffuziga bog‘liq. Nutqning to‘g‘ri rivojlanishi uchun ahamiyatli jihatlardan biri to‘g‘ri nutqiy nafas olishni ta’minlovchi tovush va ovoz tuzilmasining me’yordaligidir. Masalan, ba’zi bolalarning nafasni to‘liq darajada chiqarmaslik natijasida til uchini tebrata olmasligi “R” tovushini noto‘g‘ri talaffuz qilishga sabab bo‘ladi. Nutq o‘stirish jarayoni shakllangan fonematik eshitishiga ham bog‘liq. Bu nutqiy tovushlarni (fonemalar) bir-biridan farqlash, jarangi yaqin bo‘lgan so‘zlarni farqlash (suv-zuv, dars-darz, qars-qarz)ni o‘z ichiga oladi.
O‘zbek alifbosida 23 undosh va 6 unli fonema mavjud bo‘lib, ba’zilarining artikulyatsiyasi bir xil bo‘lgani bilan jaranglashi turlicha: s-z, k-g, d-t. Eshituv idrokining yetarli darajada shakllanmaganligi tovush, bo‘g‘in va so‘zlarning noto‘g‘ri talaffuziga sabab bo‘ladi.
Aytilganlarning barchasidan kelib chiqib, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz etish, so‘zning aniq ohangdorligiga erishish, yaxshi diksiyani shakllantirish nutqiy nafasni o‘stirish, fonematik eshi­tuvni takomillashtirishga oid mashq va o‘yinlarni taqdim etamiz.
Berilgan o‘yin va mashqlar tovushlarni uslubiy me’yorga keltirish va mustahkamlash, tevarak-atrofda mo‘ljal olishni takomillashtirish va lug‘atni shakllantirishga qaratilgan.

YANGI UYGA KO‘CHAMIZ
(stol o‘yini)

Maqsad: bolalarga ko‘rinishi va ishlatilishi bir xil, nomlanishi har xil buyumlarni farqlash­ni o‘rgatish; nutqda tegishli lug‘atni faollashtirish.
Kerakli jihozlar:  Juftli predmetli rasmlar: piyola-krujka, choynak-chovgum, qozon-kostryulka, ro‘mol-dastro‘molcha, telpak-do‘ppi, palto-kurtka, shim-kalta shim, paypoq-golfi, tufli-kalish, qandil-lampochka. Rasmlarni yi­g‘ish uchun qutichalar.
O‘yinning borishi:
Bunda 6-9 nafar bola qatnashadi. Tarbiya­chi har bir bolaga 2-3 ta juftli rasmlarni tarqatadi, masalan, piyola-krujka, choynak-chovgum, ro‘­mol-dastro‘molcha.
Tarbiyachi: – Bolajonlar, bizga yangi uy berishdi. Ko‘chish uchun barcha narsalarni hozirlashimiz kerak. Avval idishlarni joylashtiramiz, siz menga bu ishda yordamlashasiz. Men aytgan narsalar rasmini berasiz. Ko‘p buyumlar bir-biriga o‘xshash, ularni adashtirib yubormay aytganimni bering. Men ularni qutiga joylashtiraman.
Tarbiyachi barcha juftli predmetlardan bittasining nomini aytadi, masalan, chovgum. Bola adashib choynak rasmini ko‘rsatsa, rasm o‘zida qoladi.
O‘yinning oxirida bolalarda rasmlar qolishi kerak emas. Kimda rasmlar qolib ketsa, u yutqazgan hisoblanadi.
Nutqda tegishli lug‘atni faollashtirish maqsadida tarbiyachi bolaga qutidan rasmlarning bitta juftini olishni va uning nomini aytishni taklif qiladi. Ikkinchi juft nomini esa qolgan bolalar aytishadi.

MEN TASVIRLAYMAN, SEN TANIB OL!

Maqsad: buyumning belgilarini farqlash­ga o‘rgatish, kuzatuvchanlikni rivojlantirish.
Kerakli jihozlar: predmetli rasmlar: kapalaklar, ayiqchalar, koptoklar, qalamlar. Bir xil predmetlarda har xil belgisi mavjud rasmlar majmuasi.

O‘yinning borishi: tarbiyachi qo‘g‘irchoqlar rasmini namoyish qilib, tushuntiradi: “Bu rasmda oltita qo‘g‘ir­choq tasvirlangan. Bir qarashda ular bir xildek, lekin diqqat bilan qarasangiz ular o‘rtasida farq bor”.

  • Ularning yuz tuzilishi bir xil, ko‘zlarining rangi qanday?
  • Sochidagi tasmaning ranglari-chi?
  • Bittasining rangi qizil, ikkinchisiniki sariq, ko‘k, yashil, pushti rangda.
  • Qo‘lida nimalar bor?
  • Gullar, pufakchalar, chelak.
  • Tugmachalar soni, rangi.

Diqqat bilan qarab tinglang va savolimga javob bering.
– Bu qizchaning soch turmagida qizil tasma bor, ko‘ylagining rangi pushti, qo‘lida esa ikkita qizil gul bor. Qaysi qizni tasvirlab berdim?
Qo‘g‘irchoqlarni tasvirlab, bolalar diqqati avval umumiy bo‘lgan belgilarga qaratiladi (ko‘zlar rangiga, bo‘ylariga), so‘ng esa uchta qora sochli qo‘g‘irchoqlarga, undan so‘ng ikkita bir xil belgili (qo‘lida guli boriga), nihoyat bitta belgili qo‘g‘irchoqni topish taklif qilinadi. (Ko‘ylagida ikkita tugmacha bor).
Doskaga chaqirilgan bola qaysi qo‘g‘irchoq tasvirlanganligini aytadi. Qo‘g‘irchoqning tagiga qalam bilan belgi qo‘yadi. Shu tarzda 10-12 nafar bola tasvirlanayotgan qo‘g‘irchoqlarni, kapalaklarni, koptoklarni topib olishlari kerak.

“KAMALAK JILOSI” O‘YINI

Maqsad:

1. Kamalak jilosining ranglari haqidagi bilimlarni mustahkamlash va ketma-ketligini o‘r­gatish.

2. Raqqosa qizlarga ko‘ylak, do‘ppining rangi haqida so‘zlab berishni o‘rgatish.

Kerakli jihozlar:

1. Ko‘ylagi va do‘ppisining siluetlari kesilgan yetti nafar raqqosa qizlarning tasviri tu­shirilgan uzun konvert.

2. Yetti xil rangdagi to‘g‘ri to‘rtburchakli qog‘ozlar (qizil, to‘q sariq, sariq, yashil, moviy, ko‘k, binafsha).

3. Kamalak tasviri.

Tarbiyachi ko‘ylagi va do‘ppisining siluetlari kesilgan yetti nafar raqqosa qizlarning tasviri tushirilgan uzun konvertni bolalarga namoyish qilib, ertakni so‘zlab beradi.
TarbIyachI: – Yetti nafar raqqosa qizlar kamalakni ko‘rib qolishibdi. Ammo osmonda kamalak yo‘qolganidan so‘ng ranglar tartibini esdan chiqarib yuborishibdi. Bolalar, kelinglar, qizlarga ranglarni topishda yordam beramiz. Mana bu yerda xuddi shu ranglar bor, ularni o‘z o‘rniga tartib bilan qo‘yishga ko‘maklashamiz.

Kichkintoylar navbatma-navbat konvertlarga ranglarni qo‘yib chiqishadi. Qo‘yilgan ranglar ketma-ketligi kamalak tasviriga qarab solishtiriladi. Bolalardan so‘raladi. Birinchi raq­qosa qizning ko‘ylagi qizil rangda, ikkinchisiniki to‘q sariq rangda, uchinchi qizning ko‘ylagi sariq, to‘rtinchi qizning ko‘ylagi ya­shil, beshinchi qizning ko‘ylagi moviy, oltinchi qiz­ning ko‘ylagi yashil, yettinchi qizning ko‘y­lagi binafsha rangda.
Shu tarzda bolalarga ranglarni bir-biridan farqlashni o‘rgatamiz.

Oybarchin MAHMUDOVA,
TSHXTXQTMOI “Maktabgacha,
boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi
katta o‘qituvchisi.

Check Also

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma …