Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | O‘ynab o‘rgangan oson!

O‘ynab o‘rgangan oson!

Ma’lumki, pedagogik texnologiya, bu — o‘qitish va bilimlarni o‘zlashtirish jarayonida ta’lim shakllarining samaradorligini oshirish usulidir. Yangi pedagogik texnologiyalarni ingliz tili ta’lim tizimiga kiritish, tatbiq etish, qiziqarli usullardan foydalanish o‘zining samarasini bermoqda. Zamonaviy pedagogik texnologiyalar hozirgi kunda maktabgacha ta’lim muassasasi uchun o‘quv jarayonining zaruriy va asosiy komponentiga aylanib bormoqda.
MTMda ingliz tilini muloqot quroli sifatida shakllantirishda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish zarurati interaktiv usullarning samaradorligini, kerakli bilim va ko‘nikmalarni egallashda ahamiyatli ekanidan dalolat beradi. Ta’limni motivlash o‘quv faoliyatini tashkil qilish­da muhim ahamiyat kasb etadi. U tafakkur faollashishiga, tanqidiy mushohada yuritishga, ingliz tili lug‘at boyligining ortishiga sabab bo‘ladi. MTMda ingliz tilini o‘rgatishda bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini faollashtirish, ularning yangi materialni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda maqsadga erishishni ta’minlovchi ta’lim usullari kuchli motivlashtiruvchi omildir.

Hozirgi vaqtda bolalarning ingliz tilidagi lug‘atini o‘zaro muloqotlar orqali rivojlantirishda shaxsiy munosabatlarni hisobga olib, o‘qituvchi va o‘quvchilar guruhi (o‘qituvchi-o‘quvchi, o‘quvchi-o‘quvchi) faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarur. Chunki guruhdagi faoliyatlar o‘quvchiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zaro muloqot esa bolada fikr almashish va so‘zlashuv malakasini shakllantirishga imkon yaratadi.

Ma’lumki, rolli o‘yinlar obyektiv olamdagi inson amaliy faoliyatini shartli ravishda aks ettirishda, ta’lim samaradorligini oshirishda juda muhim ahamiyatga ega. Rollarga asoslangan o‘yinlar bolaning ingliz tilidagi lug‘atini faollashtiradi va motivlashtiradi. Shuningdek, o‘yin ta’lim usuli sifatida o‘quvchilarni birlashtiradi va bilim imkoniyatlarini kengaytirib, shaxs sifatida shakllantiradi. Bu o‘yinlar bolaning erkin fikrla­shi, suhbatdoshiga nimanidir aytishi, undan so‘­rashi va tushuntirishiga imkon beradi. “Dialogdan farqli o‘laroq, rolli o‘yinlar nimaga?” (motiv) va “nima uchun?” (maqsad, sabab) kabi savollarga javob beradi. Shunday qilib, o‘yinda qatnashayotgan o‘quvchilarning asosiy diqqati suhbat mazmuniga qaratiladi. Tarbiyalanuvchilar o‘yin jarayonida suhbatni boshlash, suhbatdoshiga savol berish va javob berish kabi malakalarni o‘rganishadi. Tarbiyalanuvchilar o‘yinni aniq maqsadga yo‘naltirgan holda amalga oshirsa, kutilgan natijaga erishishi mumkin. Bolalar ingliz tilidagi so‘z boyligini boyitish davomida mustaqil fikrlashga, izlanuvchanlikka va umumlashtirishga undovchi usullardan foydalanishga ahamiyat qaratishadi. Ularni yangi material bilan tanishtirishda, oldin o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlashda va so‘z boyligini oshirish, tafakkurini rivojlantirishda didaktik o‘yinlardan foydalanish mumkin. O‘quvchilar bilan individual tarzda shug‘ullanish va topshiriq berish ular qobiliyatining o‘sishini ta’minlaydi. Tarbiyalanuvchilar diqqatini topshiriqning eng muhim va murakkab jihatiga qaratish, ularning qiziqishlarini oshirish joiz.

Check Also

“Yo‘l harakati shahri”ga sayohat

Bolaning katta hayotga qadam qo‘yishi, avvalo, oiladan, ota-ona tarbiyasidan boshlansa, maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiyaga yordamchi …