Bosh sahifa | Onalar maktabi | O`z-o`ziga baho berish

O`z-o`ziga baho berish

Ota-onalar orasida turli savollar iskanjasida qoladiganlari ko’p uchraydi: “Nega mening bolam qo’shnimning bolasi kabi hayotdan zavq olib, o’ziga ishongan holda o’smayapti?”, “Nega uning tengqurlari tezda do’st orttiradi-yu, ammo u yolg‘iz bir joyda o’tirishni afzal biladi?”, “Nega bolamning o’ziga nisbatan ishonchi yo’q?” Bu kabi savollarga javobni bolaning o’z-o’ziga baho berishidan topish mumkin.
Albatta, bolaning o’z-o’ziga baho berishi uning voyaga yetayotgan oilasi va atrof-muhitning qandayligiga bog’liq. Masalan, ko’pincha tushkun kayfiyatda, muammolar qurshovida yuradigan, faqat ish haqida o’ylaydigan ota-onaning farzandi o’ziga past baho beradigan bo’ladi.
Oiladagi sog’lom muhit va bolaning kattalar tomonidan qo’llab-quvvatlanishi, yutuqlarining e’tirof etilishi uning ishonchini oshirib, o’ziga nisbatan to’g’ri baho berish ko’nikmasini shakllantiradi. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, har ikkala vaziyat ham bolaga turlicha ta’sir etishi mumkin. O’ziga ishonchi bo’lmagan bolaning kelajakda biror yutuqqa erishishi, o’zini anglay olishi mushkul. Shuningdek, hamisha maqtovlar qurshovida o’sgan bolada o’ziga ishonch hissi juda kuchayib, manmanlikka olib kelishi, shaxsiy munosabatlarda esa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
“Men”
Uch yoshli bolada allaqachon o’z “men”i shakllana boshlab, barcha ishlarni “o’zim qilaman” degan ishonch paydo bo’ladi. Buyurilgan va o’zi qilishi kerak bo’lgan yumushlarni bajarar ekan: “Mening qo’limdan keladi, ko’rdingizmi?!”, “Qarang, buni men o’zim qildim” tarzida maqtanishni ham yodidan chiqarmaydi.
Ota-onalar maktabgacha yoshdagi farzandining o’ziga bo’lgan ishonchi va baho berishi, imkoniyatlaridan foydalana olish qobiliyati bilan ko’proq qiziqqanlari ma’qul, chunki u o`qishga borganda, maktab hayotida o’ziga adekvat baho bera olishi kerak. Bu nafaqat uning yangi do’stlar orttirishiga, balki o’quv mashg’ulotlaridan qo’rqmasligiga ham yordam beradi.
Keling, shu o’rinda o’z-o’ziga baho bera olish belgilarini ko’zdan kechiramiz.
O’ziga past baho beradigan bolalar:
– tashvishli;
– o’ziga ishonchi yo’q;
– yig’loqi va arazchi;
– qo’rqoq va har narsadan yomonlik kutadi;
– o’zini omadsizman deb o’ylaydi;
– beqaror, yangi muhitga moslashishi mushkul;
– yangi odamlar bilan tanishishi qiyin;
– boshqalarning yutug’ini baholay oladi, ammo o’zining maqsadlarini anglamaydi.
O’ziga adekvat baho beradiganlar:
– odatda, o’ziga ishongan;
– boshqalardan bemalol yordam so’ray oladi;
– qaror qabul qilish qobiliyatiga ega;
– o’z xato va kamchiliklarini anglaydi, tan oladi, tuzatishga harakat qiladi;
– his-tuyg’ularini oshkor etishdan uyalmaydi;
– o’zi va boshqalarni qanday bo’lsa, shundayligicha qabul qiladi.
O’ziga yuqori baho bera oladigan bolalar esa:
– har sohada faqat o’zini haqman deb hisoblaydi;
– boshqa bolalarni o’z ortidan ergashtirishga harakat qiladi;
– o’z kamchiliklarini hisobga olmay, boshqalarning xatolarini e’tirof etaveradi;
– o’ziga nisbatan ko’proq e’tibor berishlarini istaydi;
– istaklari amalga oshmaganida juda qattiq ranjiydi va buni bemalol oshkor etadi;
– minnatdorlik hissi unchalik muhim o’rinda emas deb hisoblaydi.

Bolaning o’ziga qanday baho berishini quyidagi test orqali bilish mumkin: bolaga rasmdagi pog’onalarni ko’rsating va unga birinchi 3 pog’ona (yashil, ko’k va siyohrang)dagi bolalar aqlli, odobli, mehribon, ota-onasining aytganini qiladigan, kuchli ekanini, oxirgi 3 pog’ona (qizg’ish, sariq va och saring rang)da esa quloqsiz, odobsiz va kattalarning doim jahlini chiqaradigan, kuchsiz bolalar turishini, o’rtadagi qizil pog’onada turuvchilar esa oddiy bolalar hisoblanib, ularni yaxshi ham, yomon ham deb bo’lmasligini tushuntiring. So’ngra unga quyidagi savollarni bering:
1. Sen o’zingni qaysi pog’onada deb bilasan?
2. Yaqinlaring-chi? Ular (buving, bobong, ota-onang, ustozlaring va h.k.) seni qaysi pog’onaga qo’ygan bo’lishardi?
Javoblar quyidagicha tahlil etiladi:
Xo’sh, farzandingiz o’zini qaysi pog’onadaman, deb hisobladi?
Birinchi pog’ona. Agar bolangiz o’zini yuqori pog’onaga qo’ygan bo’lsa va boshqalar ham uni aynan shu darajada hisoblashadi, deb o’ylasa, demak, sizning farzandingiz kichik maqtanchoq bo’lib o’smoqda.
Ikkinchi pog’ona. Ushbu pog’onadagi bolalar o’zining ayblarini oqlashga doimo sabab topa oladilar. Masalan, “Men yaxshi bolaman, lekin har doim ham oyimga qarasholmayman, chunki charchab qolaman” va shunga o’xshash bahonalar.
Uchinchi pog’ona. Bu pog’ona bolaning o’ziga adekvat baho bera oladigan qadami bo’lib, bunda bola o’z xato va kamchilik, tanlovlarini tushuntirishga qodir. Masalan, “Men yaxshi bolaman, chunki oyimga doim yordam beraman”, “Men aqlliman, shuning uchun otamning aytganlarini bajaraman”.
To’rtinchi pog’ona. Ushbu pog’onadagi bolalar: “Men yaxshi ham, yomon ham bo’laman, oyimni aytganini qilganimda – yaxshi, ukamga baqirganimda – yomon bolaga aylanib qolaman…” tarzida bo’ladi. O`zini ushbu pog’onada hisoblaydigan bolalar ishonchsiz va kuchiga tayanmaydigan, qo’llab-quvvatlashga muhtojdirlar.
Beshinchi va oltinchi pog’ona. Bu pog’onadagilar boshqalar ham meni aynan shu darajaga qo’yadi deguvchi, o’ziga past baho beruvchilardir. Ularning xayolida faqat “Men bu ishni xato qilib qo’ydim”, “Bog’cha va uyda meni doimo urishishadi” kabi fikrlar aylanadi. Biror ishni boshlashda aynan mana shu xildagi fikrlar unga xalaqit beradi.
Yettinchi pog’ona. O’zini ushbu pog’onada deb hisoblaydigan bolalar o’ziga eng past baho beruvchilardir. Ular: “Men yomon bolaman, hech kimga keragim yo’q, atrofimda do’stlarim kam”, deb o’ksinadi. Bu damda ular aynan ota-onasining ko’magiga muhtoj bo’ladi.
Muhim tamoyillar:
Bolaning o’ziga munosib baho berishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
• Mas’uliyat. Avvalo, bolani kundalik ishlardan aslo cheklamang, u (3 yoshdan keyin) sizga oddiy uy ishlarida yoki o’zining xonasini tartibga keltirishda ko`maklashishi mumkin. Albatta, ko’p yumush bilan uni qiynab qo’ymang. Uni yoshligidan biror ishga javobgar qilib qo’ying. Shu tarzda farzandingizda mas’uliyat hissini tarbiyalash maqsadga muvofiq.
• Tashabbus. Bolangizga har bir bajargan vazifasi uchun rahmat ayting, uni maqtang. Garchi o’g’il-qizingiz ishni qoyil qilmagan bo’lsa-da, uning qo’l mehnati bilan yasagan buyumi yoki tayyorlagan salatini tahsinga loyiq deb hisoblang.
• Xatolar. Hatto kattalar ham ba’zan adashib turishlarini farzandingizga uqtiring. Uning qilgan nojo’ya ishini chiroyli qilib, “Yomon emas, ammo bunday qilganingda yana ham yaxshi bo’lardi, aqlli bolalar bunaqa yo’l tutgan bo’lar edi” tarzida tushuntirish mumkin.
• Tahlil. Bolaning har bir fikrini inobatga olgan holda, xato va kamchiliklarini birgalikda muhokama qiling. Faqat kamchiliklari emas, yutuqlari haqida ham uzoq suhbatlashing.
Psixolog Galina Smislovaning fikricha, yaqinlari uni yuqori pog’onaga arziydi, deb hisoblashini biladigan bolalar yanada yaxshiroq natijaga erishishga harakat qilar ekan. Har qanday savolga “bilmadim” deb javob berguvchi bolajonlarni esa kattalar qo`llab-quvvatlashi, ularning o’zini baholay olishiga yordam berishi kerak. Bu borada esa multfilm qahramonlari va o’yinchoqlardan ham foydalanish mumkin. Bunda bola qo’g’irchog`ining qanday ekanini tasvirlasin: uning tashqi ko`rinishini emas, balki insoniy sifatlari va xarakterini baholasin. Unutmang, har qanday vaziyatda ham bola uni qo’llab-quvvatlaydigan, yuqoridagi pog’onalarning eng yaxshisiga munosib ko’radigan yaqinlari borligini his qilsa, bu uning ruhiyatiga faqat ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Sevara MUSAYEVA tayyorladi.

Check Also

Ertak aytishni o`rganing (ota-onalar uchun)

Hammamiz bolaligimizdan turli-tuman ertaklar tinglab katta bo‘lganmiz. Ba’zilarimiz balog‘at yoshiga yetganda ham ertak kitoblar o‘qish, …