Bosh sahifa | Mohir qo‘llar | O‘zimiz yasaymiz

O‘zimiz yasaymiz

Kichkintoylar o‘z qo‘li bilan turli xil buyumlarni, hayvonlarni yasashni juda ham xush ko‘rishadi. Bunday mashg‘ulotni ota-onalari, tarbiyachilari yoki do‘stlari bilan birga bajarish esa ularga olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Bolalar o‘z qo‘li bilan biror nima yasash jarayonida o‘zi rang tanlaydi, ishga bor diqqati va mehrini berar ekan, uning ijodkorlik qobiliyati rivojlanadi, dunyoqarashi kengayadi, yasayotgan narsasini yaqindan o‘rganadi.
Qurish-yasash ishlarida plastilin, rangli qo­g‘oz, turli xil ip, qalam yoki flomasterlardan foydalanish mumkin. Keling, ularning ba’zilaridan foydalanib, bolajonlarga turli xil hayvonlarni yasashni o‘rgatamiz. Dastlab, plastilindan shilliqqurt yasaymiz. Bunday ajoyib hayvonni yasash jarayoni qiziq kechishi va natija ham kutilgandek bo‘lishi aniq.
Dastavval, shilliqqurt tanasini yasab olamiz. Buning uchun plastilindan uzunchoq shakl yaratiladi. Uzun shaklning bosh tomoni dum qismiga qaraganda yo‘g‘onroq bo‘lishiga e’tibor qarating. Siz tana uchun plastilinning istalgan rangidan yoki rasmda ko‘rsatilgan rangdan foydalanishingiz mumkin.
So‘ngra shilliqqurtimizning ko‘zlari hamda shoxchalarini yasaymiz. Shoxlar shilliqqurt tanasi rangidagi, ko‘zlarning birinchi qavati oq, ikkinchisi qora rangli plastilindan tayyorlanadi.
Uchinchi bosqichda, hosil qilingan ko‘z va shoxlar shilliqqurt tanasiga yopishtiriladi. Hamda tana quyida rasmda ko‘rsatilgandek tiklanadi.

Endi navbat shilliqqurt chig‘anog‘iga! Dastlab shar, keyin ishlov berilgach, uzun shakl hosil qilinib, u aylana holiga keltiriladi.
Eng so‘nggi bosqichda tayyorlangan chi­g‘a­noq avval yasab qo‘yilgan shilliqqurt tanasiga yopishtiriladi. Shu bilan bizning ajoyib-u g‘aroyib shilliqqurtimiz tayyor!