Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Pedagogik texnologiya afzalliklari

Pedagogik texnologiya afzalliklari

Ta’lim-tarbiyaning samarasini ta’minlash uchun, albatta, tarbiyalanuvchining yoshini va qiziqishlarini inobatga olishimiz zarur. Chunki bolaga bilim berish jarayonida uning yoshini, imkoniyatlarini, qiziqishlarini inobatga olmay turib, kutilgan natijaga erisha olmaymiz. Kichkintoy uchun soddaroq bo‘lgan narsalarni tu­shuntirish va bu narsalarni iloji boricha rang-barang, yorqin ranglarda, o‘yinlar, pedagogik texnologiyalar, ertaklar orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bola ulg‘aygan sari unga berilayotgan bilimlar hajmi ham, murakkablik darajasi ham oshib boraveradi. Bosqich­ma-bos­qich beriladigan ta’lim kichkintoyning mu­s­tahkam bilimga ega bo‘lishida muhim omil bo‘­ladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasiga kichkintoylarni jalb qilishda mamlakatimizda shanba-yak­shanbalik bog‘chalar ham tashkil etilgan. Bunday muassasalarda bolalar yoshiga qarab guruhlarga ajratiladi. MTMga to‘liq qatnashi uchun ma’lum ma’noda zamin hozirlanadi. Chunki ba’zi bir bolalar boshqalariga qaraganda tez chiqisha olmaydigan, injiq yoki indamas bo‘lishadi, bu turdagi bolalarning ijtimoiy muhitga moslashishi uchun, eng avvalo, tarbiya­chi ular bilan yakka tarzda shug‘ullanishi kerak. Kichkintoyni sekin-astalik bilan jamoaga qo‘shish usul va yo‘llarini izlashi, buning u­chun u bolaning xarakterini, qiziqishlarini va unga yoqadigan faoliyat turlarini yaxshilab o‘r­ganib, tahlil qilib olishi kerak. Yig‘ilgan materiallarga asoslangan holda bola bilan ishlashda turli metodlarni, pedagogik texnologiyalarni qo‘llash samarali natija beradi.
Pedagogik texnologiya, bu – pedagog tomonidan qo‘llaniladigan ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi uslublar yig‘indisi hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda o‘quv maqsadlariga erishishni kafolatlaydigan o‘quv jarayoni loyihalashtiriladi va amalga oshiriladi. Texnolo­gik yondashuv, eng avvalo, tasvirlash emas, balki loyihalashtirilgan natijalarni amalga oshi­rish imkonini beruvchi amaliy ko‘rsatmali tuzilmada o‘z ifodasini topadi.

Pedagogik texnologiyalarni qo‘llashning bir qator afzalliklari mavjud bo‘lib, ular quyidagilar:

  • ta’­lim samaradorligini oshiradi;
  • bola qiziqishlarini kuchaytiradi;
  • ta’lim mazmunini yaxshi o‘zlashtirishga xizmat qiladi;
  • motivatsiyaning yuqori darajada bo‘lishini ta’minlaydi;
  • o‘tilgan mashg‘ulotni yaxshi o‘zlashtirish­ga yordam beradi;
  • tarbiyalanuvchilarning mustaqil fikrlay olish qobiliyatining shakllanishiga olib keladi.

Maqsadga yo‘naltirilganlik, oraliq natijalarni tashxisli tekshirib borish, ta’limni alohida o‘qitish lavhalariga ajratish kabi usullar hozirgi kunga kelib qayta-qayta takrorlash mumkin bo‘lgan ta’lim texnologiyasi g‘oyasida mujassamlashgan.

Bundan tashqari, pedagogik texnologiyalar o‘z ichiga quyidagi omillarni qamrab oladi:

  • ta’limda umumiy maqsadning qo‘yilishi;
  • tuzilgan umumiy maqsaddan aniq maqsadga o‘tish;
  • o‘quvchilarning bilim darajalarini dastlab­ki (tashxisli) baholash;
  • bajariladigan o‘quv tadbirlar majmuasi (bu bosqichda o‘quvchilar bilan muloqot asosida ta’limga joriy tuzatishlar kiritilishi lozim);
  • natijani baholash.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ta’limda texnologik yondashuv bolaning o‘zlashtirish darajasini, dunyoqarashini sezilarli darajada o‘z­gar­tiradi. Shu bilan birga ta’lim jarayoniga qiziqishining ortishiga xizmat qiladi.

D. RAHIMJONOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU magistri.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …