Bosh sahifa | Yangi pedtexnologiyalar | Portfolio – imkoniyat izlash

Portfolio – imkoniyat izlash

Portfolio yig‘ish zamonaviy baholash usullaridan biri hisoblanib, bu usul bola shaxsiga yo‘naltirilgan metodlardan biridir.
“Portfolio” so‘zi italyan tilidan tarjima qilinganda “mutaxassis papkasi” ma’nosini beradi.
Portfolio – yutuq, imkoniyat va muvaffaqiyatlarni namoyish etishga mo‘ljallangan ishlar majmuyidir. Shuningdek, portfolio tarbiyachi uchun har bir bolaning ma’lum davrda erish­gan yutuqlarini baholash va saqlab qolish usuli. Tarbiyalanuvchi uchun esa kichkintoyning intilishi, rivojlanishi va yutuqlarini yuzaga chiqaruvchi ishlar va natijalar to‘plami.
Portfolio yig‘ishdan asosiy maqsad – tarbiyachi va bolaga barcha imkoniyatlarini namoyon qilishga sharoit yaratish, rivojlanishiga ko‘­maklashishdir.
Portfolio tuzishda, albatta, bolaning familiyasi, ism-sharifi, portfolio boshlanishi va tugatilish muddati ko‘rsatiladi. Portfolio bola yoki tarbiyachiga qilayotgan ishlarini yig‘ib borish orqali ularga yana qaytish imkonini beradi. Bunda bola yoki tarbiyachi keyingi vazifalarni bajarayotganda o‘ylashga va yanada takomillashtirishga imkoni bo‘ladi. Ushbu metodda birinchi qoralama ishlar ham yakuniy ish sifatida qabul qilinadi.
Ta’lim portfoliosi
•    Tarbiyachi e’tiborini tarbiyalanuvchi bilgan va qila oladigan narsalarga qaratadi.
•    Pedagog bahosidan e’tiborni o‘zini-o‘zi nazorat qilish va baholashga o‘tkazadi.
Shunda portfolio bir nechta vazifani bajaradi:
•    diagnostik (ma’lum vaqt mobaynida tarbiyalanuvchining bilim darajasi oshishini va o‘zgarishini o‘lchaydi);
•    maqsadli (tarbiyalanuvchi ta’lim jarayonida aniq va muhim maqsadlarni tushunadi);
•    mazmunli (kichkintoyga bajarayotgan ishining ma’nosini anglatadi);
•    rivojlantiruvchi (yildan-yilga o‘rganish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi);
•    motivatsion (pedagog, bola ota-onasining birgalikdagi faoliyatini rag‘batlantiradi);
•    reytingli (tarbiyalanuvchining shaxsiy yutuqlarini nisbiy va asliy miqdorda aniqlashga imkoniyat beradi);
•    refleksiv (tarbiyalanuvchilarni o‘z rivojini baholashga yetaklaydi, ya’ni o‘ziga baho berish va o‘z ishini tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi).
Portfolio yaratishning uch bosqichi:
–    tarbiyalanuvchining barcha ishlari yig‘iladi;
–    tarbiyalanuvchining eng yaxshi ishlari tanlab olinadi;
–    ta’limning samarasini namoyish qilish uchun alohida ishlar tanlanadi.
Bolalar portfoliosining bo‘limlari
Bu bola tomonidan aniq bir muddat mobaynida bajarilgan ishlar yig‘indisidir. Ushbu portfolio bola haqida umumiy ma’lumot: uning xarakteri, iqtidori, hayotiga tegishli turli voqealar, chizgan rasmlarini, tarbiyachi tomonidan yozib borilgan bolaning hikoyasini, so‘z va sonlarni yozishga harakat qilgandagi ishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Bundan tash­qari, ushbu yig‘ma jild bolaning fikr va mulohazalarini namoyon etishi, tajriba qilib o‘rganilgan yozuvlarni va uning faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlarni qamrab oladi.
Bolalar portfoliosining taxminiy bo‘limlari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:

Portfolioning qismlari

Bolaning portfoliosi uch qismdan iborat bo‘lishi mumkin: “hujjatlar”, “ishlar”, “bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi fikrlar”.
Hujjatlar qismiga faoliyatdagi shaxsiy yutuqlar kiradi, ya’ni ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlarda ishtirok etganligi haqidagi hujjatlar (yorliq, diplom va guvohnoma kabilar). Bu bola erish­gan natijalariga asliy va nisbiy baho berish imkonini beradi.
Ishlar qismi, bu – bolaning ijodiy, tajriba va loyiha ishlarining to‘plami, uning o‘quv va ijodiy faoliyat yo‘nalishlarining ifodasi. Portfolioning bu qismi belgilangan parametrlar orqali baho berishga ko‘maklashadi: materiallar to‘liqligi, ishonchliligi, tanlangan yo‘nalishga mosligi, ta’lim va ijodiy faoliyat dinamikasi, qiziqish yo‘nalishi va boshqalar.
Bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi fikrlar qismi – bolaning turli faoliyatga bo‘lgan munosabati haqida pedagoglar, ota-ona va boshqalar tomonidan berilgan tavsifnoma hamda tarbiyachining bola faoliyatiga va natijalariga bo‘lgan munosabatining yozma tahlili (test xulosalari, rezyume va boshqalar). Portfolioning bu qismi o‘ziga-o‘zi baho berish mexanizmlarini ishga tushiradi, bu esa o‘rganish jarayonlarini tushunish darajasini oshiradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, baholashning kuzatish va qayd qilish, portfolio usullari maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishini aniq o‘rganishimizda yaqindan yordam beradi.

Zulxumor RAHMONQULOVA,
MTMXQTUMORO‘MM bo‘lim boshlig‘i.

Check Also

Bolalarga qum bilan chizish san’atini o‘rgatish

Maktabgacha bo‘lgan davr – bolaning uni o‘rab turgan olam bilan tanishish va bilish davri hisoblanadi. …