Bosh sahifa | Qarorlar

Qarorlar

O‘ zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QARORI
1995 – yil 13 – aprel , № 127.
“Sog‘lom avlod uchun” jurnalini tashkil etish to‘g‘risida

Ma’naviy va jismoniy barkamol avlodlarni tarbiyalash hamda bu umumdavlat ahamiyatiga molik vazifani amalga oshirishda aholining keng ishtirokini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi muassisligida va Germaniyaning “Germed” firmasi muassisligida Xalq ta’limi vazirligi nashri bo‘lgan “Maktabgacha tarbiya” jurnali negizida 1995-yil 1-sentabrdan boshlab o‘zbek tilida oylik ilmiy-tarbiyaviy, ommabop, bezakli “Sog‘lom avlod uchun” jurnalini ta’sis etish va unga noshirlik huquqini berish haqidagi ularning taklifi qabul qilinsin.
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi “Sog‘lom avlod uchun” jurnalini belgilangan tartibda ro‘yhatga olsin.
  • “Sog‘lom avlod uchun” jurnalining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
  1. milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, o‘tmish merosimizning eng yaxshi an‘analarini hamda shakllanib kelayotgan yangi udumlarni aholining barcha tabaqalariga yetkazish;
  2. xalqimiz genofondini sog‘lomlashtirish, ma’naviy va jisman barkamol insonni tarbiyalash oila, davlat va jamiyatning mushtarak maqsadi ekanligini keng targ‘ib qilish;
  3. ta’lim-tarbiya, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish.
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bir oy muddat ichida: hammuassis bilan birgalikda jurnal tahririyati ishini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy texnik masalalarni hal qilsinlar va o‘zlarining moddiy-moliyaviy ulushlari miqdorlarini aniqlasinlar: jurnal rahbariyati va tahrir hay’atini tasdiqlasinlar.
  • “Sog‘lom avlod uchun” jurnalini nashr etish harajatlari muassislar va hammuassis ajratgan, shuningdek obunachilardan va sotuvdan, noshirlik faoliyatidan tushgan mablag‘lar hisobiga qoplanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  • “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasining xodimlariga berilgan imtiyozlar “Sog‘lom avlod uchun” jurnalining mas’ul xodimlariga ham tatbiq etilsin.
  • Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar va madaniyat bo‘limiga yuklansin.

Vazirlar Mahkamasining raisi
I. Karimov.