Qizil olma

Ertak

Chekka qishloqlarning birida er-xotin ya­shagan ekan. Ularning farzandi yo‘q ekan. Kunlarning birida er bozordan u-bu narsa xarid qilib, uyiga qaytayotganida yo‘lda devga duch kelibdi. Dev unga:
– Bilaman, farzandsizsan, mana buni ol. Uyga borganingdan so‘ng uni teng ikkiga bo‘l­gin-da, yarmini o‘zing, ikkinchi yarmini xotining yesin. Egizak farzand ko‘rasizlar deb, – qo‘liga bir dona qizil olma beribdi. O‘sha kuni dev unga farzandlari ulg‘aygach, birini olib ketishini ham aytibdi. Er uyiga borgach, yo‘ldagi voqea haqida xotiniga gapirmabdi. Kechki ovqatdan so‘ng, cho‘ntagidagi olmani olibdi-da, dev aytganday ikkiga bo‘lib, yarmini o‘zi, ikkin­chi yarmini xotini yebdi.
Oradan kunlar, kunlar ketidan oylar o‘tibdi. Oilada egizak o‘g‘il tug‘ilibdi. Egizaklar pahlavon yigitlar bo‘lib yetishibdi. Ular o‘n oltiga to‘lganlarida bir kuni kech­qurun to‘satdan eshiklari qattiq taqillabdi. Otasi tashqariga chiqsa, olma bergan dev turganmish. Shartni eslab o‘g‘illarini yoniga chaqirib, bo‘lgan voqea­ni so‘zlab beribdi. Shartga binoan, u egizaklardan birini devga berib yuborishi kerak ekan. Otasining ahvolini tushungan bolalar “men boraman, yo‘q men boraman”, deyishibdi. Husan Hasanga qaraganda ancha baquvvat, chayir, ko‘ngli ochiq ekan. Shuning uchun otasi Husanni devga qo‘shib yubormoqchi bo‘­libdi. Ketar payti o‘g‘liga: “O‘g‘­lim, dev seni bekorga olib ketmayapti. Undan ehtiyot bo‘l”, – deb tayinlabdi.
Dev Husan bilan yuribdi. Yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Tog‘-u toshlar, cho‘l-u biyobonlar, bir necha daryolarni kechib o‘tishibdi. Nihoyat, bir qo‘rg‘onga yetib kelishibdi. Qo‘rg‘on ichida katta-katta chinorlar, uylar bor emish. Dev Husanni bir xonaga joylashtiribdi. Bu yerda har kuni qozon qaynar ekan. Dev esa qozondan tamaddi qilib, qayergadir borib kelarkan. Oradan bir necha kun o‘tgach, dev Husanni yoniga chaqirib:
– Kelgin, quvlash o‘ynaymiz, – debdi. Husan rozi bo‘libdi.
– Sen qochasan, men quvaman, – debdi dev.
– Yo‘q sen qochasan, men quvaman deya javob beribdi Husan.
Dev bunga ko‘nmay:
– Chinorga birinchi bo‘lib chiqqin, – deb qaynab turgan qozon tepasidagi chinorni ko‘r­satibdi.
– Yo‘q, sen avval chiqasan, so‘ngra men, – debdi Husan.
Ularning gaplari qovushmay, orada janjal chiqibdi va bir-birlariga tashlanishibdi. Baland bo‘yli, ayni kuchga to‘lgan Husan devni charchatibdi. Payt poylab, uni dast ko‘tarib, qaynab turgan qozon ichiga tashlab yuboribdi. Dev o‘lgach, uning qirqta kalitini topib olibdi-da, qo‘rg‘onni aylanib chiqibdi. Xonalardan odamlarning najot so‘ragan ovozlari eshitilayotganmish. Darhol birinchi xonani ochibdi. Xonadagi bolalar o‘zlaricha “sen semiz, men oriq”, deya bahslashayotgan emish. Dev ularni onalaridan ajratib olib, yeyish uchun alohida boqayotgan ekan. Husan ikkinchi xonani ochibdi. U xonada yetti-sakkiz yoshlardagi qizlar bor emish. Bular ham “sen semiz, men oriq”, deb bahslashayotgan ekan… Xullas, qirqta xonada turli yoshdagilar, faqat “sen semiz, men oriq”, deyishib, bir-birlari bilan tortishayotganmish. Husan xonalarni ochib, mahbuslarni bir joyga yig‘ibdi. Bo‘lgan voqeani ularga aytib, bolalarni onalariga, xotinlarni erlariga qaytaribdi. Balog‘atga yetgan qizlarni yigitlarga nikohlab beribdi. Natijada qo‘rg‘on o‘rnida katta bir qishloq paydo bo‘libdi. Qishloqqa Husanobod deb nom qo‘yibdilar. Husanning o‘zi qishloqqa oqsoqollik qilibdi. Chiroyli, aqli raso, go‘zal qizga uylanibdi, shirin-shakar farzandlar ko‘ribdi. Qishloq ahli ariqlar qazib, qishloqqa suv chiqarib, dehqonchilikni rivojlantiribdi. Uy-joylar qurishibdi. Biroq Husan o‘z qishlog‘i, ota-onasi va akasi Hasanni juda sog‘inibdi. U hamma ishlarni o‘z joyiga qo‘y­ganidan so‘ng, o‘rniga dono bir kishini oqsoqol etib tayinlab, bola-chaqasi bilan ona qishlog‘i tomon yo‘l olibdi.
O‘g‘lini dev bilan birga qo‘shib yuborganidan so‘ng, ota va onasi ko‘p yillar intizorlik bilan yo‘lga qarabdilar. Husandan darak bo‘lavermagach, undan umidlarini uzishib, farzand dog‘ida zor-zor yig‘lashib, ko‘zlari ojiz bo‘lib qolibdi. Hasan ham bir amallab, tirikchilik qilib, ota-onasi va farzandlarini boqib yuribdi. Husan ota-onasining oldiga kelib:
– Men Husanman, sog‘-salomat keldim, – deganidan so‘ng ota-onasi yig‘lab u bilan ko‘­rishibdi.
– Bolam, – deyishibdi ular, – sening ko‘­yingda yig‘layverib, ko‘zlarimiz ko‘rmay qoldi. Bukchayib, holdan toydik.
Husan ham ko‘zyoshlarini tiyolmay ota-onasini bag‘riga bosibdi. Ularning ko‘zlariga choponining etagini surtgan ekan, o‘sha zahoti ko‘zlari ochilib ketibdi.
Bu xursandchiliklar evaziga to‘y-u tomo­shalar berishibdi. Chol-kampir o‘z o‘g‘illari, kelinlari, nevara va evaralari bilan baxtli hayot kechirib, murod-maqsadlariga yetibdilar.

Habibulla G‘afur.

Check Also

Antuan de Sent-Ekzyuperining tarbiyachilarga maslahati

Men tarbiyachilarni huzurimga chaqirib, ularga qarata dedim: –    Sizlarning vazifangiz murg‘ak qalblardagi insonni poymol etib, …