Quvnoq tilcha

Mashg‘ulotning maqsadi: tarbiyalanuvchilarning bilimlarini mustahkamlash; ularning nutqini rivojlantirish; bolalarning so‘z boyligini oshirish, to‘g‘ri, aniq, ravon o‘qish ko‘nikmasi va malakasini shakllantirish; bog‘lanishli nutqni rivojlantirish; eshitgan hikoyasini qayta so‘zlab berish va so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘rgatish.
Mashg‘ulotning vazifasi: bolalarda mavzuga nisbatan qiziqish uyg‘otish; ularda hikoyani tinglash, so‘zlab berish asosida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, kengaytirish.

Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: – Biz til orqali bir-birimiz bilan suhbatlashamiz, ko‘nglimizdagi kechinmalarni ifodalaymiz. Har bir xalqning o‘z tili bor. Til so‘zlardan, so‘z esa harflardan tuzilgan. So‘zlarni jamlab, fikrimizni bayon etamiz. Hozir sizga “Quvnoq tilcha” haqida so‘zlab beraman, tinglaysizmi?
BOLALAR: – Albatta.
TARBIYACHI: – Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir tilcha bo‘lgan ekan. U O‘zbekiston degan go‘zal va maftunkor diyorda yashar ekan. U 32 ta tish orasida kun kechirar ekan. Quvnoq tilcha har kuni bog‘ga sayrga chiqar, chunki u juda quvnoq va sho‘x ekan. Har safar sayrga chiqqanida 29 ta harf-do‘stidan ayrimlarini birga olib chiqib, ular bilan birgalikda chiroyli so‘zlarni yasar ekan. Masalan, O, N, A harf-do‘sti bilan sayrga chiqqanida, “ONA” so‘zini, G,U,L harflari bilan esa “GUL” so‘zini yasar ekan.
– Bolajonlar, keling endi, biz ham tilimizni gapirtiramiz. “VATAN” so‘zini hosil qilish uchun quvnoq tilchaga qaysi harf-do‘stlari yordam berishi kerak ekan?

Bolalarga turli harflar ko‘rsatilib, “VATAN” so‘zini hosil qilish topshirig‘i beriladi.

TARBIYACHI: – Men hozir bir necha harflarni ko‘rsataman, sizlar esa ularning qaysi harf ekanini aytasizlar. Endi harflarni talaffuz qilaman, so‘ngra birgalikda qanday so‘z hosil bo‘lishini ko‘ramiz. Tushunarlimi?
BOLALAR: – Ha.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, bu qaysi harf ?
BOLALAR: –“O”.
TARBIYACHI: – Bunisi-chi?
BOLALAR: – “N”.
TARBIYACHI: – So‘nggi harfimiz-chi?
BOLALAR: – “A”.
TARBIYACHI: – Demak, bizning quvnoq tilchamiz qaysi so‘zni yasadi?
BOLALAR: – “ONA” so‘zini.
TARBIYACHI: – Barakalla.

Lug‘at: ona, ota, Vatan, gul, olma, non.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, keling, birgalikda ismlarimizni “Quvnoq tilcha” va uning do‘stlari yordamida aytib ko‘ramiz. Xo‘sh, Azizaning ismida “Quvnoq tilcha” nechta do‘stidan foydalanadi? A, Z, I, Z, A – xo‘sh, nechta harf yordam berdi?
BOLALAR: – A, Z, I, Z, A – beshta
TARBIYACHI: – Bolalar, tilimizga “A” harfi necha marta yordam berdi?
BOLALAR: – Ikki marta.
TARBIYACHI: – To‘g‘ri, endi Sardorning ismiga “Quvnoq tilcha”ning nechta do‘sti yordam berishini ko‘ramiz. S, A, R, D, O, R – bolalar, ayting-chi, nechta harf yordam berdi?
BOLALAR: – Oltita.

Ushbu mashg‘ulotni bajarishda tarbiyachi xattaxta va markerdan foydalanadi.

TARBIYACHI: – Bolajonlar, bizning tilimiz quvnoqmi yoki jahldormi?
BOLALAR: – Quvno-o-o-o-o-q!
TARBIYACHI: – Barakalla! Bolajonlar, agar biz yomon so‘zlarni aytsak, tilimiz quvnoq emas, jahldor, yomon tilga aylanadi. Shunday ekan, tilimiz faqat chiroyli va yaxshi so‘zlarni gapirsin, xo‘pmi?
BOLALAR: – Xo‘p.
TARBIYACHI: – Endi, men sizlarga bir topishmoq aytaman. Diqqat bilan tinglang:
“Qadim zamonlarda bir podshoh bo‘lgan ekan. Kunlardan bir kuni u dunyoda ham shirin, ham achchiq narsa bormikan, deb o‘yga tolibdi va mulozimlariga: – Menga ham shirin, ham achchiq narsa nima ekanini bilib kelinglar, – debdi. Mulozimlar yo‘lga tushibdi, yo‘lda bir onaning yig‘lab turganiga duch kelishibdi va buning sababini so‘rashibdi. Ona shunday javob beribdi: – Bir og‘izdan ham yaxshi, ham yomon so‘z chiqadi. Inson shirinso‘z, mehribon bo‘lsa, yor-do‘stlari ko‘p bo‘ladi. Agar aksincha bo‘lsa, bor do‘stidan ham ayriladi. Mening yig‘laganim sababi bolamning tili “Onajon” deb chiqdi, bu quvonch yoshlari, – debdi. Shunda mulozimlar ham achchiq, ham shirin narsa til ekanini tushunishibdi va podshohga javobini aytishibdi”.
– Qani bolajonlar, mulozimlar anglagan narsa nima ekan?
BOLALAR: – Til.
TARBIYACHI: – Ofarin, javobingiz to‘g‘ri.

Mashg‘ulot yakunida tarbiyachi bolalarni rang-barang kitobchalar bilan rag‘batlantiradi va har bir bolaga o‘z ismida qatnashadigan harflarni oq qog‘ozga yozib, uni bo‘yab kelish vazifasini beradi.

Bolalarning bugungi olgan bilimlarini mustahkamlash uchun savollar:
1. Bizning Vatanimiz qayer?
2. O‘zbek tilida nechta harf bor?
3. Insonda nechta tish bo‘lar ekan?
4. “Olma” so‘zini yasash uchun “Quvnoq tilcha”ga nechta harf yordam beradi?
Surayyo SANAYEVA,
Navoiy davlat pedagogika instituti “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi

Check Also

Fidoyingman, O`zbekiston! (musiqiy mashg`ulot)

(Katta va o‘rta guruh tarbiyalanuvchilari uchun mashg‘ulot ishlanmasi) Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarni milliy ohanglarni idrok etishga …