Bosh sahifa | Bolalar sporti | Shaxmat-hayot modeli

Shaxmat-hayot modeli

Farzandlarimizning aqlan va jismonan sog‘lom, ruhan tetik bo‘lib voyaga yetishi yurtimiz ertangi kuni, istiqbolini belgilab beradi. Bugungi kunda yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodga katta e’tibor qaratilgan. Ularning ta’lim, madaniyat va sport sohasida ilg‘or bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan va yaratilmoqda. Ayniqsa, maktabgacha yoshdagi bolalarni sportga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda “Maktabgacha ta’lim muassasalarida shaxmat to‘garaklarini keng joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha” o‘quv seminarining tashkil etilgani ham fikrimizning yaqqol ifodasidir.
Seminarda Xalq ta’limi vazirligi Bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Alimov, Maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i Sabohat Mirdjalilova, Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi direktori Komil Sindarov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Xalq ta’limi boshqarmalari hamda Toshkent shahrining tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi yo‘riqchi-uslubchilari ishtirok etishdi.
Seminar davomida murabbiylar tomonidan tarbiyachilarga avvalo, shaxmat sport turi haqida ma’lumot berilib, ushbu o‘yinni o‘ynash qoidalari o‘rgatildi. Seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad – har bir maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi tarbiyachi va ota-onasi ustozligida shaxmat o‘yinini o‘zlashtirib olishi; turli xil musobaqalarda tengqurlari bilan bellasha olishi; shaxmat taxtasidagi turli donalarning qanday nom bilan atalishi va uning vazifasi nimadan iborat ekanini bilib olishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda yurtimizda shaxmat bo‘yicha 32 ta bola O‘zbekiston va jahon chempioni hisoblanadi. Mana shunday to‘garaklarning maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda joriy etilishi yuqoridagi ko‘rsatkichning yanada ildamlashiga sabab bo‘ladi. Tarbiyachi ustozlar va ota-onalar hamkorlikda bolani shaxmat o‘yiniga qiziqtirishsa, samara faqat ijobiy bo`ladi, – deydi Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi direktori Komil Sindarov.
Ravshan Shukurov, oliy toifali murabbiy:
Bugungi kunda yurtimizda shaxmatni o‘rganish uchun bolalar 4–5 yoshdan qabul qilinadi. Bu yoshda bola hamma narsaga qiziquvchan bo‘ladi. “U nima?” “Bu nima?” kabi savollarni berishdan charchamaydi. Shaxmat o‘yini bolaning mana shunday savollariga javob beruvchi sport turlaridan biri hisoblanadi. U bola xotirasini mustahkamlaydi, jozibador yurishlar esa uni o‘ziga mahliyo qilib qo‘yadi. Shaxmat bolani sabrli va mulohazakor bo‘lishga o‘rgatadi. Bu sport turiga “hayot modeli” deb ta’rif berish mumkin. Hayotda juda qiyin vaziyatlarga duch kelamiz. Bu qiyinchiliklar shaxmat taxtasida ham yuz beradi. Mana shu shaxmat taxtasi ustida kechadigan qiyinchilikni yenga olgan bola haqiqiy hayot yo`lidagi muammolarni ham yenga olishga qodir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur sport turi bola hayoti va uning tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Ota-onalar va tarbiyachilar bolada shaxmatga nisbatan qiziqish uyg`otishlari va albatta uning qiziqishlari bilan hisoblashishni, unga ko‘proq e’tiborda bo‘lishni unutmasliklari kerak. Bolaga shaxmatni o‘rgatish jarayonida o‘yin texnikasini uning o‘z tilida tushuntirgan yaxshi. Masalan, bola uchun o‘yinni she’riy tarzda ifodalash kabi. Bola shaxmat taxtasida harakatlanuvchi shaxmat donalarining yurish qoidalarini bir yoki ikki oyda o‘rganishi kabi ma’lumotlar tarbiyachilarga eslatma tarzida aytib o‘tildi. Shuning uchun bilish texnikasini avvalo, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglari o‘zlashtirib olishlari va bolaga o‘rgatishlari kerak.
Shaxmatga asosan, sport turi sifatida qaraladi, lekin bu sport turini san’at turiga ham qiyoslash mumkin. Uning jozibasi nafaqat o‘yinchini, balki kuzatuvchini ham o‘ziga jalb etadi. Shaxmat maktabida o‘qiydiganlarni “iqtidorlilar” deyishadi. Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabida ham mana shunday 300 ga yaqin iqtidorli bolalar ta’lim olishadi.


Nilufar MURODOVA