Bosh sahifa | Ta'lim samaradorligi | Shaxs kamolotining muhim me’zoni

Shaxs kamolotining muhim me’zoni

Tarbiya tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsad­ga yo‘naltirilgan hamkorlik jarayonidir. Tarbiyaning maqsadi har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirishdan iborat. Tarbiya mazmuni deganda, qo‘yilgan maqsad va vazifalar bilan bog‘liqlikda tarbiyalanuvchilarning egallashi lozim bo‘lgan bilim, malaka, shaxs sifati va xarakteri, xulq-atvor tizimi tushuniladi.
Tarbiyaning umumiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
– tarbiyalanuvchilarning maqsadga yo‘naltirilgan rivojlanishi hamda ularning qator ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoit yaratish;
– jamiyat rivoji uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy madaniyatga mos yetarlicha hajmdagi “inson kapitali”ni tayyorlash;
– madaniyatlarni uzatib turish orqali ijtimoiy hayotning barqarorligini ta’minlash;
– ma’lum jins yoshi va ijtimoiy-kasbiy guruhlarning qiziqishlarini hisobga olgan holda ijtimoiy munosabatlar doirasida jamiyat a’zolarining harakatini tartibga solish.
Tarbiya jarayoni – tarbiyaviy ishlar, tadbirlarning doimiy harakatdagi zanjiridan iborat. Tarbiyaviy tadbirlar turli xil moddiy va ma’naviy ehtiyojlarga javob beruvchi, tarbiyaviy maqsadlarning yagona majmuasiga bo‘ysundirilgan, bir-biri bilan o‘zaro hamkorlik qiluv­chi, o‘zida bir butun ta’limni ko‘zda tutgan tarbiyaviy ta’sir majmuidir. Tadbirlar, tarbiyaviy ishlar tarbiya jarayonining bir bo‘lagidir. Tarbiyaviy ish tarbiyalanuvchilarning muayyan faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi shakldir. Uning asosiy xususiyati – zaruriylik, foydalilik va tatbiq etish imkoniyatidan iborat.
Tarbiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilarda yorqin namoyon bo‘ladi:
– maqsadga yo‘naltirilganlik. Tarbiya jarayoni – natijasi jamiyat uchun foydali shaxsni shakllantirishga qaratilgan maxsus tashkil etiluvchi, boshqariluvchi va nazorat qilinuvchi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning birgalikdagi faoliyati. Boshqacha aytganda, mazkur jarayon qo‘yilgan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning o‘za­ro hamkorligidir;
– ko‘p qirrali jarayon. Tarbiya jarayoni ko‘p­lab obyektiv va subyektiv omillarga bog‘liq. Subyektiv omillar bolaning ichki ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lsa, obyektiv omillar tarbiyaviy vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishga yordam beradigan bola yashaydigan muhit sharoitlari bilan tavsiflanadi;
– uzoq muddat davom etish. Pedagogikada tarkib topgan qonuniyatga ko‘ra tarbiya jarayoni inson tug‘ilganidan boshlab umrining oxirigacha davom etadi;