Bosh sahifa | Ruhiyat manzili | Sukut saqlash oqibatlari

Sukut saqlash oqibatlari

Bir maromda aytilgan so‘z yoki yaqin insonning sukut saqlashi ba’zida har qanday o‘shqiriqdan ko‘ra qalbni kuchliroq jarohatlashi mumkin. Rad qilinish, ya’ni xuddi ko‘rinmas odamdek e’tibordan qolishni his qilish juda og‘ir. Publitsist Peg Stripning fikricha, bunday xatti-harakatni zo‘ravonlik, deb baholash mumkin. U bolalikda “tinch” verbal zo‘ravonlikka uchrash, katta bo‘lgach, albatta, o‘zining salbiy oqibatini ko‘rsatishini ta’kidlaydi.

“Yoshligimda o‘zimni ko‘rinmas odamdek his qilardim. Onam tushlikka nima yeyishni xohlashimni so‘rardi-da, keyin umuman boshqa ovqatni pishirib berardi. “Qorning ochmasmi?” – deb so‘raganida, “yo‘q” deb javob berganimga qaramay, oldimga ovqatni qo‘yar, agar tanovul qilmasam, xafa bo‘lar yoki jahl qilardi. Agar qizil oyoq kiyimni istasam, havo rangini xarid qilardi. Mening fikrim onamni umuman qiziqtirmasligini juda yaxshi bilardim. Katta bo‘lgach esa, o‘z tanlov va fikrlarimga nisbatan ishonchim yo‘qolib qolganini angladim”.
Mana shunga o‘xshash gaplarni tez-tez bo‘lmasa-da, eshitib turamiz. Ko‘pchilik verbal zo‘ravonlik jismoniy zo‘ravonlikka qaraganda kamroq jarohatlaydi, degan noto‘g‘ri tasavvurga ega. Bundan tashqari, verbal zo‘ravonlikda inson jahl bilan baqiradi, o‘zini nazorat qila olmaydi va g’azabdan jazavaga tushadi, deb o‘ylaydi. Lekin har doim bunday holat kuzatilmaydi.
Sukut saqlash
Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, verbal zo‘ravonlikning yomon ko‘rinishlaridan biri bu “tinch” verbal zo‘ravonlikdir. Sukut saqlash kamsitish va masxara qilishning eng samarali usullaridan biri. Savolga nisbatan jimlik yoki lahzalik javob tufayli bola o‘zini keraksizdek his etadi.
“Tinch” verbal zo‘ravonlikning oqibatlari turli xil bo‘lishi mumkin. Masalan:
— bolaning rivojlanib kelayotgan miyasidagi salbiy o‘zgarishlar;
— o‘z-o‘zini tanqid qilish odatining shakllanishi, o‘z fe’l-atvoridagi kamchilik, xato va omadsizliklarni doim o‘ylab yurish;
— past hissiy intellekt, o‘zini tutish va hissiyotlarini nazorat qilish bilan bog‘liq muammolar;
— sog‘lom ijtimoiy aloqalar o‘rnatishga qarshilik qiluvchi zararli odatlarga bog‘lanib qolish.
“Tinch” verbal zo‘ravonlikning bir necha ko‘rinishi mavjud bo‘lib, ularning har biri bolaga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bunday ko’rinishlarning salbiy ta’siri nafaqat bolalikda, balki katta bo‘lganda ham o‘z ishini qiladi.
1. Ota-onaning e’tiborsizligi: ko‘rinmas odam
Odatda, bolalar o‘zini o‘rab turgan olam va undagi munosabatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni asosan onasidan qabul qiladi. Mehribon va ziyrak ona tufayli bola qadrli va e’tiborga loyiq ekanini anglay boshlaydi. Bu o‘z-o‘ziga xolis baho berishga asos bo‘ladi. Kuyinchak ona farzandiga o‘z xatti-harakati bilan “sen qanday bo‘lsang, shunday yaxshisan” deganday bo‘ladi. Bu esa kichkintoyning dunyoni bilishida kuch va o‘ziga ishonch bag‘ishlaydi. Onasi tomonidan doim tanqidga uchragan, rad etilgan bola hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi, u beqaror va zaif bo’ladi.
Psixolog Edvard Tronikning qariyb qirq yil oldin o‘tkazgan “Hissiz yuz” tajribasi orqali e’tiborsizlik go‘daklar va kichik yoshli bolalarga qanday ta’sir qilishini bilishimiz mumkin. Tajriba o‘tkazilayotgan paytda chaqaloqlar 4–5 oyligida onasi bilan deyarli munosabatga kirishmaydi, deb hisoblanilar edi. Tronik go‘daklar onasining so‘zlari, tabassumi va harakatlarini qay tarzda qabul qilishini videotasmaga yozib oldi. Jarayon davomida onaning yuz ifodasi hissiz bo’lishi lozim bo‘lgan. Shunda go‘daklar bunday holatni odatiydek qabul qilishgan, ammo biroz vaqtdan so‘ng chinqirib yig‘lay boshlashgan.
Yosh bolalar bilan ham xuddi shu hol qaytarilgan. Ular ham volidasi diqqatini odatiy yo‘llar bilan jalb qilishga harakat qilishgan, biroq onasining e’tiborsizligiga teskari qarab o‘tirishgan. Muloqot qilishdan qochish seni rad qilishayotgani, sevishmayotgani haqidagi hisni tuyishdan ko‘ra yaxshiroq.
Onalari yana tabassum qilishganida, tajriba guruhidagi bolalar o‘zlariga kela boshlagan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bu tezlik bilan amalga oshmagan. Agar bolaga har kuni nopisandlik bilan qaralsa, bu uning rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Unda psixologik adaptatsiya mexanizmi shakllanadi va bu umri davomida bolani tark etmaydi.
2. O‘lik jimlik: javob yo‘q
Bola nuqtayi nazaridan savolga nisbatan jimlik rad etilishga juda o‘xshab ketadi, biroq bunda hissiy oqibatlar boshqacha. Tabiiy ta’sirlanish jimlik saqlayotgan insonga nisbatan g‘azab va umidsizlik beradi. Umuman olganda, bolaning savollariga javob bermaslik munosabatlarning eng zararli ko‘rinishi hisoblanadi.
Bunday holat oilaviy munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Jon Gottman juftlik orasidagi munosabatlar tugaganidan darak beruvchi asosiy belgi ekanini ta’kidlaydi. Hatto, katta inson juftining javob bermayotganidan qanchalik qayg‘uga tushadi. Endi tasavvur qiling – o‘zini himoya qila olmaydigan go‘dak buni qanday qabul qilishi mumkin?! O‘z-o‘ziga baho berishga nisbatan yetkazilgan ziyon aynan o‘zini himoya qila olmaslikka asoslanadi. Bundan tashqari, bolalar ota-onasining e’tiborini qozona olmaganida o‘zlarini ayblashadi.
3. Ranjitadigan jimlik: nafratlanish va masxaralash
Ovozni baland ko‘tarmay turib, masalan, oddiy imo-ishoralar, mimika va shunga o‘xshash noverbal xatti-harakatlar (ko‘zni g‘ilay qilish, kishini xafa qiladigan kulgi) orqali ham insonning nozik qalbiga jarohat yetkazish mumkin.
4. Gazlayting
Gazlayting (ruhiy bosim) inson shaxsiy idrokining obyektivligiga nisbatan ikkilanish bilan qarashga majbur qiladi. Gazlayting hayqiriqni talab qilmaydi – shunchaki qandaydir vaziyatning aslida bo‘lmaganini ma’lum qilsa bo‘lgani. Bolalar va ota-ona o‘rtasidagi munosabat avvaldan noteng bo‘ladi, shuning uchun gazlaytingni qo‘llash oson kechadi.
Bunda bola o‘zini ahmoq deb hisoblay boshlaydi, shuningdek, shaxsiy his-tuyg‘u va kechinmalariga nisbatan ishonchni yo‘qotadi. Keyinchalik, albatta, bularningsalbiy oqibatlari kuzatiladi.
5. “Sening foydangni ko‘zlayapman”: keskin tanqid
Ba’zi oilalarda qattiq va tinch verbal zo‘ravonliklar bolaning fe’l-atvoridagi va o‘zini tutishidagi kamchiliklarni tuzatish zarurati bilan asoslanadi. Har qanday xatolik hamda sinchiklab o‘rganib qilingan keskin tanqidlar bolaning maqtanmasligi, o‘zini kamtar tutishi, uyda kim bosh ekanini anglashi bilan tushuntiriladi.
Shunga o‘xshagan gaplarning barisi kattalarning qo‘pol muomalasini yashirish uchun aytgan bahonalari sanaladi. Ota-onalar o‘zlarini tabiiy, tinch tutgan holda farzandini tanqid qiladilar, go‘yo bularning hammasi uning foydasiga. Biroq kichkintoy o‘zini mehr va e’tiborga noloyiq deb hisoblay boshlaydi.
6. Butkul jimlik: maqtov va daldaning mavjud emasligi
Sukut saqlash baholash juda mushkul ish, zero, u bola psixikasida tubsiz jarlikni hosil qiladi. Kichkintoyga u nima uchun muhabbat va e’tiborga loyiq ekanini tushuntirish kerak. Bu bolaga ovqat, suv va havodek muhim.
7. Sukunatdagi sharpalar: zo‘ravonlikning qabul qilinishi
Bola uchun mittigina dunyoda u bilan kechayotgan hodisalar hamma yoqda yuz berayotgandek tuyuladi. Ba’zida bolalar “yomon” bo‘lgani uchun verbal zo‘ravonlikka loyiq ekanini aytishadi. Bu g‘amxo‘rlik qilayotgan insonlariga ishonmay qolishdan ko‘ra yaxshiroq. Shu orqali nazorat illyuziyasi shakllanadi.
Bunday bolalar hatto katta bo‘lganlarida ham ota-onasining xatti-harakatlarini qabul qilishi yoki uni bir necha sabablarga ko‘ra tabiiy va odatiy deya hisoblashi mumkin. Xoh u ayol bo‘lsin yoki erkak, ularni sevishi kerak bo‘lgan insonlardan faqat ozor ko‘rganini anglashi juda qiyin.

Adolat NURULLAYEVA tayyorladi.