Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Suv tomchisi: sovuqda muz, issiqda bug‘…

Suv tomchisi: sovuqda muz, issiqda bug‘…

Maqsad: suv haqida ma’lumot berish. Uni asrashga, isrof qilmaslikka o‘rgatish. Suvning xu­susiyatlari bilan tanishtirish, amaliyotlar o‘t­kazish, suratlar orqali ishlash.
Jihozlar: suv, qor, muz, bug‘ aks ettirilgan suratlar, choynak (suv qaynatish uchun), oyna.
Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolalar, men bugun o‘zim bilan qor olib kelgan edim, bilmaysizlarmi, u qayerga g‘oyib bo‘ldi?
Bolalar: – Erib ketdi.
Tarbiyachi: – Ha, xonamiz issiq bo‘l­gani uchun qor erib suvga aylanib qolibdi. Suv sovuq tufayli qorga va muzga ham aylanar ekan. Agar suvni qaynatib ko‘rsak qanday holatga keladi?
Bolalar: – Bug‘ga aylanadi.
Tarbiyachi suvni choynakda qaynatadi va bolalarga undan chiqayotgan bug‘ni kuzatishlarini aytadi. Suv qaynaganda baqir-buqir tovush chiqarishi, pufaklar hosil bo‘lishi kuzatiladi. Tarbiyachi qaynayotgan suvning ustiga oynani qo‘­yadi va uning ustida hosil bo‘lgan suv tomchilarini bolalarga ko‘rsatadi.
Tarbiyachi: – Bolalar, oynada nima hosil bo‘ldi?
Bolalar: – Suv tomchilari.
Tarbiyachi: – To‘g‘ri, bug‘ suvdan iborat. Sizlar uyingizda ham uni kuzatganmisizlar?
Bolalar: – Ha, choy va ovqat qaynaganda bug‘ chiqishini kuzatganmiz.
Tarbiyachi: – Juda to‘g‘ri. Men sizlarga tomchi haqida ertak aytib beraman. Ertak qahramonlarini suratlar orqali ko‘rsataman.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bitta tom­chi bo‘lgan ekan. Mana bunday.

Tomchi onasi, singlisi va ukasi bilan yashar ekan. Bir kuni ular o‘ynab yurishganda, birdan kuchli bo‘ron turib, qattiq sovuq tushibdi. Shamol tomchilarni osmonga uchirib yuboribdi. Tomchilar tepaga chiqqan sari sovuqdan muzlab, qorga aylanib qolishibdi. Qorga aylangan tomchilar yengil bo‘lib, yana yerga tushishibdi. Tomchi ukasi, singlisi bilan yerga yaqinlashganda, shamol boshlanibdi. Qor parchasiga aylangan tomchilar shamol ta’­sirida muzga aylanib qolishibdi. Muzlab qolgan tomchilar o‘zining bu holatidan zerikib o‘tirganida, zum o‘tmay bulutlar orasidan quyosh mo‘ralabdi.

Quyosh nuri muzlarni eritib, tomchilarni o‘z holatiga qaytaribdi.

Bundan quvongan tomchilar issiq quyosh nuridan bug‘ga aylanib onalarining oldiga chi­qibdilar.

Durdona MAHMUDOVA,
Toshkent shahar PKQTMOI “Maktabgacha,
boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi tabiat fani o‘qituvchisi.

Check Also

Xayr bog‘cha – salom maktab

Maktabga tayyorlov guruhlari uchun bayram ssenariysi Bog‘cha sahnasi bayramona bezatilgan. Devorda atrofi gullar bilan bezatilgan …