Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Tabiat qo‘yniga sayohat

Tabiat qo‘yniga sayohat

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar faoliyatini tashkil etishning turli xil shakllaridan foydalanib kelinmoqda. Mashg‘ulotlarni tabiat quchog‘ida tashkil qilish samarali natija beradi. Jumladan, o‘rgatish jarayonida har xil usullardan foydalanish (ko‘r­gazmali, amaliy, so‘zlashuv) maqsadga muvofiqdir.
O‘rgatish usulida bilish, o‘rganish hamda atrofni o‘rab turgan olamga nisbatan bo‘lgan tarbiya shakllantiriladi.
Ko‘rgazmali usul. Kuzatish, rasmlarni ko‘z­dan kechirish, modellashtirish, kinofilm, diafilm, deapozitivlarni ko‘rsatish kabi tadbirlar mazkur uslubga mansub. Ko‘rgazmali usullar maktab yoshidagi bolada tabiat to‘g‘risidagi aniq tasavvurni shakllantirishga yordam beradi.
Amaliy usul. Bu asosan o‘yindan iborat bo‘lib, o‘yin davomida o‘tkaziladigan elementar tajribalar tabiatda sodir bo‘ladigan hodisalar va alohida olingan predmetlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro aloqani o‘rnatish yo‘li orqali bolalarda vujudga kelgan tasavvurni aniqlashtirishga yordam beradi.
So‘zlashish usuli. Bu usulda tarbiyachi tabiat va undagi tirik organizmlarning bir-biri bilan aloqasi to‘g‘risida suhbatlar tashkil qiladi. So‘zlashish usuli kichkintoylarda tabiatga nisbatan ijobiy his-tuyg‘uni shakllantiruvchi vositadir.
Kichkintoylarni ekologik tarbiyalash jarayonida turli xil usullarni jamlagan holda, bir-biri bilan uyg‘unlashtirib olib borish kerak.
Bola bilishi kerak bo‘lgan tabiat va tabiat hodisalarining xilma-xilligi ham o‘z navbatida turli xil usullardan foydalanish­ni taqozo etadi. Masalan, uyda o‘sadigan o‘simliklarning hayot kechirish tarzi ularni parvarishlash, suv quyish, tagini yumshatish kabi harakatlarni kuzatish davomida, qor va muzning xossalari esa ular bilan turli xil tajriba va o‘yinlar o‘tkazish orqali o‘rganiladi.
Yovvoyi hayvonlar to‘g‘risidagi bilim badiiy adabiyotlarni o‘qish, tarbiyachi hikoyalari, yumshoq va yelimli o‘yinchoqlar, yovvoyi hayvonlarning rangli rasmlarini ko‘rsatish yordamida shakllantiriladi. Tarbiyachi o‘z hikoyalarida yovvoyi hayvonlar qanday qilib o‘zlari ya­shayotgan muhitga mosla­shishlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishi shart.
Tabiatni, atrofdagi olamni bilishda uni kuzatish­ga katta e’tibor qaratiladi, chunki kuzatish ekologik tarbiyaning asosiy usuli hisoblanadi. Kuzatishdan maqsad buyumlarning ichki va tashqi tuzilmalari, sifati va xossalari, mavsumiy o‘zgarishlarning sabablari (o‘simlik va jonivorlar)ni aniqlash va o‘rganib borishdir.
Kuzatish maktabgacha yoshdagi bolalarga tabiatning turli xil ko‘rinishlari, rango-rangligini tabiiy sharoitda o‘rganish imkoniyatini beradi. Tabiatda kechadigan ko‘pgina hodisalar va o‘zgarishlarni kuzatish unchalik ko‘p bilim talab qilmaydi. Tevarak-atrofdagi o‘zaro bog‘lanish va munosabatlar tabiatni tu­shunishga, uni bilishga yordam beradi.
Atrof-olamni kuzatish estetik va ekologik taassurotlarning bitmas-tuganmas manbayi hisoblanadi va bolalar kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tarbiyachi tomonidan kuzatishning turli xil usullari qo‘llaniladi. Masalan, bog‘chalarda har xil o‘simlik va jonivorlar, jonsiz tabiat obyektlari, ularni aniqlash uchun kuzatuvning o‘rganish usulidan foydalaniladi. Bu usul o‘z navbatida bolalarda tabiat to‘g‘risida yorqin, jonli tasavvurlarning to‘planishiga sabab bo‘ladi.
Bolada tabiatdagi mavsumiy o‘zgarishlar, o‘simlik va jonivorlarning o‘sishi va rivojlani­shi to‘g‘risidagi taassurotlarning shakllani­shiga yordam beruvchi kuzatishlardan ham foydalaniladi. Kuzatish davomida hodisalarni alohida belgilar yordamida aniqlash zarur. Masalan, rangiga qarab mevaning pishgan yoki pishmaganligini, xona o‘simliklari rangining o‘zgarishi, yerga tushgan urug‘ga qarab qaysi daraxt mevasi ekanligini aniqlash kabilar. Yoz va kuz fasllarida bolalarga mevali daraxtlarning mevalarini ko‘rsatish maqsadida oromgohlarga borish, ekskursiyalar uyush­tirish natijasida ular qish faslida tol, terak, chinor, akatsiya, safora kabi daraxtlarning barg va mevalari tushib ketganligiga qaramasdan qaysi daraxt ekanligini aniqlay ola­dilar.
Kuzatishlar yakka tartibda yoki 3-6 kishidan iborat bo‘lgan kichik guruhlar bilan, ba’zida butun guruh bilan o‘tkaziladi. Mash­g‘ulotlarda kichkintoylar kattalar mehnati hamda jonivor va o‘simliklarni kuzatishlari mumkin. Bu vaqtda bolalar bilan ishlash kichik guruhlar tarzida yoki frontal ravishda tashkil qilinadi.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …