Bosh sahifa | Ekologik ta'lim | Tabiatni asrasang, u seni asraydi

Tabiatni asrasang, u seni asraydi

(yoxud bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish)

Toshkent shahar Shayxontohur tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 445-maktabgacha ta’lim muassasasida “Bolalarda ekologik madaniyatni tarbiyalashda ajdodlar merosini o‘rganish hamda bolalarda ekologik tarbiya madaniyatini shakllantirish” mavzusida namunaviy mashg‘ulot o‘tkazildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad kichkintoylarning ekologik bilimini shakllantirish, ko‘rgazmali qurollardan foydalangan holda ularning ekologik tasavvurlarini kengaytirish, o‘zlari sahnalashtirib namoyish qilgan muammoli vaziyatlarni o‘zlari tahlil qilib kerakli xulosalarni chiqarishga o‘rgatish. Bundan tashqari, tadbirga taklif qilingan ko‘plab bog‘cha tarbiyachilarining mazkur namunaviy mashg‘ulotni tomo­sha qilib, o‘zaro fikr almashishlari, keyinchalik mana shunday ijodiy yondashilgan mashg‘ulotlarni o‘zlarining muassasalarida ham uyushtirishlari ko‘zda tutilgan.
–    Ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish maqsadida tumanimizda uslubiy birlashma tashkil etilgan bo‘lib, mazkur birlashma sakkizta yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab olgan. Shulardan biri bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirishdir. Unda asosiy vazifamiz kichkintoylarga yoshligidan tabiatni asrash, atrofni iflos qilmaslik tushunchalarini singdirish va shu bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning o‘zaro tajriba almashishlari uchun ijodiy muhit yaratish hisoblanadi. Tumanda muntazam ravishda bir oyda har xil yo‘nalishlarda bir qancha mana shunday namunaviy mujassam mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bunday mash­g‘ulotlarda tumanimizdagi 43 ta maktabgacha ta’lim muassasalaridan biriktirilgan pedagog xodimlar ishtirok etishadi, — deydi Shayxontohur tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining maktabgacha ta’lim bo‘limi uslubchisi Dilnoza Hamidova.
Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi, desak adashmagan bo‘lamiz. Unda bolajonlar, tarbiyachilar, hakamlar alohida jonbozlik ko‘rsatishdi. Yurtimiz bayrog‘ining hilpirashi bilan boshlangan tadbir bolajonlarning sho‘x-shodon, tabiatni ardoqlashga chorlovchi raqslari bilan davom etdi. Raqs davomida shar jismonan baquvvatlik, kabutar esa ma’nan yetuklik timsoli sifatida ijrochilar qo‘llarida baland ko‘tarildi. Raqs yakunlangach, tarbiyachi kichkintoylarga ekologiya nima ekanligini tushuntirdi, bunda bolalarning tabiat to‘g‘risidagi fikrlari ham tinglandi. Ular bolalarcha sodda va shirin tilda tabiat deganda nimani tushunishlarini aytib berishdi. Tadbirning asosiy qismi musobaqa ko‘rinishida o‘tkazilib, ikki guruh o‘zaro zukkolik va chaq­qonlikda sinashishdi. Musobaqa usuli kich­kintoylarda jamoa bilan ishlash qobiliyatini shakllantiradi. Ishtirokchilar “Ona yer” va “Musaffo osmon” nomli ikki guruhga bo‘linib, uchta shart bo‘yicha bellashishdi. Tezkor savollarga javob bergan bolajonlar, ikkinchi shartda muammoli vaziyatni sahnada ijro etib, namoyish qilingan holat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilishdi. Uchinchi shartda jamoaviy ijodiy ish bajarilib, tarbiyalanuvchilar ularga berilgan ko‘rgazmali qurollar va rangli bo‘yoqlardan foydalangan holda ko‘rgazmali stend yaratishdi.