Bosh sahifa | Tajriba maydoni | Tajribada toblangan mahorat

Tajribada toblangan mahorat

Tarbiyachi mashg‘ulot, sayr va kunning turli soatlarida amalga oshiriladigan harakatli o‘yinlar bola shaxsining rivojlanishida muhim o‘rin tutishini juda yaxshi bilgan holda, ta’lim-tarbiyaviy ishlarni reja asosida olib boradi. MTMdagi ta’lim-tarbiya jarayoniga o‘yin elementlarining kiritilishi esa mashg‘ulot va sayrlarni yanada jonlantiradi. Ana shularni amalda qo’llab kelayotgan jonkuyar tarbiyachi Zakira Qalilayeva mehnat faoliyatini 1994-­yildan Nukus shahridagi 37-sonli maktab­gacha ta’lim muassasasida tarbiyachi lavozimidan boshlagan. Oliy ma’lumotli, tajribali ustoz, mehribon tarbiyachi sifatida faoliyat yuritmoqda. Matematika, nutq o‘stirish, atrof-olam bilan tanishtirish kabi mashg‘ulotlarda “Sahnalashtirilgan tomosha”, “O‘yin musobaqa”, “Musiqali dastur” singari usullardan samarali foydalanib kelmoqda.
Tashabbuskor tarbiyachi hamisha ota-onalar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga intiladi. “Ochiq eshiklar kuni”, “Bog‘chamiz malikasi”, “Yigitlar sultoni”, “Otam, onam va men” tadbirlariga ota-onalar taklif etilib, farzandlariga yaratilgan shart-sharoit bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Ayniqsa, Zakira Qalilayeva ishlayotgan guruh tarbiyalanuvchilari hamisha ziyrakligi, chaqqonligi bilan ajralib turadi. U muassasa jamoasi orasida mehribon, jonkuyar ustoz sifatida yosh tarbiyachilarga murabbiylik qilib kelyapti.
Quyida Zakira Qalilayevaning mashg‘ulotlar ishlanmasidan namuna keltiramiz.

MEN BO‘LAJAK O‘QUVCHI
Ta’limiy maqsad. Bolalarning tevarak-atrof, tabiat xususidagi tushunchalarini mustahkamlash, fasllar, narsalar haqida topishmoqlar topishni mashq qildirish, so‘zlardan gaplar tuzish, so‘zlarni bo‘g‘inlarga ajratish, qarama-qarshi so‘zlar aytish, 1 dan 10 gacha bo‘lgan sonlarni to‘g‘ri va teskari tartibda sanash malakalarini shakllantirish va mustahkamlash.
Tarbiyaviy maqsad: tabiatni sevishga, ardoqlashga o‘rgatish.
Mashg‘ulot uchun jihozlar: daftar, ruchka, rasm daftar, rangli qalamlar, rangli qog‘ozlar, chizg‘ichlar.
Mashg‘ulotning borishi.
TARBIYACHI: — Aziz bolajonlar, hozir sizlarga qiziqarli topishmoqlar aytaman, diqqat bilan tinglang.
To‘rt o‘rtoq bor-zo‘r ishi.
Odam, olam tashvishi.
Har biri xursand etar,
Izma-iz kelib ketar.
1-BOLA: — Bu yil fasllari.
TARBIYACHI: — To‘g‘ri, bu yil fasllari. Endi, mana bu topishmoqni eshiting.
Bir parcha patir,
Olamga tatir.
2-BOLA: — Oy.
TARBIYACHI: — Yana kim topishmoq aytadi?
UMIDA: — Shatir-shutir etadi,
Yerni cho‘qib ketadi.
3-BOLA: — Yomg‘ir.
TARBIYACHI: — Juda to‘g‘ri, bolajonlar kim davom ettiradi?
NODIRA: — Bir onasi bor,
O‘n ikki bolasi bor.
4-BOLA: — Bu yil, 12 oy.
TARBIYACHI: — Endi, qushlar haqida topishmoq aytaman.
Yoz, kuz bo‘yi chirqillab,
Don tashiydi pirillab.
BOLA: — Bu chumchuq.
TARBIYACHI: — Barakalla! Endi, aziz bolajonlar, sizlar bilan “Qarama-qarshi so‘zlar” nomli so‘z o‘yinini o‘ynaymiz. Men sizlarga bitta so‘z aytaman, sizlar shu so‘zga teskari ma’nodagi so‘zni aytasizlar.
toza — kir
baland — past
odobli — odobsiz
yaxshi —yomon
chiroyli — xunuk
achchiq — shirin
uzun — qisqa
oq — qora
— Endi, 1 dan 10 gacha bo‘lgan sonlarni to‘g‘ri va teskarisiga sanaymiz. Qani, kim 1 dan 10 gacha va 10 dan 1 gacha sanab beradi?
Bir necha bola 1 dan 10 gacha va 10 dan 1 gacha sanaydilar.
TARBIYACHI: — Juda yaxshi, 3 sonidan katta son qaysi?
1-BOLA: — 3 sonidan katta son 4.
TARBIYACHI: — Barakalla, 3 soni 2 dan qancha ko‘p?
2-BOLA: — 3 soni 2 dan 1 ta ko‘p.
TARBIYACHI: — 5 soni 4 dan qancha ko‘p?
3-BOLA: — 5 soni 4 dan 1 ta ko‘p.
TARBIYACHI: — 3 soni 4 dan qancha kam?
4-BOLA: — 3 soni 4 dan 1 ta kam.
TARBIYACHI: — Barakalla, endi sonlarning ba’zilarini she’r orqali ta’riflab o‘tamiz.
1-BOLA.
“Bir”
— Bir degan sanoq sonman,
Sanash uchun osonman.
Bitta yurak, bitta bosh,
Bitta oy-u, bir quyosh.
2-BOLA.
“Ikki”
— Ikki degan nomim bor,
Ikki “bir”dan men tayyor.
Ikki ko‘z, ikki oyoq,
Ikkisi doim o‘rtoq.
3-BOLA.
“Besh”
— Besh degulik nomim bor,
Raqamlar ichra ilg‘or.
“Bir”-“bir” qo‘shsa anchaman,
Qo‘ldagi besh panjaman.
4-BOLA.
“Sakkiz”
— Sanamay demang sakkiz,
Ikki to‘rtni qo‘shsangiz.
Hosil bo‘laman shu on,
Yodda tuting har qachon.
TARBIYACHI: — Juda yaxshi, aziz bolajonlar, yana bir necha oylardan so‘ng sizlar  ham maktabga borasizlar. Maktabda o‘qishni, yozishni o‘rganasizlar. O‘qish, yozish uchun nimalar kerakligini bilasizlarmi?
1-BOLA: — Kitob, daftar, ruchka.
TARBIYACHI: — Yana nimalar kerak bo‘ladi?
2-BOLA: — Rangli qalam, rasm daftar, chizg‘ich.
TARBIYACHI: — Kelinglar bolajonlar, sizlar bilan mana shu narsalarni xarid qilish uchun “Maktab bozori”ga boramiz va u yerdan o‘zimizga kerakli o‘quv qurollarini sotib olamiz.
Bolalar bilan o‘quv qurollari xarid qilinadi.
TARBIYACHI: — Endi bolajonlar, sizlarga o‘quv qurollari haqida topishmoqlar aytaman, diqqat bilan tinglang.

Qog‘ozim qora,
Qalamim oq,
Nima bu o‘rtoq? (doska, bo‘r)

Rangi har xil,
Nomi bir xil.
Ichi bo‘yoq,
Sirti tayoq. (qalam)

Yaxshi bilsang tilini,
Ochar senga sirini.
Aqling boyib kun sayin,
Dono bo‘lishing tayin. (kitob)

Tarbiyachi barcha bolalarni rag‘batlantirib, mashg‘ulotni yakunlaydi.

Zulxumor XUDAYBERGENOVA,
Yelena ZABIROVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTXQTMOI “Maktabga­cha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi katta
o‘qituvchilari.