Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi

Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi

Maktabgacha ta’lim yosh avlod dunyoqarashini shakllantirishda asosiy poydevor hisoblanadi. MTMda ta’lim-tarbiya jarayoni yuqori saviyada tashkil etilsa, bu dargohda ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlarning ma’naviy olami, aqliy salohiyati shunga munosib tarzda rivojlanadi. Davlatimiz rahbari Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida aytilganidek “Bolaning ongi asosan 5-7 yoshda shakllanishini inobatga oladigan bo‘lsak, aynan shu davrda uning qalbida oiladagi muhit ta’sirida ma’naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo‘la boshlaydi”. Demak, bu davrda kichkintoyning dunyoqarashi shakllanishi uchun jiddiy e’tibor zarur. Bu birinchi galda tarbiyachi-murabbiylardan ulkan mas’uliyat talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘­risida”gi Qonunida belgilanganidek, “…o‘qi-
­tishning ilg‘or shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini o‘quv jarayoniga joriy etish” lozim. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ham “maktabgacha ta’limning samarali psixologik-pedagogik uslublarini izlash va joriy etish” masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama to‘g‘ri tarbiyalash hamda ular ongini shakllantirishga qo‘yiladigan talablar Maktabgacha ta’lim konsepsiyasida ham qayd etilgan.
Yosh bola ongi muayyan muhitda shakllanadi. U qayerda yashashidan qat’i nazar ijtimoiy, ekologik, ilmiy, texnikaviy sohalardagi voqeliklarni ko‘rib, his etib, anglab boraveradi va bu holatlar bola ongiga so‘zsiz ta’sir etadi. Shu bois, mutaxassislar kichkintoyning o‘sib-ulg‘ayishida maktabgacha bo‘lgan davr alohida o‘rin tutishini aytib o‘tadilar. Zero, bolaning rivojlanishi, ruhiyati va ta’lim-tarbiyasidagi o‘ziga xos davrlar bosqichma-bosqich takomillashib boradi. Farzandni to‘g‘ri tarbiyalab voyaga yetkazish birinchi navbatda, ota-onalar zimmasiga tushadi, biroq ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari ham har bir bola ongini to‘g‘ri shakllantirishning samarali usullari haqida o‘ylashi va ulardan o‘z o‘rnida foydalana olishi zarur.
Turli yoshdagi kichkintoylar bilan muloqotga kirishishda ularning ruhiy olamini tushunish lozim. Bu har bir guruh tarbiyachisidan katta mahorat talab qiladi. Bu borada tarbiyachi va ota-onalar bamaslahat, hamkorlikda ish tutishi maqsadga muvofiqdir.
Yosh bola ongini to‘g‘ri rivojlantirishda uning nutqi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishlariga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Mutaxassislar fikricha, birinchi kichik guruhda bolalar 1200-1500, o‘rta guruhda esa 2000 dan ziyod, maktabga borishdan oldin 3-4 mingdan ortiq so‘zni bilishi kerak. Zotan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning nutqiy rivojlanishi borasidagi ishlarning maqsadi bolalarga nutqiy muloqotning muhim shakli – og‘zaki nutqni adabiy til me’yorlariga muvofiq holda egallash, to‘liq ko‘rinishda esa tushunish va faol nutqqa kirishishni o‘rgatishdan iborat.
Bu borada tarbiyachilarning asosiy vazifasi kichkintoylarning imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish sanaladi. Shu o‘rinda aytish kerakki, bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishi alohida e’tibor talab qiladi. Tarbiyachi bolalar bilan faoliyat olib borar ekan, ularning ruhan sog‘lom, baquvvat bo‘lishiga ahamiyat qarati­shi, mashg‘ulot va o‘yinlarni to‘g‘ri tashkil qilishi juda muhim. Bola faoliyatining tabiati va mazmuni aqliy rivojlanishning obyektiv, ya’ni xolisona mezonlari hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, tarbiyachi kichkintoyning har tomonlama rivojlanishiga qarab unga yordam beradigan har xil mantiqiy harakatli o‘yinlar tashkil qilishi, ularda kichkintoylarning ijobiy malakalarini mustahkamlab borishi kerak. Ana shundagina bolalarni aqliy faoliyatga tayyorlash birmuncha oson kechadi. Bu yoshdagi bolaning to‘laqonli rivojlanishi uchun rivojlantiruvchi-predmetli o‘yin muhiti va kattalarning ular bilan mazmunan boy muloqot hamkorligi zarur omil bo‘lib hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida yaratilgan rivojlantiruvchi muhit maktabgacha yosh­dagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Bolajon” dasturi vazifalarini sifatli, uzluksiz, izchil hamda bolalarning yosh jihatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bos­qich amalga oshirishga xizmat qilishi lozim. Rivojlantiruvchi-predmetli muhit bolaning aqliy fikrlash, boshlang‘ich tashabbuskorligini o‘s­tirish, o‘zlashtirgan bilimlarini amalda qo‘l­lashga faol harakat qilishidagi asosiy vositadir.
Bola amal qiladigan predmetli muhit undagi bilim va ko‘nikmani amaliyotda qo‘llash u­chun bitmas-tuganmas axborot manbai bo‘­lishi, bola ehtiyojini qondiruvchi, uni mantiqan fikrlashga, mustaqil ravishda yangilik yaratishga undovchi, undagi malakani yanada takomillashtiruvchi manbaga aylanishi zarur. Rivojlantiruvchi-predmetli muhit bolalar shaxsini, qobiliyatlarini rivojlantirish jarayonini tezlashtirish uchungina xizmat qilib qolmay, ularni ijodkorlikka, tashabbuskorlikka, mus­taqil izlanishga, o‘z kuchiga ishonishlariga, yangilikka intilishlariga, yaratuvchanlikka undaydi.

Umida G‘AFUROVA,
MTMXQTMORO‘MM uslubchisi.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …