Bosh sahifa | Davlat talablari amalda | Ta’limda modernizatsiya usullari

Ta’limda modernizatsiya usullari

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishining yuqori sur’atlari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash tizimini davriy ravishda takomillashtirib borish, yangilash zaruriyatini tug‘diradi. Kadr­larni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi pedagog kadrlar uchun yangi ma’lumot, yangi bilim, yangi ko‘nikma va malakalarini o‘zlashtirishning bosh manbayi hisoblanadi.
2015-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Respublika o‘quv-metodika markazi, Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida “Maktabga­cha ta’lim muassasalari pedagoglarining malaka oshirish tizimini takomillashtirish” mavzusida Respublika amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Islom Karimov pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga berilayotgan e’tiborning qay darajada muhim ekanligini alohida ta’kidlab o‘tgan edi: “Bugun farzandlarimizga kimlar ta’lim-tarbiya berayotgani, pedagogik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi qanday tashkil etilayotgani hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu masala umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni isloh qilish tizimining eng dolzarb vazifasi bo‘lmog‘i zarur.”
Mustaqil rivojlanish davrida mamlakatimizda ushbu tizimning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani ta’lim sohasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi, 2014-yil 15-avgustdagi “Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 234-sonli qarorlari shular jumlasidan.
Mazkur qarorlar asosida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga muhim talablar qo‘yildi. Xususan, tizim tarkibiga kiruvchi bo‘linmalarning vazifalari belgilab berildi hamda qayta tayyorlash, malaka oshirishning tur va shakllari ko‘rsatib o‘tildi. Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish mazmuni va sifatiga umumiy talablar bilan birga, o‘quv yuklamasi hajmi hamda pedagog kadrlar tayyorgarligi saviyasiga talablar belgilandi.
O‘tkazilgan seminarda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining malaka oshirish kursidagi faoliyat turlari, o‘quv jarayonini tashkil etishning metodik-tashkiliy jihatlari, o‘tkazilgan o‘quv seminarlari, malaka ishi himoyasi, kurs tinglovchilari bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglarining malaka oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati tajribasini respublika miqyosida o‘rganish va ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
“Bugungi ilmiy-amaliy seminardan katta taassurotlar bilan qaytmoqdamiz, – deydi Navoiy viloyati “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” kafedrasi mudiri Baxtiyor Begmurodov. – Mak­tab­gacha ta’lim tizimida tarbiyachi faoliyatida talab etilayotgan ijodiy yondashish, izlanish va mahorat kabi harakatli ishlarni o‘rtoqlashdik va tajriba almashdik. Bu yerdan olgan bilimlarimizni viloyatimiz tarbiyachilariga o‘rgatishni rejalashtirganmiz.”
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’­limi vazirligining maktabgacha ta’lim bo‘limi mutaxassislari, Maktabgacha muassasa xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini o­shirish Respublika o‘quv-metodika markazining “Pedagogik kengashi” a’zolari, uslubchilari, respublika miqyosida viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarining “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi mudirlari, katta o‘qituvchilari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining maktabgacha ta’lim bo‘limi uslubchilari, Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti “Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiya­chilari” malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida “Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari”ning malaka oshirish kursini yanada takomillashtirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish vazifalari belgilab olindi.

Nazokat IBRAGIMOVA.

Check Also

Viloyatlarda tashkil etiladigan xususiy bog`chalarda elektr va gaz uchun to`lovning 50% ini davlat to`lab beradi

Вазирлар Маҳкамаси “Ўзбекистон Республикаси Мактабгача таълим вазирлиги ва унинг тизимидаги муассасаларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш ҳамда …