Bosh sahifa | Pedagog minbari | Tarbiyachi kasbiy komponentligi

Tarbiyachi kasbiy komponentligi

Yosh avlodning barkamol, komil inson bo‘lib yetishishida pedagog, tarbiyachi va o‘qituvchilarning roli benihoya kattadir. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Birovni o‘qitadigan, tarbiya beradigan inson, avvalo, o‘zi har tomonlama barkamol bo‘lmog‘i shart”. Shu sababli tarbiyachi, pedagoglarning ish faoliyatini yanada yuksaltirish, kasbiy mahoratlarini oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etilmoqda. Bugungi kunda ta’lim beruvchilarning kasbiy kompetentligining samarali olib borilishini ta’minlash dolzarb masalaga aylandi. Barcha ta’lim muassasalarida ta’lim beruvchilarning kasbiy kompetentligi muhim o‘rin egallaydi.
“Kompetentlik” atamasi lotincha “copeto” so‘zidan olingan bo‘lib, “erishyapman, munosibman” degan ma’noni anglatadi hamda ma’­lum sohadan xabardorlik va tajribaga ega ekanligini bildiradi. Rus olimlari E. Zeyer, D. Zavod­chikovlar “kompetentlik” atamasiga mutaxassisning o‘z faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan xatti-harakatlar yig‘indisi deb qara­shadi. Ogayo shtati universiteti olimlari kompetentlik tushunchasini shaxsning ma’lum sohada samarali ishlashi uchun kerak bo‘lgan ko‘nikma va malakalar to‘plami deb hisoblaydilar.
Ushbu sohaning yetakchi tadqiqotchilaridan biri amerikalik olim R. Meyers “kompetentlik – bo‘lajak mutaxassisning qandaydir ma’lum baholash mezonlariga javob berishi emas, balki uni ishlab chiqarishda qo‘llab, isbotlay olishidir”, degan xulosani beradi.
Tarbiyachi kasbiy kompetentligi deganda, uning bilim, ko‘nikma, qobiliyat, qarashlari tarbiyachining malakasi yoki ta’lim berish qobiliyatlarining namoyon bo‘lishi belgilab beradigan shaxsiy sifatlari va qadriyatlar yig‘indisini tushunamiz.

Tarbiyachining kasbiy kompetentligi quyidagi ko‘rsatkichlarga qarab aniqlanadi:

  • kasbiy mahorat;
  • o‘z sohasini yaxshi bilishi;
  • kasbiy malakasini muntazam oshirib borishi;
  • kasbiy faoliyati davomida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishi.

Kasbiy mahorat. Bu ta’lim jarayonining barcha shakllarini eng qulay va samarali holatda tashkil etish, ularni shaxs kamoloti maqsadlari tomon yo‘naltirish, bolalarda dunyoqarash, qobiliyatni shakllantirish, ularda jamiyat uchun zarur bo‘lgan faoliyatga moyillik uyg‘otish.
O‘z sohasini yaxshi bilishi. Bunda tarbiyachi o‘z kasbi doirasidagi bilimlarga ega bo‘lishi, kasbiga oid amalga oshirilayotgan yangiliklar, islohotlardan muntazam ravishda xabardor bo‘lishi, kasbini sevishi muhim ahamiyatga ega.
Kasbiy malakasini muntazam oshirib borishi. Hozirgi kunda tarbiyachi, pedagoglar har uch yilda bir marta qayta tayyorlash institutlarida o‘z malakalarini oshiradilar. Buning natijasida ular axborot texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo‘llashning yangi imkoniyatlari, metod va usullari bilan yaqindan tanishadilar hamda olgan bilimlarini o‘z ish faoliyatlariga tatbiq etish ko‘nikma va malakalariga ega bo‘ladilar.
Kasbiy faoliyati davomida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishi. Zamonaviy axborot texnologiyalari bu – ma’lumotlarni olish, saqlash, qidirish, qayta ishlash va axborot tuzishdir.

Zamonaviy axborot texnologiyalarini quyidagilarga ajratish mumkin:

  • audio-video;
  • kompyuter;
  • multimedia;
  • kompyuter-konstuktor.

Faoliyat jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanish, ta’lim berish va ta’lim olishni yengillashtiradi, tarbiyachi uchun ta’limda qulaylik va tizimlilikni ta’minlaydi. Ta’lim oluv­chilarning bilimga bo‘lgan qiziqishini, aqliy qobiliyatlarini oshirishga yordam beradi.
Hozirgi zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanish asrida tarbiyachidan katta mahorat talab etilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tarbiya­chining o‘z ustida muntazam ishlashiga, mavjud zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishiga undaydi.

Tarbiyachi kasbiy kompetentligiga ta’sir etuvchi omillar:

  • bolalar talabining o‘sishi;
  • axborot texnologiyalarining rivojlanishi;
  • jamiyat ehtiyoji hamda talabning o‘sishi;
  • tarbiyachi rolining o‘zgarishi;
  • ta’lim sohasida xalqaro tajribalar va qiyosiy tahlil natijalari.

Yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda ta’limda axborot texnologiyalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz. Ular quyidagilardan iborat:

Tarbiyachi uchun:

  • ta’lim berish samarasini oshiradi;
  • uzviylik va tizimlilikni ta’minlaydi;
  • ta’limga binoan an’anaviy tarzda tashkil etishga ko‘maklashadi;
  • tarbiyachi dunyoqarashini oshiradi;
  • ta’lim berish jarayonida qulaylik yaratadi;
  • tarbiyachi ish faoliyatining mazmundorligiga yordam beradi.

Ta’lim oluvchi uchun:

  • ta’lim olish samarasini oshiradi;
  • ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadi;
  • bolalar dunyoqarashini kengaytiradi;
  • bolalar aqliy faoliyatini hamda fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi;
  • shaxsiy sifatlarining takomillashishiga xizmat qiladi.

Axborot texnologiyalarining o‘ziga xos xususiyatlaridan shu ma’lum bo‘ladiki, tarbiyachi kasbiy kompetenligini, kasbiy mahoratini oshirishda axborot texnologiyalaridan foydalanish nafaqat ta’lim samarasini, balki tarbiyachi ish faoliyati natijasini ham ijobiy tomonga o‘zgartiradi.

Osiyo VAHOBOVA,
TDPU magistri.