Bosh sahifa | Tajriba minbari | Tarbiyachi shijoati – muvaffaqiyatli ta’lim

Tarbiyachi shijoati – muvaffaqiyatli ta’lim

Bugungi kunda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab ta’limiga har tomonlama mukammal tayyorlash muhim ekanligini nafaqat ota-onalar, balki tarbiyachilar ham chuqur his etishmoqda. Shu bois o‘z kasbiga mehr qo‘y­gan, yangilik, o‘zgarishlardan cho‘chimaydigan, tinimsiz mehnat qiladigan tarbiyachilar kichkintoylarning ke­lajakdagi aqliy va ijodiy rivojiga bevosita ta’­sir ko‘rsatgan holda, ularni boshlang‘ich ta’­limga yo‘llashga mas’­ul­dirlar. Shunday jonkuyar tarbiyachilardan biri Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-MTM­da faoliyat yuritayotgan Axmedjanova Lyudmiladir. U tayyorlov guruhida tarbiyachilik qiladi. Guruhda 30 nafar tarbiyalanuvchi bo‘­lib, barcha bolalar tarbiyachini o‘z onasidek yaxshi ko‘radi.
Lyudmila opa bolalarning erkin harakat qilishi, mustaqil fikrlashi, ijod qilishi uchun shart-sharoit yaratadi. Mash­g‘ulot paytida bolalarni yakka juftlikda, kichik guruhlarda ishlashini ta’minlaydi. Bolalar guruhlarga bo‘linish, markazlarga kirish chog‘ida, tarbiya­chining topshirig‘iga aso­san mus­taqil harakat qilish ko‘nikmasiga ega. Tarbiyachi har qaysi mashg‘ulotda ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi maqsadlarni to‘la amalga oshirishga harakat qiladi. Bolalarni faollashtirish maqsadida interfaol usullardan foydalanadi. Ularning charchab qolmasliklari uchun mash­g‘ulot da­vomida tetiklashtiruvchi o‘yin­­­larni o‘z o‘rnida qo‘llaydi. Mash­g‘u­lot­larda mavzularni bir-biriga bog‘­­laydi.

Mashg‘ulotlardan namunalar
(Maktabga tayyorlov guruhlari uchun)

Mashg‘ulot: Matematika. Rasm.
Mavzu: Geometrik shakllarni farqlashga o‘rgatish va raketa chizish.
Maqsad: Bolalarni tayoq­chalardan foydalangan holda raketa, sigir, mushuk, uy yasashga, shakllarni bir-biridan katta-kichikligi, soni bo‘yicha farqlashga o‘rgatish. Rangli qalamdan to‘g‘ri foydalangan holda raketaning ko‘rini­shini tasvirlash. Qog‘ozga nisbatan qismlarning mutanosibligiga rioya qilishga o‘rgatish. Bolalarda zavqlanish, quvnoqlik kayfiyatini vujudga keltirish.
Kutiladigan natija: Bolalar katta-kichikligi, soni bo‘yicha farqlashga o‘rganadi. Raketa chizish ko‘nikmasi hosil bo‘ladi.
Jihozlar: Geometrik shakllar, tayoqchalar, rangli qalamlar, katta-kichik yulduzchalar chizilgan qog‘ozlar, iplar, lavlagi, kartoshka, sabzi, ko‘katlar, pichoq, taxtacha.
Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolajonlar, biz hozir fazoga uchamiz. U yerga nimada uchamiz?
Bolalar javobi.
– To‘g‘ri, raketada. Endi esa tayoqchalardan foydalanib raketa yasashni o‘rganamiz.
Bolalar raketa yasaydilar, tayoqchalarni sanaydilar. “Ni­ma qurding?”, “Nechta ta­yoq­­chadan foydalanding?” kabi savollarga javob beradilar. Raketada uchadilar. Tushishda ularga 2 ta o‘zga sayyoralik quyidagi savollarni beradi:
–    Qayerdan keldingiz?
–    Qaysi mamlakatda ya­shaysiz?
–    O‘zbekiston poytaxtini bilasizmi?

“Kayfiyat” o‘yini. Bolalardan juftlik hosil qilinadi.
Tarbiyachi: – Ertalab turdingiz, xursand, yaxshi kayfiyatdasiz. Bir-birimizga kulib qaraymiz. Endi xafa holatingizni o‘r­to­g‘ingizga ko‘r­sating. Siz sevimli o‘yinchog‘ingizni yo‘qotib qo‘ydingiz. Qanday holatga tushasiz (Yig‘lash holati). Bir-birlariga ko‘rsatishadi.
Bolalar yashil, qizil, sariq uchburchaklarni tanlashlariga qarab 3 guruhga ajratiladi. Yashil uchburchaklar guruhi matematika, sariq uchbur­chaklar guruhi san’at markazida, qizil uchburchaklar guruhi pazandalik markazida faoliyat ko‘rsatadi.
Matematika markazida bo­lalar tayoqchalardan foydalanib har xil geometrik shakllarni, raketa, sigir, uy, sichqon va shu kabilarni yasaydilar. Har qaysi bola nima yasagani, qaysi shakllardan foydalangani, nechta shakldan hosil bo‘l­ganligini, shaklning katta-ki­chikligini aytib beradi.
San’at markazidagi bolalar raketa rasmini chizadilar. Raketa qismlari mutanosibligiga e’tibor berishlari tushuntiriladi. Qiynalganlarga yordam beriladi. To‘g‘ri bajarayotganlar rag‘bat kartochkasi bilan taq­dirlanadi.
Pazandalik markazidagi bo­lalar “Vinegred” salatini tay­yor­laydilar. Pichoqdan, taxtachadan to‘g‘ri foydalangan holda qaynatilgan sabzi, lavlagi, kartoshka va boshqa masalliqlarni har xil shaklda to‘g‘rab tayyorlaydilar. Ko‘­ngilli ona pi­choqni to‘g‘ri ushlash, masalliqlarni turli shakllarda kesish, ularni likopchalarda aralashtirish bo‘­yicha yordam berishi mumkin.
So‘ngra bolalar gilam ustida yig‘ilib “Shakl yasa” o‘yinini o‘ynaydilar. Bolalar guruhlarga ajratilib, qaysi shakl tushsa ipdan foydalangan holda birgalashib shu shaklni hosil qiladilar.
O‘yin tugagach yashil uchburchaklar guruhi pazandalik mar­kazida, sariq uchburchaklar guruhi matematika markazi­da, qizil uchburchaklar guruhi san’at markazida faoliyat ko‘r­satadi. Vaqt tugagach uchin­chi marta guruhlar o‘rni almashtiriladi. Mashg‘ulot oxirida bolalar gilam ustida yi­g‘iladi. Rag‘bat kartochkasi sanaladi va bolalar o‘rni aniqlanadi. Rag‘bat kartoch­kalari soniga qarab har xil sovg‘alar ulashiladi. Eng ko‘p kartochka to‘plagan bola uchun guruh xonasida bezatilgan o‘rindiq tashkil qilingan bo‘lib, g‘olib bo‘lgan bolaning boshiga “toj” kiydiriladi.

Maryam AHMEDOVA,
Xorazm VPKQTMOI “Psixologiya, pedagogika, menejment,
maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” kafedrasi
katta o‘qituvchisi.