Bosh sahifa | Tarbiyachi kutubxonasi | Tarbiyada mif va haqiqatlar

Tarbiyada mif va haqiqatlar

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

Bola ruhiyatida, umuman uning kelajakdagi holatiga onaning bir yoshgacha bajargan amallari emas, balki besh yoshgacha u bilan olib borgan ishlari fundamental ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar olib borgan natijalarga ko‘ra bu ta’sir natijasi insonlarda 40 yoshga to‘lgunicha namoyon bo‘lgan.
1962-yili ekspertlar maktabgacha yosh davri bolalari uchun ishlab chiqilgan dasturni sinab ko‘rish maqsadida Michigan shtati Iniyaziti shaharchasidan tanlab olingan bolalarni ikki guruhga ajratishadi. Birinchi guruh ishtirokchilari o‘sha yillarda mamlakatda ommaviylashgan maktabgacha tayyorlov guruhlariga a’zo qilinadi. Ikkinchi guruh qatnashchilari esa aksincha, ya’ni hech qanday mashg‘ulot bilan shug‘ullanmaydi. Tadqiqotchilar bolalarning birinchi yilini chuqur kuzatib borishadi. Kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, birinchi guruhdagi bolalar kelajakda katta yutuqlarga erishib, matematika, mantiq singari fanlardan yaxshi natijalarni egallashadi. Shuningdek, mazkur guruhning 84 foiz ishtirokchisi oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi. Ikkinchi guruh bolalarida esa ruhiy tush­kunlik holati bo‘­lib (36 foiz) tengqurlaridan ortda qolib, imtihonlardan o‘tol­may (41 foiz) qiynalishadi. Bundan tashqari, bu guruh vakillarining orasida o‘z yo‘lini topa olmay, omadsizlikka uchraganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

TARBIYA
Tarbiya nima uchun kerak?

Bu savol inson taraqqiyotining rivojlanishi ustida izlanayotgan olimlarni har doim o‘ylantiradi.
Ota-onalar farzandini ijtimoiy hayotda uchraydigan har qanday holatlarga nisbatan chiniqtirib tarbiyalashlari kerak. Buning uchun avvalo ota-onalar o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilishi va farzandlariga o‘rnak bo‘lishlari darkor. O‘rgatish, o‘rganish kishidan ulkan sabr-bardosh talab qiladi.
Zamonaviy jamiyat ta’sirida qanchadan qancha ijtimoiy munosabatlarga putur yetmoqda. Bugunga kelib qarindoshlarning bir-biridan yuzlab, hattoki minglab kilometr olisda yasha­shi hech kimni ajablantirmaydi. Do‘stlik va yaqinlikni ushlab turuvchi manba elektron ko‘rinishga aylanib ulgurdi.
Yosh ota-onalardan kelib tushadigan shikoyatlarning aksariyati ularning tashqi olamdan uzilib “izolyatsiya”ga tushib qolganligidandir. Bunday hislardan xalos bo‘lishning asosiy yo‘li munosabatlarni tiklash, ularga jon baxsh etishdir. Opa-singil, aka-ukalarni bir-birisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmaganidek, bu ikki tushuncha bir-biridan ayro holda hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Ya’ni yaqin insonlarsiz hech bir kishi yashnamaydi. Farzand ham ota-onasining yaqinlariga nisbatan ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi va mehr-oqibatidan o‘rnak olib ulg‘ayadi.
Bir ayol ikki yashar o‘g‘li bilan televideniye orqali berilayotgan ko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirganda ishtirokchilardan biri yig‘lab yuboradi. Shunda bolakay qo‘lidagi ro‘molchani olib televizor ekranini silab turib “yig‘lama, yig‘lama!” deya takrorlaydi. Bu holat bolakay hali kichkina bo‘lishiga qaramay, yuqorida aytib o‘tilgan mehr va iliq munosabat mevasidir.
Farzand shunday bir niholki, uni qanday par­varishlasangiz, xuddi shunday hosil beradi. Unga kulib qarasangiz – jilmayadi, baqirsangiz – yig‘lab yuboradi. Mehrga mehr bilan javob qaytarish bizning ongimizda shartli ravishda yuz beradigan jarayon ekanligini unutmaslik kerak.

Psixolog Jon Medinaning
“Правила развития мозга вашего ребёнка”
kitobi asosida Mavluda Meliqulova tayyorladi.

Check Also

Xush kelibsan, Mehrjon!

Bayram ssenariysi TARBIYACHI: – Bog‘bon yig‘ib hosilin, Bozor tomon chog‘lansa, Ayting-chi, do‘stlar bu chog‘, Qaysi …