Bosh sahifa | Tasviriy faoliyat | Tasviriy faoliyat – estetik tarbiya vositasi

Tasviriy faoliyat – estetik tarbiya vositasi

Rasm chizish, loydan va plastilindan turli buyumlar yasash, qirqib yopishtirish kabi mash­g‘ulotlar maktabgacha yoshdagi bolalarning eng sevimli faoliyatlaridan biri hisoblanadi. U kichkintoyning tevarak-atrofdagi voqea va hodisalar haqidagi taassurotlarini turli obrazlar orqali tasvirlashga va ularga nisbatan o‘z shaxsiy munosabatini shakllantirishga keng imkon yaratadi.
Haykaltaroshlik bilan shug‘ullanish bolalarning fazoviy tasavvurini, fikrlash qobiliyatini, narsa va buyumlarning plastik shaklini his etishlariga yordam beradi. Shunday mash­g‘ulotlar ularda o‘ziga xos badiiy-estetik his-tuyg‘ularni uyg‘otish bilan bir qatorda go‘­zallikni ko‘ra olishni, ijodiy qobiliyatni va estetik didlarini o‘stiradi. Bu shubhasiz, ularni Vatanga, ota-onaga, tengdoshlariga bo‘lgan hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, ularni ma’naviy kamolotga yetaklaydi.
Bolalarning tasviriy faoliyat mashg‘ulot turlariga nisbatan qiziqishini uyg‘otishda to‘g‘ri ta’lim berishning ahamiyati kattadir. Buning uchun tarbiyachi-pedagog kichkintoylar mash­g‘ulotlarini olib borish jarayonida ularda qiziqish uyg‘otishi kerak. Kichkintoylarda bu faoliyatga nisbatan emotsional his-tuyg‘ular paydo bo‘l­sin, o‘rtoqlik, do‘stlik, o‘zaro yordam kabi ezgu xislatlar uyg‘onsin, rasm chizish loy va plastilindan narsalar yasash, qirqib yopishtirish, qurish-yasash kabi faoliyatlarga o‘z xohishlari bilan intilishsin. Tarbiyachi bola qobiliyatlarini o‘stirish yo‘llarini qanchalik yaxshi va mohirlik bilan e’tiborga olsa, kichkintoylar tashabbusi va ijodkorligini quvvatlagan holda, ularga ishonsa, ta’lim jarayoni, bolalar qobiliyatini kamol toptirish va unga chuqurroq ta’sir ko‘rsatish shunchalik samaraliroq bo‘ladi.
Ijodiy faoliyat bola hayotida, uning fikriy va aqliy jihatdan rivojlanishida borliq haqidagi tasavvurlarini boyitishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan mashg‘ulot turidir.
Bolalarga haykal, o‘yinchoqlar yasash nima beradi? Nima uchun jajjilar plastilindan, loydan haykal va o‘yinchoqlar yasashni xush ko‘­rishadi?

1-rasm. Rangli plastilinlar.

Plastilin bilan ishlash texnikasini o‘rgatish bolalarda sabrli, bir joyda uzoq o‘tira olish, mustaqil ishlash kabi xususiyatlarni tarbiyalaydi. Plastilin bilan tasvirlash texnikasi kichkintoylarda rang qabul qilish borasidagi bilimlarni mustahkamlaydi, estetik didni shakllantirish bilan birga bolalarning qo‘l motorikalarini ham rivojlantiradi. Shuning uchun ham maktabgacha yoshdagilarni ko‘p­roq plastilin bilan turli predmetli, sujetli va dekorativ haykaltaroshlik bilan tasvirlash texnologiyalari bilan ishlashga o‘rgatib borish lozim.

Check Also

Tasviriy savodxonlikni baholash

Maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samaradorligi bir qator omillarga bog‘liq. Jumladan, …