Bosh sahifa | Tarbiyachi minbari | Tasviriy san’at go‘zallikni sevishga o‘rgatadi

Tasviriy san’at go‘zallikni sevishga o‘rgatadi

Tasviriy faoliyat mashg‘ulotlari va tasviriy san’at fanining sifat va samaradorligi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitilayotgan tasviriy san’at fanidan dars beruvchi o‘qituvchi va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining kasbiy kompetentliligiga bog‘liq.
Ma’lumki, ta’lim-tarbiya jarayonida maktab­gacha yoshdagi bolalarni ta’limga tayyorlash asosiy qilinadigan vazifalarning ilk bosqichidir. Boshlang‘ich ta’lim alohida bosqich bo‘lib, bu muddat bola shaxsining jadallik bilan rivojlanish davri hisoblanadi. Chunki kichkintoylarning 5-6 yoshdan 10-11 yoshgacha bo‘lgan davri o‘sish davri sanalib, unda bola shaxsi o‘zining yetuklik va o‘smirlik davriga ilm, tafakkur, tasavvur, malaka, ko‘nikmalar yig‘adi. Shu boisdan ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini tayyorlaydigan pedagogika kollejlari va pedagogika universitetlaridagi tasviriy san’at va mehnat bo‘limlarining o‘quv rejalarini va dasturlarining bugungi kun talablari darajasida bo‘­lishini ta’minlamog‘imiz lozim.
Pedagogika kollejlari, universitetlarda  “Bosh­lang‘ich sinf va mehnat o‘qituvchisi”ni tayyorlash bo‘limlarida o‘qitiladigan  “Tasviriy san’at va uni o‘qitish metodikasi” o‘quv fani mutaxassislikning asosiy va bosh o‘quv fanlaridan biri hisoblanadi. Chunki bu o‘quv fani bo‘lajak o‘qituvchi-pedagoglarni estetika va san’at asoslari bilan qurollantiradi, tabiatdagi, jamiyatdagi va san’atdagi go‘zallikni ko‘ra bilishga o‘rgatadi.
Tasviriy san’at inson uchun faqat borliqni, tabiatdagi voqea-hodisalar va narsalarni bildiribgina qolmay, odamlarga yangi bilim, tasavvur va tushunchalar berib, ma’naviy boyituv­chi, ijodiy yuksalishga boshlovchi qudratli omil bo‘lib xizmat qiladi. Obrazlar tasviriy san’atda o‘zining yaqqolligi, ishonarliligi, obyektivligi, realligi bilan odamlarning aqliy faoliyatiga tez va aniq ta’sir ko‘rsatuvchi vositadir.
Insonda badiiy did shunchaki o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, buning uchun maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim va undan keyingi ta’limlarda ham uzviylik asosida estetik didni tarbiyalash va axloqiy jihatlarning mujassamlashtirilishi lozim bo‘ladi. Bu juda yoshlikdan oila tarbiyasidan boshlanib, u keyinchalik shaxsiy va jamiyat, mahalla tarbiyasi jarayonida takomillashib boradi.
Bolalar rassomlarning chizgan nodir san’at asarlarini diqqat bilan kuzatib, u haqida ma’lum tasavvur hosil qila olsagina, asar haqida biron bir fikr ayta oladi. Buning uchun u haqidagi ayrim ma’lumotlarni oz bo‘lsa-da bilishi zarur. Maktabgacha yosh davridan boshlab ota-onalar nazorati ostida san’at asarlari reproduksiyasini yig‘ishga, ulardan albomlar, buklet tashkil etishga o‘rgatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tasviriy faoliyat mashg‘ulotini olib boruv­chi tarbiyachi – pedagogning maqsadi bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlash bo‘lsa, tasviriy san’at fanidan dars o‘tuvchi o‘qituvchi faoliyatining muhim bosh maqsadlaridan biri – umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchisini fa­qatgina rasm chizishga o‘rgatish bo‘lib qolmay, ularning badiiy-estetik dunyoqarashini shakllantirish, ta’lim mazmuni, unga monand tarzda qo‘llaniladigan metodikaning asosini tashkil etishdan iborat.

Uzluksiz ta’lim tizimida tasviriy san’atning barcha shakllari:

  • borliqni idrok etish;
  • san’atni idrok etish;
  • naturaga qarab tasvirlash;
  • kompozitsion faoliyat turlari barchasi birgalikda badiiy-estetik didni kompleks tarzda tarbiyalashga qaratilishini nazarda tutadi.

Pedagogika kollejlari va universitetlarda tasviriy san’atning barcha tur va janrlarida tasviriy san’at asarlarini yaratishda kerak bo‘ladigan turli materiallar, tasvirlash texnikalari, asboblar, ish qurollaridan qanday foydalanib tasvirlash mumkinligi hamda tasviriy ifoda orqali rassom nima demoqchiligini to‘lig‘icha o‘rgatish lozim. Shundagina ular kelajak avlod­ga keng qamrovli bilimlarni bera olishlari orqali ta’lim tizimida samaradorlikka erishishlari mumkin. O‘qituvchi va pedagog tarbiya­chilarning kasbiy kompetentligini yuksaltirish negizida tasviriy san’at ta’limi sifatini oshirishga erishamiz.

Gulnora AMIROVA,
T.N.Qori Niyoziy nomidagi
O‘zPFITI katta ilmiy xodimi.