Bosh sahifa | Tasviriy faoliyat | Tasviriy savodxonlikni baholash

Tasviriy savodxonlikni baholash

Maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samaradorligi bir qator omillarga bog‘liq. Jumladan, MTMning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, maktabgacha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ko‘rgazmali qurollar, didaktik materiallar, o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’limning qamrovini kengaytirish, uning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish shular jumlasidandir. Bu jarayonda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachi-pedagoglari, shuningdek, ota-onalar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar ham mavjud. Bular: bolalarning faoliyati natijalarini tahlil qilish, baholash hamda ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish bilan belgilanadi. Shu ma’noda maktabgacha yoshdagi bolalarning ijodiy xususan, tasviriy faoliyati natijalarini baholash muhim didaktik ahamiyatga molik. Biroq kichkintoylarning ishlarini tahlil qilish va baholashning ommabop mezonlari va metodikasi yo‘qligi bois ko‘p hollarda ularning ishlari noto‘g‘ri talqin etilishi mumkin. Chunki bolalar badiiy qiziqishlarining ayrim yo‘nalishlari, xususan, tasviriy faoliyat ularning yoshi ulg‘ayishi bilan susayib borish holatlari kuzatiladi. Bolalarning badiiy-ijodiy qiziqishlarining mantiqiy-motivatsion mexanizmlari murakkab jarayonlardan iborat bo‘lganligi uchun ham uni to‘g‘ri tashxislash va unga mos yo‘nalish berish uchun maxsus ishlab chiqilgan pedagogik tizim talab etiladi.
Tajribalar, kuzatishlar natijalarining tahlili shuni ko‘rsatadiki, kichkintoylarda tasviriy faoliyatga qiziqishning pasayib borishi tarbiyachilar, ota-onalarning bu jarayonga muayyan pedagogik kompetensiya asosida qaramasliklari oqibatida yuzaga keladi. Aslida har qanday faoliyat natijasi baholanishi lozim. Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasviriy faoliyati natijalarini baholashda quyidagilarga e’tibor qaratish kerak:
–    Tasvirning mazmuniga e’tibor qaratish. Har qanday tasvir muayyan mazmunga ega bo‘lmog‘i lozim. Bolaning ishini baholashda tarbiyachilar o‘ziga xos pedagogik taktikaga asoslangan holda ijodiy ishlarning sharhini tinglashi, bu sharhni nechog‘lik hayotiyligiga qarab baholashlari tavsiya etiladi. Ayni paytda ularning fantaziyasida ayrim me’yorlar chegarasidan chiqish holati kuzatilganda, bu jarayon shu yoshdagi bolalar uchun xos bo‘lgan voqelik ekanligini ham e’tiborga olish kerak.
–    Tasvirning mazmun va shakl mutanosibligini ko‘rsatish. Tabiatdagi har bir narsa o‘z shakliga ega va ularning bir-biriga muvofiqligi har qanday mantiqiy aloqadorlikning asosi hisoblanadi. Shu bois mazmun va shakl mutanosibligi tasviriy faoliyat natijalarini baholashda muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Tasviriy san’at bo‘yicha savodxonlik darajasini belgilovchi omillar obyektning tuzilishini to‘g‘ri ko‘ra olish, mantiqiy aloqadorlikdagi shakl – sujet-kompozitsiya yaratishdan iborat. Tasvirni tahlil etishning eng oddiy metodikasi sifatida buyumlar tasvirining geometrik shakllarda qanchalik aks ettirilganligiga, ya’ni buyumning qismlari o‘zaro aloqadorlikda to‘g‘ri joylashtirilgan (tasvirlangan)ligiga e’tibor qaratiladi.
Har qanday buyumning tomonlari o‘zaro muayyan nisbat (proporsiya)larda ifodalanadi. Proporsiyani tasvirda to‘g‘ri ifodalash buyumning o‘ziga xosligini ochib berishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Aksincha bo‘lsa, bunda buyumning xususiyatini ochib berish imkoni cheklanadi.
Tasviriy faoliyatning asosiy talablaridan yana biri tasvirning kompozitsiyasi sanaladi. Maktab­gacha ta’limning katta va maktabga tayyorlov guruhlarida tasviriy faoliyat mashg‘ulotlarining didaktik vazifalaridan biri bolalarda mantiqiy fikrlashni shakllantirishdan iborat. Mantiqiy fikrlash esa faqat og‘zaki nutq bilan bog‘liq emas. Bu ko‘rsatkich bolalarning tasviriy faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi, ya’ni bola u yoki bu tasvirni nima maqsadda aynan shunday ifodalaganini ma’lum qoidalarga bo‘ysundirgan holda amalga oshiradi. Tasviriy san’atda uni kompozitsiya, ya’ni tasvirdagi barcha elementlarni bir mantiqiy mazmunga bo‘ysundirish, birlashtirish deb ataymiz.
Kompozitsiya har qanday tasviriy san’at asarining asosi bo‘lganidek, bolalarning tasviriy faoliyati natijalarini tahlil qilish va baholashning muhim sharti hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha bolalarning ishlari tasvirning xarakteridan kelib chiqqan holda qog‘oz shaklining (vertikal yoki gorizontal) to‘g‘ri tanlanganligi, tasvirning qog‘oz sathida to‘g‘ri joylashtirilganligi (bunda qog‘oz o‘lchamiga monand tarzda tasvirning qog‘oz yuzasida aks ettirilganligi) nazarda tutiladi. Juda katta (qog‘oz chetlarida bo‘sh joy qolmagan) yoki juda kichik (qog‘oz sathida haddan ortiq bo‘sh joylar qoldirilib, tasvir juda kichik tushirilgan) qilib tasvirlangan ishlarni baholashda yuqoridagi shartlarning bajarilgan yoki bajarilmaganiga ahamiyat qaratish kerak.
Bolalarning tasviriy faoliyat natijalarida harakat (dinamika)ning ifodalanishi ularning yo­shida biroz murakkablik tug‘dirishi bois ulardan bu ko‘rsatkichni bekam-ko‘st ifodalash talab etilmaydi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasviriy-ijodiy fantaziyalarini namoyon qilishlari uchun ranglar keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Shu ma’noda ularning tasviriy faoliyat natijalarida ranglarning to‘g‘ri ifodalanganligiga e’tibor qaratiladi.
Chunki rang tasviriy faoliyat natijalarining mazmun va mohiyatini to‘g‘ri talqin etishning muhim shartlaridan biridir. Aks holda uning tuzilishi, shakli va dinamikasi qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, kompozitsiya mantiqiy yechim topmaydi. Bu parametrning haqiqiylik maqomini belgilash biroz murakkab kechishi mumkin. Chunki tasviriy san’atda ramziylik shakllar bilan bir qatorda, ranglar vositasida ham yechiladi.
Bolalarning tasviriy faoliyati natijalarini rangshunoslik yechimiga ko‘ra ikki yo‘nalishda baholash mumkin:
1) Tasvirda qo‘llanilgan ranglarning realligi, ikkinchi yo‘nalishda esa shartli dekorativliligi e’tiborga olinadi.
2) Bolalarning vaziyatga (sujetga) ijodiy yondashgan holda rang tanlaganligi ham diqqat markazida bo‘lmog‘i lozim. Zero, ranglardan shartlilik prinsiplariga asoslangan holda ramziy-mantiqiy yechim topish ijodiy yondashish, izlanish namunasi hisoblanadi. Shu bois tarbiyachilar tasviriy savodxonlik asoslarini egallash­ning dastlabki bosqichlarida bolalarga ranglardan reallik qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda foydalanishni o‘rgatishlari maqsadga muvofiq. Reallik qonuniyati deganda, anglab bo‘lmas falsafiy tushunchalar emas, balki tasviriy savod­xonlikning elementar qonuniyatlariga asoslanishi, ya’ni bolalarning tasviriy faoliyat natijalarini tahlil qilish va baholashda ranglarni buyumlarning funksiyasidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri tanlaganligi nazarda tutiladi.
Bolalarning tasviriy faoliyat natijalarini tahlil qilish va baholashga uzluksiz tarzda tashkil etilgan hamda o‘zaro uzviy aloqadorlikdagi ta’limiy jarayonning kuzatish vositasi sifatida qarash ham mumkin. Bu yondashuv bolalar tasviriy faoliyatining barcha turlari – rasm chizish, haykaltaroshlik, applikatsiya va konstruksiyalash mashg‘ulotlariga ham tatbiq etiladi.

Asqarali SULAYMONOV,
T.N. Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari
ilmiy tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, pedagogika fanlari nomzodi.

Check Also

Tasviriy faoliyat – estetik tarbiya vositasi

Rasm chizish, loydan va plastilindan turli buyumlar yasash, qirqib yopishtirish kabi mash­g‘ulotlar maktabgacha yoshdagi bolalarning …