Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Tasvirlashning texnik usullari

Tasvirlashning texnik usullari

Hayotning har bir davri, rivojlanish xususiyatlari va ehtiyojlariga ko‘ra o‘ziga xos bosqich­larga ega. Shu o‘rinda maktabgacha ta’lim muassasalarida, boshlang‘ich ta’limda, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida uzviylik asosida tasvirlashning texnik usullarini ma’lum ketma-ketlikda o‘rgatilishi lozim. Bolalarga maktabgacha ta’lim yoshida tasvirlashning oddiyroq texnik usullari o‘rgatilsa, boshlang‘ich va yuqori sinflarda “Oddiydan – murakkabga” usulida olib boriladi.
Bolajon tayanch dasturi asosida ilmiy tad­qiqotlarga tayanib, bolalarning rivojlanish va ta’lim olishlarini to‘rt asosiy yo‘nalishga ajratadi:

1. Jismoniy rivojlanish, o‘z-o‘ziga xizmat va gigiyena.
2. Ijtimoiy-hissiy rivojlanish.
3. Nutq, o‘qish va savodga tayyorgarlik.
4. Bilish jarayoni, atrof-olam to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lish.

Bolaning maktabga tayyorgarligi undagi idrok, kuzatish, xotira, tafakkurning rivojlanishi, vaqt va fazoviy tushunchalar olami, ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlarining shakllani­shi bilan belgilanadi.
Tasviriy san’atga nisbatan qiziqish uyg‘otish bolada rasm va illyustratsiyalarda tasvirlangan holat mazmuniga mos hissiy idrokni tarkib toptirish, qalam, flomaster, moybo‘yoq bilan chizish va bo‘yash, loydan turli narsalar yasash mumkinligi haqida tasavvur hosil qilish orqali rivojlantiriladi.
Tasviriy materialga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga (uchta barmoq yordamida qalamni yo‘nilgan qismining birmuncha tepasidan, mo‘yqalamni o‘rta va bosh barmoq yordamida temir bilan qoplangan qismi yuqorirog‘i­dan, yo­g‘ochli qismidan ushlash), bo‘yoq bilan ishlashning texnik usullarini qo‘llashga o‘rgatish katta e’tibor talab qiladi.
Rasm solayotganda qomatni to‘g‘ri tutishga (o‘tirganda o‘zini erkin tutish, qog‘oz varag‘i ustiga boshini o‘ta yaqinlashtirib o‘tirmaslikka) o‘rgatish, qo‘l harakatini rivojlantirish zarur. Kichkintoylarni rangli qalam, flomaster, mo‘y­qalamni farqlashga, turli rasm va tasvirlar chizishga o‘rgatish, bunda bolalar diqqatini tasviriy materiallarning qog‘ozda muayyan iz qoldirishi, qog‘ozda nima chizilgani, turli chiziqlar va ularning o‘zaro birlashib ketishi natijasida nima tasvirlaganiga qaratish kerak.
Mayda motorikani rivojlantirish – bunda bolalar birin-ketin biror bir faoliyatni yanada aniqroq bajarish (ushlash, ochish, yopish, qir­qish, bo‘lish) uchun o‘z qo‘llari va barmoqlarini ishlatish va ulardan foydalanish malakasini egallab boradi.
Sensomotorikani rivojlantirish orqali kichkintoylar o‘z harakatlarini boshqarish uchun sezgilaridan (ko‘rish, eshitish, qo‘l bilan his qilish, hid bilish) foydalanadi. Bolalarni tabiatni kuzatishga o‘rgatish, estetik idrok etish orqali tabiat hodisalarini ko‘rishga, eshitishga, qo‘l bilan ushlab ko‘rishga, o‘tlar, gullarning hidini bilishga, his qilishga o‘rgatish sensomotorika bo‘­limida o‘rgatiladi.
Bolaning rivojlanishi va o‘sishi uzluksiz davom etadigan jarayondir. Bu davrda uning shaxs sifatida shakllanishi, olamni, atrofidagi ashyo va buyumlarni anglab, ulardan ma’no topishga intilishi, qiziqish va hissiyotlarining rivojlanishini kuzatamiz.
Kichkintoylarni fasllar almashishi va ob-havodagi ayrim o‘zgarishlar (yomg‘ir, qor yo­g‘ishi, quyosh charaqlab turishi) ni kuzatish va ulardagi o‘ziga xoslikni, go‘zallikni anglashga, bilib idrok etishga ko‘niktirish kerak. Tabiatni kuzatish, idrok etish orqali ularda tabiatdan olgan taassurotlarini tasvirlashga qiziqish ortib boradi.
Quyoshni, bulutlarni, qor, yomg‘ir, chaqmoq, osmon, yer, o‘t-o‘lanlar, gullar, kapalaklar, hayvonlar, qushlarni estetik idrok etgan holda xuddi shunday ajoyib mavzulardagi ki­chik asarlarni plastilin bilan relyef tarzida tasvirlashga o‘rgatish ham bolalar uchun qiziqarli tasvirlashning texnik usullaridan biridir.
Plastilin bilan tasvirlash ma’lum ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

  • bolalarga namuna sifatida tushirilgan rasmlarning nusxasini va kerakli badiiy materiallar: albom varag‘i yoki karton, qalam, flomaster, tasvirlar andozasi, plastilin, latta, suv hamda ish joyini tashkil qilib berish;
  • plastilin bilan tasvirlashda ishlash texnologiyasini tushuntirish;
  • kichkintoyning ijodiy ishlarini muhokama qilish va eng yaxshilarini rag‘batlantirish, boshqa bolalarni ham shu tariqa ishlashga undash.

Tarbiyachi pedagoglar va ota-onalar bolalarga kichik yoshidan boshlab bosqichma-bosqich idrok etish va bilish, o‘rgangan, idrok etgan narsalarini tasvirlashning texnik usullarini o‘rgatishda uni aniq, hayotiy misollar bilan mustahkamlashga o‘rgatishlari zarur. Bularning barchasi tarbiyaning samaradorligini ta’­minlaydi.

Gulnora AMIROVA,
T.N.Qori Niyoziy nomidagi
O‘zPFITI katta ilmiy xodimi.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …