Bosh sahifa | Pedagog minbari | Tejamkorlik saboqlari

Tejamkorlik saboqlari

Har bir bola tejash – narsalarni isrof qilmaslik, uni qadrlash, tabiiy boyliklarni (suv, gaz, elektr toki) o‘z me’yorida ishlata bilish va ulardan oqilona foydalanish zarurligini anglash­ni bolaligidan o‘rganishi lozim. 2015-2016-­o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim tizimida “Tejamkorlik saboqlari” dasturi asosida ta’lim-tarbiya ishlarini olib borish vazifasi yo‘l­ga qo‘yilgan.
“Tejamkorlik saboqlari” dasturining maqsadi bolalarda umumiy axloq me’yorlari talablariga javob beradigan, ularning shaxs sifatida kamol topishiga asos bo‘la oladigan iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, jamoat joylarida o‘zini tutishni, yerosti boyliklarini isrof qilmaslik, uni qadrlashni tarbiyalab borishdan iborat.
“Tejamkorlik saboqlari” dasturidagi mavzular maktabgacha ta’lim muassasalarida integratsiyalashgan mashg‘ulot tarzida, ya’ni atrof-muhit, tabiat bilan tanishtirish, badiiy adabiyot, odobnoma, tasviriy faoliyat mashg‘ulotlarini mujassamlashtirgan holda olib boriladi. Oilada suv, gaz, elektr energiyasini tejash turli misollar bilan tushuntiriladi. Tarbiyachi ota-onalarga “Tejamkorlik saboqlari” dasturi oilada qanday amalga oshirilishi haqida kerakli maslahatni berib boradi.
Quyida tejamkorlik saboqlarini badiiy adabiyot mashg‘uloti mavzusiga singdirib o‘rgatilishi namuna tarzida berildi.

Mavzu: Z. Ibrohimovaning “Chiroq” hikoyasini o‘qib berish.

Maqsad: bolalarning hikoya mazmunini tu­shunishlariga erishish. Kichkintoyga chiroq or­qali uylarimiz yorug‘ ekanini tushuntirish. Elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanish kerakligi haqida tushuncha berish. Kunduz kunlari chiroqni o‘chirish, yoqish tugmalarini bekorga o‘ynamaslik, undan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish.

Kerakli jihozlar: mavzuga mos rasmlar.

Mashg‘ulotning borishi.
TARBIYACHI: – Bolalar, qanday uyni yorug‘ uy deymiz? Chiroqni qaysi vaqtda yoqamiz? Uyingizda hamma xonalarning chiroqlari yoniq turadimi? Kim behuda chiroq yoqilib turishining oldini oladi?
Hozir men sizlarga bir hikoyani o‘qib beraman. Agar uni yaxshilab eshitsangiz, elektr energiyasini tejash, ya’ni isrof qilmaslik kerakligini bilib olasiz. (Tarbiyachi hikoyani ifodali o‘qib beradi)