Bosh sahifa | Dastur ijrosi amalda | Tejamkorlik saboqlari

Tejamkorlik saboqlari

Kattalar uchun bolalarga tejamkorlikni o‘r­gatish tarbiyaning eng muhim bosqichi hisoblanadi. Chunki maktabgacha yoshdagi bolalarda tejamkorlikning ilk tushunchalarini shakllantirish orqali, ularda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘­lish, yerusti va osti boyliklari, suv hamda bosh­qa tabiiy zaxiralar umummilliy boyligimiz ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligini anglash kabi ijobiy xislatlar tarbiyalanadi.
Har bir bola suv, gaz, elektr toki va boshqa tabiiy boyliklarimizni o‘z me’yorida ishlata bilishni va ulardan oqilona foydalanish zarurligini go‘dakligidan o‘rganishi lozim. 2015-2016- o‘quv yilidan boshlab barcha maktabgacha ta’­lim muassasalarida “Tejamkorlik saboqlari” dasturi asosida ta’lim-tarbiya ishlarini olib borish vazifasi qo‘yilgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga tejamkorlik tarbiyasini berishda bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olish zarur. Tejamkorlik qoidalarini bayon qilib berishda o‘yin usullaridan foydalanish tavsiya etiladi.
“Tejamkorlik saboqlari” bolalarda umumiy axloq me’yorlari talablariga javob beradigan, ularning shaxs sifatida kamol topishiga asos bo‘la oladigan iqtisodiy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdan iborat. Dastur vazifalari esa quyidagilar:
– bolalarda hayotdagi ijobiy va salbiy holatlarga nisbatan sezgirlikni shakllantirish;
– umumiy axloq ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoat joylarida o‘zini tutishni, yerosti boyliklari (suv, gaz, elektr toki)ni isrof qilmaslik, ularni qadrlashni tarbiyalab borishdan iborat.
Mazkur sohadagi ishlarning oilada olib borilishi yoki oilada davom ettirilishi ko‘zlangan maqsadga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bola o‘zi tug‘ilgan oila muhitida, sharoitida, urf-odatlari ta’sirida ulg‘ayadi. Har bir oilaning moddiy farovonligi ko‘p jihatdan oiladagi iqtisodiy barqarorlikka va o‘z navbatida, tejamkorlikka bog‘liqdir. Oila byudjeti daromadini tahlil qilish, uni maqsadli sarflash va tejamkorlikni tashkil etish – oilaning moddiy farovonligi hisoblanadi.
N. Novikovning qayd etishicha, “Bolalarning murg‘ak qalbiga hech bir narsa ibratdek kuchli ta’sir etmaydi va barcha ibratlar ichida ota-ona ibratidan ko‘ra chuqurroq va mustahkamroq o‘rin oladigan ibrat yo‘q”. Oilada kattalar tomonidan tejamkorlikka qat’iy amal qilish bolalar uchun ibrat vazifasini o‘taydi. Boladagi ilk tejamkorlik tushunchalari quyidagilarda aks etadi:
– kiyim-boshlarini ehtiyot qilib kiyish va toza saqlash;
– o‘yinchoqlarini avaylab o‘ynash, o‘ynab bo‘lganidan so‘ng o‘z joyiga yig‘ishtirib qo‘yish;
– yuz-qo‘llarini yuvishda suvni isrof qilmaslikka harakat qilish;
– televizor, boshqa texnik vositalarda multfilmni ko‘rib bo‘lgach, uni o‘chirib qo‘yishni kattalardan o‘z vaqtida so‘rash kabilar.
Oilada bolani tejamkorlikga o‘rgatishda ota-onalar quyidagilarni e’tiborga olishi maqsadga muvofiq:
– uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarishda tejamkorlikni farzandingizda shakllantirib borish;
– bobo-buvi, ota-onalar tomonidan oila davrasida tejamkorlik mavzusida suhbatlar tash­kil etish;
– suv, elektr energiyasi va gazdan foydalanish va foydalanilgan bu ne’matlar uchun oila byudjetidan o‘z vaqtida pul to‘lab borish zarurligi, ortiqcha sarf qilinsa, ortiqcha sarf-xarajat bo‘lishini ham tushuntirib borish kerak.
Ayrim holatlarda uyda chiroq o‘chib qolishi sabablarini bolalarga uqtirish kerakligi, barcha odamlar elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalansalar, bunday holatlarga ehtiyoj qolmasligi to‘g‘risidagi tushunchalarning berib borilishi maqsadga muvofiq.
Bolalarda tejamkorlik sifatlarini shakllantirishda hikmatlar, o‘gitlar va maqollardan foydalanish maqsadga muvofiq. Masalan: “Tejog‘lik uy – bejog‘lik uy”, “Birni kes­sang – o‘nni ek”, “Nimani qilsang xor – unga bo‘lasan zor”.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, tejamkorlikni bola ongiga yaxshi amal bilan singdirib borish yaxshi samara beradi. Maktabgacha ta’lim muassasasi va oila hamkorligida olib borilgan ishlar ko‘zlangan maqsadga erishish garovidir.

 Muqaddas ABDULLAYEVA,
Andijon viloyati XTXQTMOI rektori.
Manzura TO‘RAQULOVA,
“Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim”
kafedrasi katta o‘qituvchisi.