Bosh sahifa | Mudira minbari | Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyada bolalarni tekshirish

Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyada bolalarni tekshirish

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim-tarbiya berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish masalalariga hamisha alohida e’tibor qaratilgan. Respublikamizda imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim-tarbiya beruvchi maxsus maktablar, maktab-internatlar, “Mehribonlik uylari” va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shu jumladan, 431-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasamiz qirq yildan ko‘proq vaqt mobaynida ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga ta’lim va tarbiya berishda katta tajribaga ega. Muassasada aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan korreksion ta’lim, tibbiy-konsultativ, jismoniy nuqsonlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan ishlar olib boriladi. Bunday bolalar maxsus maktablarga joylashtiriladi.
Bolani har tomonlama o‘rganish va tekshirish maqsadida komissiya a’zolari u haqidagi anamnestik ma’lumotlarni va taqdim etilgan boshqa hujjatlarni chuqur o‘rganib chiqib, tekshiruvlar o‘tkazadilar. Tekshirishda qo‘llaniladigan metodlardan biri: bu bola haqida to‘liq anamnestik ma’lumotlar yig‘ishdir.
Ota-onalar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar orqali kichkintoyning bir yoshgacha bo‘lgan va bir yoshdan keyingi rivojlanishi aniqlanadi (bola hayotining turli davrlari – homiladorlik, tug‘uruq davri, tug‘uruqdan keyingi davr, ilk bolalik holati o‘rganiladi qachon boshini tuta boshlagan, o‘tirgan, yurgan, qachon birinchi so‘zlari paydo bo‘lgan va h.k.)
Qanday kasalliklar bilan kasallanganligi, motor, sensor, nutqiy rivojlanishda kamchiliklar kuzatilganmi yoki yo‘qligi, yaqin qarindoshlarining sog‘lig‘i (nasliy), oilaviy tarbiya muhiti oydinlashtiriladi.
Yuqoridagi ma’lumotlar o‘rganilib tahlil etilgach, bolaning quyidagi xususiyatlari chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi:
– eshitish sezgisi;
– ko‘rish qobiliyati;
– nutq qobiliyati;
– tafakkurining rivojlanish darajasi;
– tayanch-harakat holati;
– bola xulqi kuzatiladi.
Maktabgacha yoshdagi bolani tekshirish o‘yin shaklida olib boriladi. Vazifalar aniq, kichkintoyning diqqatini jalb qiladigan va hajm jihatdan katta bo‘lmasligi kerak. Maktabgacha yoshdagi bolani o‘rganishdagi asosiy usul, bu – o‘yin faoliyatini kuzatishdir: o‘yinchoqlarga qiziqishi, qiziqishning barqarorligi, o‘yinchoqlardan adekvat foydalana olishdir. Tekshiruvni har tomonlama va aniq o‘tkazish uchun har xil usullardan foydalaniladi.
Tekshiruv olib borish uchun quyidagi qo‘llanmalar tavsiya etiladi:
Ya’ni bunda noverbal mashqlardan foydalanib, “kel, birgalikda o‘ynaymiz” mashg’uloti yordamida bolaning aqliy salohiyati tekshiriladi.
“Piramida”
Bolaga dastlab oddiylari, so‘ngra murakkablarini berish kerak.
Bolaga 4 qismdan iborat piramida yig‘ish vazifasi topshiriladi. Vazifani bajarish jarayonida bolaning mayda qo‘l motorikasi qanday holatda ekanligi, kattalikni solishtirish (katta, kichik, halqa), ranglarni ajrata olish, son-sanoq haqidagi tushunchalari aniqlanadi (bitta doirachani, 2 ta, 3 ta … ber), tekshirish davomida qimirlatib, tasdiqlab turish mumkin emas. Bola xatoga yo‘l qo‘ysa, unga xatosini tuzatishni aytish kerak. Agar tushunmasa, bolaga “katta doirachani ol” deb, ko‘rsatib berish kerak. U berilgan vazifani bajarsa, qiyinrog‘i beriladi. 5-6 yoshli bolalarga 6-8 qismdan iborat piramida beriladi.
“Matryoshka”
Bolaga 2-3 qismli matryoshkani sochib, so‘ngra to‘g‘ri yig‘ish taklif etiladi. Aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan kichkintoylar adekvat bo‘lmagan harakatlar qilishadi (kichkinasini kattasiga kiygazishadi).
Katta yoshdagi bolalar bilan 6-7 qismdan iborat matryoshkalar yordamida ish olib boriladi. Unga topshiriq beriladi – “Bitta qilib yig‘ib ber”. Bolada idrok bo‘lsa, u mustaqil yig‘ib bera oladi. Matryoshkani yig‘ish orqali instruksiyalarni tushunish, harakatlarni ketma-ket bajarish, katta-kichik haqidagi tushunchalar aniqlanadi.
“Pochta qutisi”
Ushbu mashq 3-7 yoshdagi bolalarga beriladi.
Harakatning bajarilishi:
a) kuch ishlatish;
b) qulay – tekis;
v) sinab ko‘rish;
g) ko‘rib chamalash (rivojlantirish me’yorlari 5 yoshdan so‘ng paydo bo‘ladi);
d) ko‘rib taqqoslash.
Ranglarni ajratishni tekshirish:
Kubiklarda, lentalarda, sharlarda so‘z va namuna orqali tekshiriladi.
“Juft rasmlar”
Bolaning shakl va rang haqidagi bilimlari aniqlab olingandan so‘ng, uning qo’liga rasmlar beriladi. Rasmni olib juftiga qo‘yish vazifa qilib topshiriladi. Tanlab olishni 5 tagacha ko‘paytirish mumkin.
“Kesma rasmlar”
Bunda bolaga tanish bo‘lgan predmetlar tasviri beriladi.
a) koptok – 2 qismdan iborat;
b) kuchuk – 3 qismdan iborat;
v) qo‘g‘irchoq – 3 qismdan iborat (5 yoshdagi bolalar uchun);
g) mashina – 4 qismdan iborat (6 yoshdagi bolalar uchun).
Tekshiruv jarayonida namuna berilmaydi. Kesma rasmlar berilganda kichkintoylarda bu predmetning shakli haqidagi tasavvuri bor yoki yo‘qligi tekshiriladi va uni bir butun holda idrok eta olishi aniqlanadi. Aqliy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar kesma rasmlar bilan maqsadsiz harakatlar qilishadi.
“Son-sanoq”
Defektolog stol ustiga sanoq cho‘plarini sochadi. So‘ngra, kaftiga bitta cho‘pni oladi va bolaga “shuncha ol” deydi. “Ko‘p” ustida ham analogik tanlov olib boriladi. Bir qo‘lga ko‘p cho‘plar olish va bolaga “shunday qil” deyish kerak. So‘ngra ikkita cho‘pni olish va 4-5gacha tekshirish lozim. Agar bola undan ko‘pni bajarsa, bu yaxshi. Undan so‘ng barmoqlarda taqqoslanadi. Oxirida, so‘z orqali taqqoslash malakasi tekshiriladi (menda nechta tayoq bor, 2-3 tayoqcha ol va h.k.).
“Nutqni tekshirish”
Nutqni tekshirish predmetli, harakatga va tafakkurga oid syujetli rasmlar orqali o‘tkaziladi. Buyumning nomi, harakati, rangini to‘g‘ri izohlab bera oladimi, yo‘qmi aniqlanadi. Bolalarga predmetning o‘zini yoki predmet harakatini, predmetning alohida belgilarini nomlash taklif qilinadi (vazifalar bolalar nutq imkoniyatlarini inobatga olgan holda beriladi).
Bolalarga quyidagi vazifalar beriladi:
– ko‘rsatilgan predmetlarni nomlash (Bu kim? Bu nima?);
– ko‘rsatilgan buyum rasmi bo‘yicha ish harakatini nomlash (“Nima qilayapti?”, “Bola nima qilayapti?” va h.k.). U ish harakatini nomlab, savolga javob berishi kerak;
– ko‘rsatilgan predmetning sifatini aniqlash (“Qanday?”, “Qanaqa?”, “Osmon qanaqa?”, “Ranglar qanday?” va h.k.).
Syujetli va davomli rasmlar
Sabab-oqibat bog‘lanishlari xususiyatlarini, voqelik, hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ri idrok etish malakalari aniqlanadi.
Bolalarga savollar beriladi:
– Siz nima deb o‘ylaysiz, tashqarida issiqmi yoki sovuqmi?
– Nimaga gullar yo‘q?
– Hozir yilning qaysi fasli? va h.k.
Bola oldiga 5 ta turli vaziyatdagi, ammo syujeti bir-biri bilan bog‘langan, ketma-ketligi noto‘g‘ri ravishda joylashgan rasmlar qo‘yiladi va undan to‘g‘ri joylashtirish so‘raladi.
– “Oldin nima?”, “Keyin-chi?”.
Tasniflash
Bolaga rasmlar bittadan ko‘rsatiladi. “Qayerga mos keladi?”, agar bola noto‘g‘ri qo‘ysa, kerakli joyga qo‘yishni ko‘rsatish kerak.
Shakli va rangiga qarab guruhlash
Bu bolalarning aqliy rivojlanishida nuqsoni bor yoki yo’qligi va umumiy rivojlanishdan qay darajada orqada qolganligini aniqlaydi.
Aniqlash uchun kerakli qo‘llanmalar:
5×6 hajmdagi 5 juft rasm: qizil, sariq, ko‘k, yashil va boshqa rangdagi geometrik shakllar (doira, kvadrat, to‘rtburchak, oval, uchburchak va h.k.).
Avval shakliga qarab, keyin rangiga qarab tasniflanadi.
Bu topshiriq 6 yoshlilarga beriladi.
Tekshiruv davomida bolaning hissiy holatiga ahamiyat berish kerak.
1. muloqotga kirisha olishi;
2. qiziqishi;
3. harakatchanligi;
4. diqqat va xotirasi;
5. o‘ziga qarata aytilgan nutqni tushunishi;
6. idrok etish va vazifani bajarish adekvatligi;
7. mantiqiy fikrlash;
8. toliqish va h.k.

Ruhiy rivojlanishi sustlashgan bolalar. Maxsus metodika bo‘yicha barcha topshiriqlarni ko‘rsatilgandan so‘ng bajaradi, nutqi bor, so‘z boyligi kam. Syujetli rasmlardagi harakatning ketma-ketligini yordam bilan ajratib bera oladi. Ko‘rsatilgan predmetlarning nomini aytadi. Piramida va matryoshkani to‘g‘ri yig‘a oladi.
Aqliy orqada qolishning yengil darajasi. Bunday bolalarga o‘yinchoqlarga nisbatan bee’tiborlik, bir xillik, betartib va maqsadsiz o‘yin harakatlari xosdir. Ularning nutqi yaxshi rivojlanmagan va sodda so‘zlardan iborat (ber, ol). Lekin predmetlarni ayta olmasa ham, tana qismlarini va predmetlarni ko‘rsata oladi. Bu kabi bolalar oddiy madaniy gigiyenik ko‘nikma va malakalarni egallagan bo‘ladilar.
Aqliy orqada qolishning o‘rta darajasi. Bunday bolalarda aqliy va jismoniy rivojlanish orqada, koordinatsiya harakatlari buzilgan, qo‘l mushaklarining mayda harakati sust rivojlangan bo‘ladi. Madaniy gigiyenik ko‘nikma va malakalarni qisman egallagan. Topshiriqlarni bir necha marta ko‘rsatilgandan so‘ng qiyinchilik bilan bajaradi. Artikulyatsion apparati rivojlanmagan, o‘ziga qaratilgan nutqni tushunadi. Nutqi 1-2 ta oddiy so‘z va bo‘g‘inlardan iborat.
Aqliy orqada qolishning og‘ir darajasi. Ular aqliy va jismoniy rivojlanishda keskin orqada qolgan bolalardir. Koordinatsiya harakatlari qo‘pol buzilgan, qo‘l mushaklarining mayda harakati rivojlanmagan. Madaniy gigiyenik ko‘nikma va malakalarini egallamagan. Tekshiruv jarayonida topshiriqlarni bajara olmaydi. Diqqati tarqoq, predmetlarga va unga qarata aytilgan gaplarga bee’tiborlik bilan qaraydi, nutqi rivojlanmagan, muloqotda so‘z bo‘g‘inlarini zaif talaffuz qilishi kuzatiladi. Bunday bolalarni umumiy ta’limga tavsiya qilib bo’lmaydi.
Bolani tekshiruvdan o‘tkazish jarayonida, uning ota-onasi ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya qarorlari ota-onalar ishtirokisiz qabul qilinadi va tayyor holda ularga beriladi.

Dilnoza Musayeva
Uchtepa tumani 431-sonli IMTM mudirasi

Check Also

Bizning jonli burchagimiz

“Maktabgacha yoshdagi bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarida ekologik ta’lim berish” mavzusida kichik guruhlar uchun mashg‘ulot ishlanmalari …