Bosh sahifa | Sog‘lom turmush tarzi | Tishlarimiz sog`lom bo`lsin

Tishlarimiz sog`lom bo`lsin

Bugungi kunda insonlar og‘iz bo‘shlig‘i a’zolarining kasalliklari ichida eng ko‘p tarqalgani tishlar kariyesi va uning asoratlari hamda parodont kasalliklari hisoblanadi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tish kariyesi hozirgi zamonda profilaktika o‘tkazilishi zarur bo‘lgan kasalliklar majmuasiga kiritilgan.

Stomatologik kasalliklar profilaktikasida og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenik holati va kariyes tarqalish ko‘rsatkichi chambarchas bog‘liq. Ushbu kasalliklarning juda yuqori saviyada davolash bilan uning jadal tarqalish ko‘rsatkichini pasaytirib bo‘lmaydi. Shuning uchun yuqorida aytib o‘tilgan kasalliklarni kamaytirish va oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar qamrovini kengaytirish kerak. Insonni go‘daklik davridan boshlab og‘iz bo‘shlig‘ining shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga o‘rgatish, ularda ratsional muvofiqlashtirilgan ovqatlanishni tashkillashtirish, zararli odatlarni bartaraf qilish, o‘z vaqtida muntazam ravishda og‘iz bo‘shlig‘ini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish kerakligini tushuntirib borish, stomatolog shifokorga nisbatan ishonch tuyg‘usini shakllantirish stomatologik kasalliklar profilaktikasining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Ushbu chora tadbirlarni bolaning yoshi va ruhiy holatiga mos ravishda o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. Bunda 2–3 yoshli bolalar tish parvarishini og‘iz bo‘shlig‘ini chayishdan va tish cho‘tkasini qo‘lida to‘g‘ri ushlashdan boshlashi kerak.
3–4 yoshli bolalarga har bir odamning o‘z shaxsiy tish cho‘tkasi va bolalar uchun kichkina tish cho‘tkalarning ishlatilishi hamda tishlarni ertalab – nonushtadan so‘ng, kechqurun – uyqudan oldin tozalash kerakligi uqtiriladi.
Bola 4 yoshga kelib tish cho‘tkasi yordamida hamma guruh tishlarini old va orqa sohalarini vertikal hamda gorizontal harakatlar bilan tozalashni o‘rganishi zarur. Ularga 4–5 yoshida og‘iz bo‘shlig‘ining gigiyenasini individual tarzda olib borish kerakligi tushuntiriladi hamda kuniga ikki marta tish va tishlarning chaynov sohasini “supuruvchi” harakatlar bilan tozalash ko‘nikmalari hosil qilinadi.
5–6 yoshli bolalarga har faslda (har 3 oyda) tish cho‘tkasini majburiy almashtirib turish hamda ularda mikroblar haqidagi tasavvurni shakllantirish kerak.
7 yoshga kelib bola kun ora mustaqil ravishda tishlarni to‘g‘ri tozalash usulini qo‘llashi va bu muolajalarni tish cho‘tkasi yordamida aylanma harakatlar bilan milk va tish atrofi to‘qimalarini massaj qilib tugatish ko‘nikmalarini egallashi lozim. Butun o‘rganish davomida bolada har doim ovqatlangandan so‘ng og‘iz bo‘shlig‘ini chayish ham o‘rgatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning gigiyenik tarbiyasida ularning psixomotorik rivojlanishiga e’tibor bergan holda gigiyenik ko‘nikma va bilimlarini talab darajasida o‘rgatish kerak. Bolalarning to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ko‘nikmalarini 3–4 yoshdan boshlab shakllantirish zarur, chunki ular bu yoshga kelib sabzavotlarning foydali, shirinliklarning esa zararli ekanligini tushuna boshlaydilar.
4–5 yoshda bu tushunchalarni “shirinlik kuni” va vitaminlar haqidagi ma’lumotlar bilan boyitib borish darkor. 5–6 yoshli bolalar sabzavot, mevalar hamda vitaminlarga boy ovqatlarning foydali ekanligini, shirinliklarning esa me’yoridan ortig‘i zararli keltrishini bilishlari zarur. Ular 6–7 yoshida to‘g‘ri ovqatlanishning asosiy prinsiplari haqida tushunchaga ega bo‘lishlari kerak.
Bola tug‘ilganidan boshlab uning zararli odatlarini nazorat qilish kerak. Bu odatlarni o‘z vaqtida to‘g‘rilab, bunga qo‘shimcha ravishda bolada foydali odatlarni shakllantirish lozim. 2 yoshli bolaga barmog‘ini og‘ziga solishi mumkin emasligi, 3–4 yoshli bolaga esa o‘yinchoqlar va barmoqlarini so‘rish zararli odatligi tushuntiriladi.
Yuqoridagi tushunchalarni 4–5 yoshda mustahkamlab borish kerak, chunki 5–6 yoshda bolalar choyshablarni og‘ziga olishi, tirnoq va qalamlarni tishlashi kuzatiladi. Bolaning 3 yoshdan ovqatni yaxshi chaynashiga, 5–6 yoshdan esa ovqatni to‘liq, shoshmasdan, ikki tomonda barobar me’yorda va ritmik ravishda chaynashiga e’tibor berish kerak. Ushbu talablar maktab yoshiga yetgan bolada to‘liq shakllanib ulgurgan bo‘lishi kerak.
3–4 yoshli bolalarga tishlarni o‘z vaqtida davolatishga e’tibor berishni singdirish kerak. Yaxshi natijalarga 5–6 yoshda erishish mumkin, chunki bu yoshda bolalar keng tushuncha va taassurotlarga ega bo‘ladilar. Bu axborotlarni mavzuga oid suhbatlar, talabalar bilan o‘tkaziladigan stomatologik kasalliklar profilaktikasi darslari, stomatologiya poliklinikasi yoki stomatologik xonalarga sayohatlar uyushtirish bilan mustahkamlash mumkin.
Bolalarning gigiyenik tarbiyasi bo‘yicha olingan barcha bilimlarini mustahkamlash maqsadida ularda ko‘nikma hosil qilish lozim. Gigiyenik ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ko‘rsatmalarga rioya qilishi, shu jumladan har kuni tish parvarishini uyda ota-onalar tomonidan, maktabgacha ta’lim muassasalarida esa guruh tarbiyachisi tomonidan nazoratga olinishi yaxshi natijalar beradi.
Habiba ISAHODJAYEVA,
Toshkent davlat stomatologiya instituti
stomatologik kasalliklar profilaktikasi
kafedrasi assistenti