Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | TRIZ texnologiyasi nima?

TRIZ texnologiyasi nima?

Hozirgi zamonaviy ta’limning eng muhim vazifalaridan biri shaxs tarbiyasida yangicha yondashuvni tashkil etishdan iborat. Bu jarayonlar bolaning ijodiy faol, mustaqil fikrlov­chi, muloqotchan va turli vaziyatlarga mos­la­shuv­chan bo‘lishini ta’minlaydi.
“Sog‘lom bola” yili dasturida maktabga­cha ta’lim muassasalari uchun muhim vazifalar belgilab berilgan. Dasturda sog‘lom bolani shakllantirishda ta’lim-tarbiya tizimini ku­chaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali va tajribali pedagoglar bilan ta’minlash, maktabga tayyorlov darajasini tubdan oshirish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish masalasi ko‘zda tutilgan. Ma’lumki, maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning ilk bo‘g‘ini hisoblanib, kichkintoylarni maktab ta’limiga har tomonlama tayyorlashni amalga oshiradi.
Bolalarni kelajakka tayyorlash uchun ularda ijodiy faollikni rivojlantirish lozim. Pedagog kichkintoylarga tayyor bilim berishi emas, balki ularni mustaqil fikrlashga o‘rgatishi kerak. Bola savol berganda, unga “Sen nima deb o‘ylaysan?”, “Qanday fikr bildirasan?” deb murojaat qilinishi maqsadga muvofiqdir. Kich­kintoylarga bergan savollari bo‘yicha o‘zlari mustaqil ravishda muhokama qilishlari taklif etiladi. Shundagina ularda qo‘shimcha savollarga javobni mustaqil ravishda topish malakasi shakllanadi. Agar jajjilar savol bilan murojaat qilmasalar, tarbiyachining o‘zi ularga turli xil muammoli vaziyat va holatlarni yaratishi kerak. Muammoli vaziyatlarda, ya’ni to‘g‘ri yechim topish lozim bo‘lganda kichkintoy o‘zi anglashi va voqea-hodisalarga nisbatan yangicha qarashlarini ayta olishi kerak. Psixolog olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, aynan maktabgacha ta’lim yoshi eng qulay senzitiv davr bo‘lib, ularda kreativlik yuqori bo‘ladi. Kreativlik ijodiy qobiliyat hisoblanib, yechilmagan vazifalarni hal etishni talab etadi, stereotip tafakkur qobiliyatini inkor etadi. Mana shu davrdan unumli foydalanilmasa, bolalarda rivojlanish jarayonlari sust kechadi. Har bir bola takrorlanmas shaxsiy sifatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Pedagogning vazifasi esa kichkintoylardagi kreativlikning yuzaga kelishini ko‘ra olish va ularning ijodiy faoliyati rivojlanishiga turtki berish­dan iborat.
Pedagoglar maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berishning o‘ziga xos xususiyatlarini puxta bilishlari talab etiladi. Pedagog ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda bolalarda ichki “Men”ni yarata olish va o‘zini anglash ko‘nikmasini shakllantirishga e’tibor qaratishi lozim. Jajjilarga topshiriqni bajarish vaqtida mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishi va shaxsiy fikrlarini bildirishlari taklif etiladi. Tarbiyachi bolalarga o‘zining potensial ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq eta olishlariga ham imkoniyat yaratishi lozim. Ularda ijodiylikni shakllantirish natijasida bu anglangan yoki o‘zlashtirilgan bilimlar asosida qandaydir yangilik yaratish, yangi bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish, eng noyob yo‘llarni ajrata olish, bir qolipdan, ya’ni etalondan chiqishga intilish ishtiyoqi yuzaga keladi. Pedagog tomonidan berilgan tayyor bilim yoki misollar bolalardagi fikrlash jarayonini susaytiradi. Ijodiy fikrlash tafakkur rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Kichkintoylardagi ijodiy tafakkur quyidagi xususiyatlar bilan tavsiflanadi:
–    oldin hech kim erishmagan natijalarga erishish;
–    natijaga erishishning turli usullarini topishga intilish;
–    hech kimning ko‘magi va yordamisiz harakat qilish zaruriyati.
Bolalarda ijodiy tafakkurni rivojlantirishda triz texnologiyasi juda samarali va qulay hisoblanadi. Triz texnologiyasi asoschisi G. S. Alt­shuller bo‘lib, u barchada ijodiy qobiliyat mavjudligini ta’kidlaydi. Ijodiylik yoki har qanday qobiliyatni rivojlantirish mumkin. Izlanish jarayoni, yangilik topish, yaratuvchanlik ta’limning asosiy mazmunini ifodalaydi. Triz texnologiyasini qo‘llashda individual va jamoa shaklida ishlash yaxshi samara beradi. Jamoa bo‘lib ishlashda evristik o‘yinlar, aqliy hujumdan foydalanish jajjilarni ijodiy izlanishga yo‘naltiradi.
Triz texnologiyasining asosiy vazifalari:
–    ijodiy tasavvurni rivojlantirish;
–    ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirish;
–    fikrlashda tizimlilik;
–    harakatchanlik qobiliyati yoki o‘z-o‘zini rivojlantirish;
–    qolipga tushmaslik;
–    yechim qidirish uchun kuch va imkoniyat topish;
–    ijodiy intuitsiya;
–    nutq rivojlanishi.
Triz texnologiyasi orqali bolalarda xayol rivojlantiriladi. Tasavvur shunday muhim ahamiyatga egaki, bunda hali faoliyat jarayoni bosh­lanmasdan oldin natijalarni ko‘z oldiga keltirishga imkon paydo bo‘ladi. Xayol mavjud tasavvurlarimizga asoslanib, avval idrok qilinmagan, turmush tajribamizda uchramagan nar­sa va hodisalarning obrazlarini yaratishdan iborat bo‘lgan ong faoliyatidir. Xayolning bosh­qa psixik hodisalardan yana bir farqi shundan iboratki, u hozirgina emas, balki o‘tmishni va uzoq kelajakni ham aks ettira olishga o‘rgatadi.
Psixolog olimlar xayolning ikki turini farqlaydilar:
Tasavvur xayoli – ongimizda mavjud tasavvurlarimizga asoslanib, obyektiv voqelikda mavjud bo‘lgan, biroq biz idrok qilmagan, turmush tajribamizda uchratmagan narsa va hodisalarning obrazlarini yaratish­dan iborat.
Ijodiy xayol – mustaqil ravishda hech narsaga o‘x­shamagan yangi obrazlar yaratish.
Ijodiy tasavvurning asosiy shakli, bu – orzu hisoblanadi. Orzu kichkintoyga kelajakda o‘zi istagan obrazlarni yaratishga turtki beradi. Agar bolada nimanidir bajarish istagi paydo bo‘lsa, maqsadni to‘g‘ri qo‘ya olishga o‘rgati­shimiz kerak. Ularda yuzaga kelgan muammo yechimini o‘ylash va o‘z oldiga maqsad qo‘yi­shi lozimligini uqtirib borish lozim. Bu vazifalarni hal etish uchun u mustaqil ravishda muammoni yechish yo‘llarini izlaydi, ijodiy faoliyat yuritadi. Ijodkor bola shaxsini shakllantirishda G. Altshuller va I. Vertkinning “Ijodkor shaxsning hayotiy strategiyasi” tamoyilini qo‘l­lash bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish ijobiy natija beradi. Mazkur olimlar ijodkor shaxsning quyidagi asosiy sifatlarini tasniflaydilar, ular:
1.    Aniq maqsadni tanlash qobiliyati.
2.    Muammoni ko‘ra olish qobiliyati, maqsadga erishishga tez olib boradigan yechim topish.
3.    Ishni rejalashtira olish qobiliyati va bajarilgan ishlarni muntazam nazorat qilish.
4.    Rejada belgilangan ishlarni yuqori ish­chanlik kayfiyatida bajarish.
5.    Har qanday holatda ham o‘z fikr va qarashlarida mustahkam turish.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab ta’limiga tayyorlashda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llash yuqori samara beradi. Ta’lim jarayonida qo‘llaniladigan har bir texnologiya kichkintoyni yaratuvchanlikka, ijodkorlikka, mustaqillikka yo‘naltiradi.

Ra’no NOSIROVA,
TVXTXQTMOI katta o‘qituvchisi.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …