Aql qayrog‘i

Matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi

8-MASHG‘ULOT
Vaqt haqida tasavvur
Sutka qismlari: ertalab, kunduzi, kechqurun, tun haqidagi bilimlarni mustahkamlash


Maqsad: sutka qismlarini farqlash­ga o‘rgatish.
Kerakli jihozlar: doira shaklidagi oq qog‘oz (tarbiyachi tushuntirishi uchun), rangli qalamlar. Bolalarning har biri uchun ham xuddi shu o‘quv qurollari kerak bo‘ladi.
Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: – Bolajonlar, biz hayotimiz davomida doimo vaqtdan to‘g‘ri foydalanishga harakat qilamiz. Vaqt turli qismlarga bo‘linishini bilasizlarmi? Hozir bir sutkaning necha qismga bo‘linishini bilib olamiz. Mana shu doira shaklini bir sutka deb olamiz va uni buklab teng 2 ga ajratamiz. Endi doirani yana buklaymiz, doira 4 qismga bo‘lindi. 1 raqami bilan belgilangan qismini och havorangga, 2 raqami bilan belgilangan qismini sariq rangga, 3 raqami bilan belgilangan qismini kulrangga, 4 raqami bilan belgilangan qismini esa qora rangga bo‘yaymiz. Biz tunda uxlab, orom olamiz, demak mana bu qora joy tun bo‘ladi, uyqudan uyg‘ongan vaqtimiz ertalab bo‘ladi. Biz rasmda ertalabni och havorangga bo‘yaganmiz. So‘ngra quyosh chiqib olam charog‘on bo‘ladi – bu vaqtimiz kunduzi, doiraning sariq rangga bo‘yalgan joyi. Quyosh bota boshlagach, sekin-asta qorong‘ulik tusha boshlaydi, bu tundan oldingi vaqt kechqurun bo‘ladi – biz bu vaqtni rasmda kulrangga bo‘yadik. Kechqurun asta-sekin tunga ulanib ketadi va biz bu vaqtda yotib orom olamiz.

Tarbiyachi shu tarzda bolalarning sutka qismlari – ertalab, kunduzi, kechqurun va tun haqidagi bilimlarini mustahkamlaydi.
Bolalar uchun amaliy ish.
Har bir bolaga doira shaklidagi oq qog‘oz beriladi. Bolalar tarbiyachi ko‘rsatgan namuna asosida uni buklab, ertalab, kunduzi, kechqurun va tunni belgilaydilar va kerakli ranglarga bo‘­yaydilar.

Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin:
Bolalar ertalab, kunduzi, kechqurun va tun so‘zlarini navbat bilan aytib, 4 guruhga bo‘linadilar. Tarbiyachi 4 ta joyga doira rasmini rangli bo‘yoqlarda chizadi.
1-doira havorang – ertalab, 2-doira sariq – kunduzi, 3-doira kulrang – kechqurun, 4-doira qora – tun hisoblanadi.
O‘yin markazida ikki guruh joylashadi. O‘yin qoidasi: Tarbiyachi 1-guruhni “kunduzi”, 2-guruhni esa “tun” deb nomlaydi. Birin­chi guruhdagi bolalar “kunduzi” deb belgilangan doirani topib, ichiga kirib olishlari kerak, ikkinchi guruh bolalari “tun” deb belgilangan doirani topib, ichiga kirib olishlari kerak.
So‘ngra o‘yinni keyingi ikki guruh davom ettiradi.

Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:

1. Hamma uyqudan uyg‘ongan vaqt sutkaning qaysi vaqti bo‘ladi?
2. Biz hozir mashg‘ulot o‘tkazayotgan paytimiz qaysi vaqt?
3. Bog‘chadan uyga borgach ovqatlanasiz va o‘ynaysiz, uyqudan oldingi bu vaqt qanday aytiladi?
4. Odamlar qaysi vaqtda uxlaydi?
5. Quyosh qachon chiqadi? Oy-chi?
7. Yulduzlar osmonni to‘ldiradigan payt qan­day ataladi?

Tarbiyachi mashg‘ulot davomida va yakunida bolalarni rag‘batlantirib boradi.

9-MASHG‘ULOT
Son va sanoq
Sonlar ketma-ketligi orasidagi munosabatni tushunishga o‘rgatish

Maqsad: bolalarda sonlar orasidagi bog‘lanishlar (bitta oldingi son keyingi sondan kichikligi va bitta keyingi son oldingisidan kattaligi) haqidagi tushunchalarni hosil qilish.
Kerakli jihozlar:

  • kichik o‘yinchoqlar;
  • sonlar tasvirlangan kartochkalar (bo‘yi 10 sm, eni 10 sm);
  • 1 dan 10 gacha sonlar yozilgan boshga kiyiladigan atributlar (har bir bolaga bittadan);
  • ovoz chiqaradigan predmetlar: bolg‘a­cha yoki baraban, sanash materiallari, raqamlar, sanoq kartochkalari.

Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: – Bolajonlar, 1 dan 10 gacha bo‘lgan sonlarni yozuvda farqlashni, to‘g‘ri va teskari sanashni o‘rganib olgansiz. 1 dan 10 gacha bo‘lgan yonma-yon turgan sonlarning orasidagi munosabatlar haqida ham bilasizlarmi?

Hozir sizlar bilan “Qo‘shnilarini ayt” o‘yinini o‘ynaymiz.
O‘yinning maqsadi: “Qo‘shnilarini ayt” o‘yini ketma-ket turgan sonlar orasidagi miqdoriy munosabatlarni, hisoblashga oid mashqlar haqidagi tasavvurlarni mustahkamlashga qaratilgan.
O‘yin qoidasi: tarbiyachi bolalarga bitta son aytadi. Bolalar aytilgan son “qo‘shni”larini – oldingi va keyingi sonni topishlari va bu sonlar nima uchun berilgan sonning “qo‘shnilari” ekanligini tushuntirib berishlari kerak. (Chunki bittasi aytilgan sondan oldin, ikkinchisi aytilgan sondan keyin turibdi, aytilgan sondan oldingisi bitta kichik, aytilgan sondan keyingisi bitta katta.) Masalan, tarbiyachi 4 sonini aytadi. Bolalar “3” va “5” deydilar. “3” to‘rtdan oldingi, “5” to‘rtdan keyingi son. “3” to‘rtdan bitta ki­chik, “5” to‘rtdan bitta katta, deb tushuntirib beradi. O‘yin bir necha marta takrorlanadi. Bo­lalarning o‘zlashtirish darajasiga qarab o‘yin­ni o‘tkazish tezligi oshirilishi mumkin.

Bolalar uchun amaliy ish.
Har bir bolaga kichik o‘yinchoqlar beriladi. Bolalardan biri birorta sonni aytadi, masalan: 6 sonini. Bolalar darhol shu sondan oldingi va keyingi sonlarni aytadilar: 5 va 7. 5, 6, 7 sonlariga teng o‘yinchoqlarni stol ustiga 3 qator qilib terib chiqadilar. Keyin boshqa bola birorta sonni aytadi. Amaliy ish shu tariqa davom etadi.

Tetiklashtiruvchi o‘yin: “Sonlar”
Har bir bolaga bitta son yozilgan boshga kiyiladigan atribut beriladi.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, kelinglar, hozir “Sonlar” o‘yinini o‘ynaymiz. Men “Sonlar harakatda” desam, xohlagan harakatni qilasiz. Sonlar nechtadan birlashishi kerakligini aytsam, shun­chadan birlashasiz.
Bolalar xona bo‘ylab yuradilar. Tarbiyachi “Sonlar bir qatorga terilinglar” desa, bolalar 1 dan 10 gacha bir qatorga teriladilar. “Sonlar harakatda” desa, bolalar xohlagan harakatni qiladilar. “Sonlar 2 tadan birlashing” desa, 2 tadan birlashadilar. “Sonlar harakatda” desa, bolalar ajralib xohlagan harakatni qiladilar. “Sonlar 5 tadan birlashing” desa, bolalar 5 tadan birla­shadilar. Tarbiyachi “Sonlar harakatda” desa, bolalar ajralib xohlagan harakatni qiladilar. “Sonlar 7 tadan birla­shing” desa, bolalar 7 tadan birlashadilar. O‘yin shu tariqa davom etadi. Sonlarni 10 tagacha birlashtirish mumkin.

“Xato qilma” o‘yini.
O‘yinning maqsadi: bolalarda sonlar orasidagi miqdoriy munosabatlar haqidagi tasavvurlarni mustahkamlash, aytilgan sonlardan oldingi va keyingi sonlarni topish mashqlariga, ko‘rish va eshitish analizatorlari yordamida sanash mashqlariga, tegishli raqam bilan turli miqdorlarni ifodalashni bilishga yo‘naltirilgan. O‘yinda ovoz chiqaradigan predmetlar, sanash materiallari, raqamlar, sanash kartochkalaridan foydalaniladi. O‘yinni olib boruvchi o‘yin boshlanishidan oldin bolalarga topshiriq beradi: “Siz ko‘zingizni yumasiz, men barabanga uraman. Diqqat bilan eshiting, so‘ng urilgan zarb nechta bo‘lsa, sanab, shu raqamni ko‘rsatasiz”.
Bolalar urilgan zarblarni sanab, raqamni ko‘rsatadilar va nima uchun aynan shu raqamni ko‘rsatganliklarini tushuntirib beradilar. Masalan, “Men 4 ta urilgan zarbni eshitganim uchun 4 raqamini ko‘rsatdim”. Bolalarning bilim va malakalariga qarab, tarbiyachi o‘yinning turli variantlarini qo‘llashi mumkin: urilgan zarblarni ochiq yoki yopiq ko‘z bilan sanash, urilgan zarbdan bitta kam yoki ko‘p raqamni ko‘rsatish.

Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun topshiriqlar:

1. 5 sonidan oldingi va keyingi sonlarni ayting.
2. 3 sonidan oldingi va keyingi sonlarni ayting.
3. 9 sonidan oldingi va keyingi sonni ayting.
4. 10 sonidan oldingi sonni ayting.
5. 7 va 9 soni o‘rtasida qanday son bor?
6. 10 gacha sanab bering.
7. 8 sonidan oldingi va keyingi sonlarni ayting.

Tarbiyachi mashg‘ulot davomida va yakunida bolalarni rag‘batlantirib boradi.

Zulxumor Rahmonqulova,
MTMXQTMORO‘MM bo‘lim boshlig‘i.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 20-MASHG‘ULOT Son va sanoq 1 dan …