Sog`lom bola sog`lom kelajak 7-maqola

 

QIZIQARLI VA FOYDALI YOGA MASHQLARI

Bilasizmi, bolalar ham xuddi kattalardek yoga mashqlari bilan shug`ullanishlari mumkin. Qanday qilib deysizmi? Bu juda oddiy, bolalarga mo`ljallangan oson yoga mashqlari jajji bolakayning tanasini zo`riqtirmagan holda, ohista bajariladi. Eng muhimi, bu mashqlar ertaknamo bo`lishi kerak. Shu sababli Meriam Geyt kichkintoylar uchun maxsus rang-barang rasmli 11 ta yengil yoga mashqini o`ylab topdi. Ushbu harakatlar bolaning gavda, nafas va aqlini uyg`unlashtirib, uyqusining yaxshilanishiga yordam beradi.

 

 

1. Quyoshcha holati. Nafas olib, qo`llar tepaga ko`tariladi, so`ngra nafas chiqarib, pastga tushiriladi.

 

 

2. Bulutcha holati. Nafas olib, oyoqlar yelka kengligida, tizzalar biroz bukiladi, so`ngra nafas chiqariladi, tizza va gavda ko`tarilib, qo`llar to`g`ri holatga keltiriladi.

3. Yulduzcha holati. Bu holatda ham chuqur nafas olib, oyoqlar orasi keng ochiladi va qo`llar ikki yonga yoyiladi, so`ng nafas chiqarib, to`g`ri holatga qaytiladi.

 

 

4. Oymomo holati. Ko`krakka nafas to`ldiriladi va qo`llarni birlashtirib, har ikki yonga egib, gavda oymomo shakliga keltiriladi. Bir necha soniyadan so`ng nafas chiqarib, to`g`ri holatga qaytiladi.

 

 

 

5. Qushcha holati. Ushbu mashqda avval nafas olib, qo`llar ikki yonga yoyiladi, bir oyoq ko`tarilib, gavda qushcha holatiga keltiriladi. So`ngra nafas chiqarib, to`g`ri holatga qaytiladi. Mashq har ikki oyoqni navbatma-navbat ko`targan holda bajariladi.

 

 

6. Daraxt holati. Nafas olib, yelkalarni tik tutgan holda, qo`l kaftlari o`rtada birlashtiriladi. Oyoqlar esa biri ikkinchi oyoqning tizzasiga qo`yilgan holatda bo`ladi. Bir necha soniyadan so`ng, nafas chiqariladi. Yana nafas olib, yelkalar tik holda, qo`l kaftlari o`rtada birlashtirilib, oyoqlar holati o`zgartiriladi.

 

7. Qo`ng`izcha holati. Chuqur nafas olib, yelka tik tutiladi, o`tirgan holda tizzalar ochib bukiladi, ikki qo`l kafti o`rtada birlashtiriladi. Xuddi shu holatda nafas chiqariladi.

 

 

8. Kapalak holati. Nafas olib, o`tirgan holda yelkalar tik tutiladi, gavda tik ko`tarilib, qo`llar bilan birlashgan oyoqlar ushlab turiladi, nafas chiqariladi.

9. Asalari holati. Bu mashqni bajarganda ham avval chuqur nafas olinadi, to`g`ri o`tirgan holda qo`llar orqada birlashtiriladi, gavdani esa oldinga qo`yishga harakat qilinadi, nafas chiqariladi.

 

 

10. Mushukcha holati. To`rt oyoqlab turgan holda chuqur nafas olib, bosh sekin tepaga qaratiladi, qorin pastga tushadi, so`ngra nafas chiqarib pastga qarab, gavda yuqoriga ko`tariladi.

 

 

11. Chig`anoq holati. Bunda xuddi rasmdagidek holatda yotib, nafas olib, nafas chiqariladi.

 

 

 

Ushbu mashqlarni bolangiz bilan birgalikda quvnoq kayfiyatda bajarishingizni maslahat beramiz.

 

 

Sevara MUSAYEVA tayyorladi.