Bosh sahifa | Yangi pedtexnologiyalar | YANGI QADAMLAR, YANGICHA MODEL

YANGI QADAMLAR, YANGICHA MODEL

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-sentabrda “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonini imzoladi. Ushbu hujjat asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Bir so`z bilan shu kundan e’tiboran yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimida yangi davr boshlandi desak, xato bo`lmaydi.
Uzluksiz ta’lim tizimining ilk bo`g`inini yanada takomillashtirishda maktabgacha ta’lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar, shuningdek, didaktik materiallar, o`yin va o`yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, muassasalarga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, bolalarning sog`lom, to`g`ri ovqatlanishi uchun sharoit yaratish hamda salomatligini himoya qilish g`oyat muhim vazifa hisoblanadi.
Shuni ta’kidlab o`tish kerakki, ilg`or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish yangi vazirlik oldiga qo`yilgan asosiy vazifalardan biri sanaladi. Joriy yilning noyabr oyida Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Koreya Respublikasida yigirmaga yaqin uchrashuvlar o’tkazilib, O’zbekistonda eksperimental tarzda Koreya modeli elementari qo`llaniladigan maktabgacha ta’lim muassasalarini ochish, birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar davomida vazirlik mutaxassislari tomonidan Koreyaning qator maktabgacha ta’lim muassasalariga tashrif uyushtirilib, ulardagi faoliyat, o`ziga xos jihatlar, ta’lim berish usullari, muassasaga qabul, to`lov, moliyalashtirish tizimlari, shuningdek, pedagog-xodimlarning malakasi, xizmat sharoiti va imkoniyatlari atroflicha o`rganildi.
Koreyada inklyuziv ta’lim prinsiplariga amal qilinadi, ya’ni imkoniyati cheklangan bolalar tengdoshlaridan ajratilmaydi, balki birga ta’lim-tarbiya beriladi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oila farzandlari va nogiron bolalarga birinchi navbatda g’amxo’rlik ko’rsatiladi.
Koreya ta’lim tizimi uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan va tasarrufida maktabgacha ta’lim muassasalari bo’lgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Sangmyong universiteti (Sangmyung University) hamda Chung-Ang universiteti (Chung-Ang University) bilan Hadli kelishuvlar imzolandi, shuningdek, Chonnam Milliy universiteti (Chonnam National University) bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shu o`rinda aytib o`tish kerakki, yurtimizda oliy ta’lim muassasalari maxsus sirtqi bo’limlarining “Maktabgacha ta’lim” yo’nalishi bo’yicha 2018–2023-yillar uchun kvotalar ajratish masalasiga e’tibor qaratilmoqda.
Ta’lim-tarbiyani rivojlantirish jarayonida o`quv-uslubiy materiallarni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Seul bolalarni erta rivojlantirishga ko’maklashish instituti (Seoul Early Childhood Education Promotion Institute) bilan uchrashuv davomida kelgusida qo’shma tadqiqotlar o’tkazish, tajriba almashish, hamkorlikdagi ilmiy-amaliy tadqiqot muassasalarini tashkil etish, o’quv-uslubiy materiallarni tayyorlash borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Eng muhim va samarali muzokaralar Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim va bola parvarishi Departamentida bo’lib o’tdi. Departament mutaxassislari yurtimiz delegatsiyasiga Koreyadagi maktabgacha ta`lim va bola parvarishi bosqichlari, maktabgacha ta`lim tizimida samarali qo`llanib kelinayotgan NURI (“Butun dunyo”) Milliy dasturi, tizimni rivojlantirish strategiyasi to`g`risida ma’lumot berishdi.
Mana shunday muzokaralar natijasi o`laroq, joriy yil noyabr oyi so`ngida Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim va bola parvarishi Departamenti mutaxassisi O Kyong Mi tomonidan uch kun davomida soha jonkuyarlariga seminar o`tkazildi.
Mutaxassis jismoniy barkamollik, nutq ravonligi, ijtimoiylashuv, ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish va atrof-olamni o`rganishni o`z ichiga olgan 5 bo`limdan tashkil topgan NURI Milliy dasturi va uning ta’lim-tarbiya tizimida qay tarzda joriy etilgani bilan tanishtirdi. Bundan tashqari, O Kyong Mi Koreya maktabgacha ta’lim tizimida ko`plab jarayonlar, xususan, muassasaga hujjatlarni topshirish, qabul, ro`yxatga qo`yish, ota-onalar tomonidan tarbiyachilarni baholash kabilar onlayn tartibda ekanini ta’kidlab o`tdi.
– Hujjatlarning onlayn tartibda topshirilishi zamonaviy ota-onalarning qimmatli vaqtini ancha tejaydi, – deydi O Kyong Mi. – Bizda davlat MTMlarida ta`lim-tarbiya jarayonining sifatliligi hamda bepulligi bilan birga, ular sonining nisbatan kamligi (24 foiz davlat, 74 foiz nodavlat) sabab bolaning unga qabul qilinishi ota-onalar tomonidan xuddi lotoreyada yutganday qabul qilinadi. Zero, ilgarilari MTMga qabul qilish tanlovi kuni ko`plab ota-onalar ishdan javob olib, bu jarayonda bevosita ishtirok etishar edi. Endilikda ular farzandining muassasaga qabul qilinganmi yoki yo`qligini o`z kompyuteri orqali aniqlashi mumkin. Chunki mana shunday murakkab jarayon onlayn tarzda amalga oshirilmoqda.
Alohida e’tibor qaratish lozim bo`lgan bir jihat, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish va navbatga qo’yish bo’yicha elektron dastur”ni joriy etish bo’yicha topshiriq berildi. Shunday ekan, ko`p o`tmay bizning maktabgacha ta’lim tizimimizda ham elektron qabul xizmati ishga tushishi kutilmoqda.
– Koreya maktabgacha ta’lim tizimida tarbiyalanuvchi va ota-onalarning xohish-istaklariga alohida e’tibor bilan qaraladi, – ta’kidlaydi O Kyong Mi. – Masalan, mashg`ulot xonasi turli xil burchaklardan (konstruktorlar, kitoblar, yumshoq o`yinchoqlar va h.k.) tashkil topgan bo`lib, bola o`zi istagan burchakda vaqtini o`tkazadi. Bundan tashqari, tushlikdan so`ng bolalar ota-onalarining xohishiga ko`ra uyquga ketadi. Agar ota-ona buni istamasa, bola passiv mashg`ulotlar bilan shug`ullanadi.
Seminar davomida koreyalik mutaxassis pedagoglar malakasini oshirish hamda sohani takomillashtirish tendensiyalari haqida ham gapirib, o`zbekistonlik hamkasblarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Xullas, pedagoglar ta’lim jarayonida joriy qilish mumkin bo`lgan ko`plab qimmatli ma’lumotlarga ega bo`ldi. Koreya singari rivojlangan mamlakatning sinovdan o`tgan tajribasi O’zbekiston maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilishda, albatta, asqatadi.
Adolat NURULLAYEVA

Check Also

Portfolio – imkoniyat izlash

Portfolio yig‘ish zamonaviy baholash usullaridan biri hisoblanib, bu usul bola shaxsiga yo‘naltirilgan metodlardan biridir. “Portfolio” …