Bosh sahifa | Munosabat | Yaxshi o‘rnak ham tarbiya vositasi

Yaxshi o‘rnak ham tarbiya vositasi


Farzand – hayotimiz guli. Ular – bizning kelajagimiz. Shu bois kelajagimizning porloq bo‘lishi dilbandlarimizning qanday ta’lim-tarbiya olayotganiga hamda ana shu jarayon ta’sirida qanday inson bo‘lib voyaga yetishlariga bevosita bog‘liqdir. Hamma davrlarda ham ta’lim-tarbiya ishi bilan shug‘ullanuv­chi pedagog, tarbiyachi, muallim kelajak oldida katta mas’uliyat sezib yashaydi, bu – tabiiy, albatta.
Bolalar kuniga 9–10 soat davomida mak­tab­gacha ta’lim muassasasida bo‘ladilar. Demak, ular kunning asosiy qismini shu yerda o‘tkazadilar. Tarbiyachi esa o‘zining har bir xatti-harakati, so‘zi, ishi, fikri bilan bolaga bevosita va bilvosita ta’sir etadi. Kichkintoyning shaxs sifatida rivojlanishida uning oila a’zolari: ota-onasi, buva-buvisi, opa-akalari qanchalik muhim o‘rin tutsa, tarbiyachi ham shunchalik ahamiyatga molik kishidir.
Ota-ona va bolaning yaqinlari uni tarbiyalashda ko‘proq his-tuyg‘uga, hayotiy tajribalariga tayansalar, tarbiyachi pedagogik ta’­lim-tarbiya asoslarini o‘rganib, ilg‘or pedtexnologiyalarni egallagan holda ish olib boradi.
Zangiota tumanidagi 31-MTM faoliyatiga nazar tashlasak ana shu maqsadda ish yuritilayotganining guvohi bo‘lamiz. O‘z kasbining ustalari – X.Xorunova, M.Inag‘omova, G. Sha­ropova va boshqa tarbiyachilar doimo izlanib, kasb mahoratlarini yanada oshirish maqsadida tinmay mehnat qilmoqdalar. Mudira Habiba opa Akbarova esa reja asosidagi boshqa ishlari qatori, har haftada bir marta tarbiyachilarni yig‘ib, ular bilan suhbat uyushtiradi. Pedagogikaga oid gazeta, jurnal va adabiyotlar bilan tanishib, faoliyati jarayonida ulardan samarali foydalanadi. Guruhlarda o‘tkazilayotgan mash­g‘ulotlarni kuzatib boradi va kerakli o‘rinlarda maslahatlar berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi. Bu esa bolalar bilan olib borilayotgan mash­g‘u­lot­larning yanada qiziqarli va mazmunli bo‘li­shi­ga ko‘maklashadi. Tarbiyachilar mak­tab­­gacha ta’lim muassasasidagi faoliyatlari bilan chegaralanmay, ota-onalar bilan ham bog‘lanib, bolalarga ijobiy ta’sir o‘tkazish­ga intilishadi.
“Bola shaxsini rivojlantirish, sog‘lomlashtirish, ijodiy faoliyatga undash oila bilan hamkorlikda olib borilmas ekan, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, e’tibor berilmagan boladagi muayyan qobiliyatni tarbiyachi yoki ota-ona sezib, uni yuzaga chiqarishga harakat qiladi. Bayram dasturlariga ota-onalarni jalb qilgan holda, farzandlari uchun biror bir ertakni tanlab, undagi  qahramonlarni sahnada jonlantirib berishlarini so‘raymiz. Chunki ota-ona va tarbiyachi hamkorlikda bamaslahat ish olib borsa, ta’lim-tarbiya samaradorligi yanada ortadi. Tarbiyachi o‘z faoliyatida ana shu jihatlarni ham e’tibordan chetda qoldirmasligi lozim”, – deydi Habiba opa. Tajriba va bilimlariga tayanib, ota-onalardan maslahatlarini ayamaydigan bu jonkuyar inson ularni pedagogik adabiyotlardan ham xabardor bo‘lishga undaydi. Zero, bugungi kunda ota-ona ham ma’lum darajada pedagogikadan xabardor bo‘lishini davr taqozo qiladi.
Maskanda yaratilgan shart-sharoitlar – tabiat burchagi, ekologiya burchagi, bolalar qo‘l mehnati bilan yaratilgan “asarlar” bilan bezatilgan xonalarda kich­kintoylar turli mashg‘ulotlar va qiziqarli o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Tarbiyachilar bolalarning tez taqlid qilish odatlarini e’tiborda tutgani holda ingliz tili, rasm chizish, matematika, raqs kabi mash­g‘ulotlarga mas’uliyat va jonkuyarlik bilan yondashadilar. O‘ylaymizki, mohir tarbiyachilar mehnati hamkorligida va “Bolajon” tayanch dasturi asosida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya natijasida Zangi­ota tumanidagi 31-MTM tarbiyalanuvchilari ham kelajakda Vatanimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘­shadigan yurtning munosib farzandlari bo‘lib kamol topadilar.

Nazokat IBRAGIMOVA.

Check Also

Har bir bola e’tiborda

431-sonli IMTM hayotidan… Alohida yordamga muhtoj imkoniyati cheklangan (ruhiy rivojlanishi sustlashgan va aqliy rivojlanishdan orqada …