Bosh sahifa | Maktabga tayyorlov | “Yo‘l harakati shahri”ga sayohat

“Yo‘l harakati shahri”ga sayohat

Bolaning katta hayotga qadam qo‘yishi, avvalo, oiladan, ota-ona tarbiyasidan boshlansa, maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiyaga yordamchi hisoblanadi. Bola oila bilan bir qatorda, maktabgacha ta’lim muassasasida ham ko‘p narsani o‘rganadi. Mashg‘ulotlar jarayonida ko‘chada qanday odob saqlash kerakligi, kattalarga hurmat ko‘rsatish lozimligini anglab yetadi.
Yaqinda Toshkent shahar Uchtepa tumani XTMFMTTEB tasarrufidagi 20-sonli MTMda maktabgacha ta’lim muassasalarining tayyorlov guruh tarbiyalanuvchilari ishtirokida “Yo‘l harakati shahriga sayohat” mavzusida seminar tashkil etildi. Seminar davomida bolalar ishtirokida yo‘l harakati qoidalariga bag‘ishlangan chiqishlar mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Seminar mavzusi aynan yo‘l harakati qoidalariga daxldor bo‘lgani uchun kichkintoylar mavzuga oid olgan bilimlarini tashrif buyurganlar bilan o‘rtoqlashdilar. Milliy matomiz – adrasdan libos kiygan qizaloqlarimiz tomonidan ijro etilgan turli xil mavzulardagi raqslar ham bar­chaga xush kayfiyat ulashdi.
– Maktabgacha ta’lim muassasalarining asosiy vazifalaridan biri, bu – bola hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish. O‘tkazilgan seminar mavzusi ham farzandlarimiz uchun muhim hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim muassasasi uzluksiz ta’limning boshlang‘ich poydevori bo‘lgani uchun ham biz bolalarda bilim va ko‘nikmalarni shakllantiramiz, – deydi muassasa mudirasi Dilfuza Qarshiboyeva. – Bu ko‘nikmalarni turli xil mash­g‘ulotlar va o‘yinlar bilan rivojlantirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Tashkil etgan seminarimizning maqsadi yangi pedtexnologiyalardan foydalangan holda tarbiyalanuvchilarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bola xotirasi kattalarnikiga qaraganda ancha tez ishlaydi va voqea-hodisani uzoq saqlab qoladi. Buni kichkintoylar bilan o‘zaro muloqot jarayonida sezish mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar bilan o‘tkazilgan turli xil o‘yin-mashg‘ulotlari ularning xotirasi, eslab qolish qobiliyatining rivojlanishiga yordam beradi.
– Yo‘l harakati qoidalari belgilarining hammasini ham bola eslab qola olmaydi. Shuning uchun ham biz ularni o‘yin tarzida uyushtirib o‘zlarining ishtirokida bu belgilarga izoh beramiz, – deydi tarbiyachi Iroda Shomirzayeva.
Seminar davomida bolalar yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar nomlari hamda yo‘lovchilarni tashiydigan avtotransport vositalarining nomlarini birma-bir sanab o‘tdilar. Yo‘l chetlarida chaqnab turgan svetaforlarning ranglari qanday ma’no anglatishini yoddan aytib berishdi. Amaliyot jarayonida bolalar piyodalar amal qilishi kerak bo‘lgan belgilar bilan tanishib oldilar. Bu ochiq mashg‘ulot bolalarning yo‘l harakati qoidalarini to‘liq o‘rganib olishlari uchun zamin yaratishi shubhasiz.

Nilufar MURODOVA.

Check Also

Nutqimiz to‘g‘ri va ravon bo‘lsin

MAVZU: “OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI” Suhbat Oziq-ovqat mahsulotlari nima uchun kerak; ular nimalardan olinadi; ulardan nima tayyorlasa …