Yoz kelmoqda soz

Tayyorlov guruhlari uchun

Mashg‘ulotning maqsadi:
Ta’limiy: tarbiyalanuvchilarni she’rning maz­­munini tushunishga o‘rgatish, yoz fasli haqidagi bilimlarini shakllantirish.
Tarbiyaviy: bolalarni tabiatni sevishga, asrashga va uning ne’matlarini qadrlashga o‘r­gatish.
Rivojlantiruvchi: kichkintoylarning yoz fas­li va tabiati haqidagi tasavvurlarini kengaytirish. Mantiqiy fikrlash malakasini rivojlantirish va ijodkorlikka o‘rgatish.
Mashg‘ulot uslublari: aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, “Baliq ovi”, “Boshqaruv­chini top” o‘yinlari.
Mashg‘ulot jihozi: rangli qog‘ozlar, marker, mavzuga oid rasmlar, akvarium, markazlarda ishlash uchun zarur materiallar.
Mashg‘ulotning borishi:
Tashkiliy qism: salomlashish mashqi (ingliz tilida ham).
TARBIYACHI: – Bolalar, keling salomla­shib olamiz. Buni qo‘llarimizdan boshlaymiz.
–    Salom mening qo‘llarim! (qarsak)
–    Hello, my hands!
–    Salom mening oyoqlarim! (tap-tap)
–    Hello, my feet!
–    Salom mening yuzlarim! (oh-oh)
–    Hello, my faces!
–    Salom mening tishlarim! (tars-tars)
–    Hello, my teeth!
–    Salom mening burunlarim! (bum-bum)
–    Hello, my noses!
–    Salom mening o‘rtoqlarim!
–    Hello, my friends!
(Bolalar bir-birlarining qo‘llarini ushlab tepaga ko‘taradilar).
TARBIYACHI: – Bolajonlar, hozir men sizga topishmoq aytaman, javobini toping-chi?
Quyosh rosa qizdirar,
Cho‘milish tanga yoqar.
Qani toping bolalar,
Bu qaysi fasl bo‘lar?
BOLALAR: – Yoz.
TARBIYACHI: – Barakalla, bolajonlar, to‘g‘ri aytdingiz.
Aqliy hujum.
TARBIYACHI: – Yoz fasli qaysi fasldan keyin keladi?
1-Bola: – Bahor faslidan keyin yoz fasli boshlanadi.
TARBIYACHI: — Qani ayting-chi, yozda chanqagan vaqtimizda qanday ichimliklar i­chamiz?
2-Bola: — Suv, meva sharbatlari, ayron.
TARBIYACHI: — Shirintoylarim, yozda qayerda cho‘milasizlar?
3-BOLA: — Basseyn, ariqlarda.
TARBIYACHI: – Barakalla, men hozir sizlarga bolalar shoiri Shukur Sa’dullaning “Yoz” she’rini o‘qib beraman.
Keldi ko‘klam kabi soz,
Bizlar sevgan issiq yoz.
Ekin o‘sdi yerlarda,
Bug‘doy pishdi qirlarda.
Qip-qizardi olchalar,
Uzar yosh bolachalar.
Poliz to‘la bodiring,
Bog‘bon tez uzib bering.
Sabr qiling siz andak,
So‘yib beray handalak.
Quyosh ko‘kda nur sochar,
Yangi dunyolar ochar.
O‘rik yetilib pishar,
Yerlarga to‘p-to‘p tushar.
Olma, anor, nok, bodom,
To‘ymaydi yeb hech odam.
Yoz bo‘yi bizda har xil,
Meva pishar xilma-xil.
She’rda yoz faslining issiq ekanligi, dalalarda bug‘doy, polizlarda bodring, bog‘larda nok, olma, olcha, bodom kabi mevalar g‘arq pishi­shi aytilgan.
Lug‘at ishi:
Ko‘klam — yashil degani, ekin – o‘t-o‘simliklar o‘sadigan yer, andak – ozgina deb tu­shuntiriladi.
“Baliq ovi” o‘yini. O‘yinning maqsadi bolalarning lug‘at boyligini oshirish, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘rgatish.
O‘yin jihozlari: akvarium, magnitli qarmoq, mevalar, savat va turli predmetlarni aks ettiruvchi rasmlar.
Bolalar navbat bilan rasmdagi narsalarning nomini aytib, (ingliz tilida ham) u haqda ma’lumot beradilar.

“Boshqaruvchini top”
tetiklashtiruvchi mashq
O‘yin qoidasi. Bolalar doira bo‘lib turadilar. Ulardan biri tashqariga chiqadi. Qolgan bolalar i­chidan bitta boshqaruvchi tayinlanadi, bosh­qaruvchi bir necha harakatlarni bajartirib turadi. Shundan so‘ng tashqariga chiqqan bola chaqiriladi. U harakatlarni kuzatib, o‘yinni kim boshqarayotganligini topishi kerak. Agar topsa, boshqaruvchi tashqariga chiqadi, yangi boshqaruvchi tayinlanadi, topolmasa jarima belgilanadi. Jarima olgan bola biror o‘yin yoki she’r aytib berishi kerak.
TARBIYACHI: – Bolalar, sizlardan o‘zi­ngiz xohlagan markazlarga borib o‘tirishingizni so‘rayman. Pazandachilik markazida yoz faslida yaxshi ko‘rib iste’mol qiladigan ayron tayyorlanib, unga pomidor, bodring qo‘shiladi. San’at markazida yozgi mevalarni turli usullarda: sham, ip, “Rangin kaftchalar” texnologiyasi yordamida chizish. Qurilish markazida cho‘­milish havzasi maketini yasash taklif etiladi. Har bir markaz o‘z taqdimotini o‘tkazadi. Shundan so‘ng kichkintoylar bilimini mustahkamlash uchun savollar beriladi.
1.    Yozda qaysi mevalar pishadi?
2.    Poliz ekinlaridan qaysilarini bilasiz?
3.    Ko‘klam deganda nimani tushunasiz?
4.    Andak so‘zining ma’nosini ayting?
5.    Yozda bolalar qayerda cho‘miladilar?
6.    Yozda qanday ichimliklar ichiladi?
Savollarga to‘g‘ri javob bergan bolalar rag‘­batlantiriladi.

Sayyora IRISOVA,
Qashqadaryo viloyat XTXQTMOI “Maktabgacha, boshlang‘ich va
maxsus ta’lim” kafedrasi katta o‘qituvchisi.

Check Also

MTMda INNOVATSION TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH

Maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan pedagogik jarayon murakkab, shu …