Hozirgi zamon fan va texnika taraqqiyotining rivojlanishi tarbiyachilardan ijodkor, o‘z kasbi va shaxsiga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishni, fandagi muhim muammolar yuzasidan erkin fikr yurita olishni, bir so‘z bilan aytganda, kasbiy mahorat egasi bo‘lishni talab qiladi.
Tarbiyachining kasbiy mahorati haqida fikr yuritar ekanmiz, uning milliy g‘oya va mafkuraga sodiqligiga, bilim va fikr doirasining kengligiga, o‘z vazifasiga munosabatiga e’tibor bermoq kerak. Kasbiy mahorat va qobiliyat tarbiyachida osonlik bilan shakllanmaydi. Buning uchun u uzluksiz o‘qishi, o‘rganishi, izlanishi, ijodiy mehnat qilishi, voqelikni tez anglashi zarur.
Tarbiyachining kasbiy mahorati asosan mashg‘ulotlar mobaynida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki o‘quv mashg‘ulotlari o‘zining mazmun va mohiyatiga ko‘ra tarbiyachining ta’lim muassasasidagi asosiy ishidir. Shu sababli u ilmiy, g‘oyaviy va ommabop bo‘lishi, bolalarning tayyorgarlik darajasi bilan bog‘lanishi lozim.
Tarbiyachi faoliyatidagi eng asosiy maqsadlardan biri kichkintoylarni maktab ta’limiga tayyorlashdir. Maktabga borish bola hayotidagi jiddiy o‘zgarishli davr hisoblanib, bu davr kichkintoy hayotining yangi bosqichidir. Bolaning maktab ta’limiga qiyinchiliklarsiz moslashishida tarbiyachining u bilan olib borgan faoliyati katta rol o‘ynaydi. Bu davrdagi qiyinchiliklarning darajasini kamaytirish uchun odatda, bola oldindan o‘qish va sanashga o‘rgatiladi. Chunki kichkintoy maktabgacha ta’lim muassasasiga kelishi bilanoq tarbiyachi uni asosiy faoliyatga, ya’ni maktab ta’limiga tayyorlab boradi. Bu esa albatta, tarbiyachining mahoratiga bog‘liq.
Maktabgacha yoshdagi o‘g‘il-qizlarda xotira va tafakkur yaxshi rivojlangan bo‘lib, ular uchun eslab qolish qiyinchilik talab etmaydi. Sababi ularning tafakkuri ko‘rgazmali-harakatli va ko‘rgazmali-obrazli hisoblanadi. Bunday xotira va tafakkurning rivojlanishida ham tarbiyachining xizmatlarini hisobga olishimiz kerak.
Kichkintoylarni maktabga tayyorlashda maktabgacha ta’lim muassasalari quyidagi yo‘nalishlar asosida ish olib boradi:
- Jismoniy rivojlanish.
- Aqliy rivojlanish.
- Nutq va savodga o‘rgatish.
- Hissiy-irodaviy rivojlanish.
Jismoniy tayyorgarlikda mardlik, chidamlilik, egiluvchanlik, kuchlilik, chaqqonlik va bardoshlilik kabi xususiyatlarni rivojlantirishga ahamiyat qaratiladi. Zero, jismoniy rivojlanish jajjilarning har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Aqliy rivojlanish bolalarning diqqatini jamlash, mantiqiy bog‘liqlikni tuzish malakasi, xotira rivojlanishini o‘z ichiga oladi.
Kichkintoyning ijtimoiy muhitga moslashish jarayonida nutq va savodga o‘rgatish muhim vazifalardan hisoblanadi. Nutqiy bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lish bolaning dunyoqarashini, fikrlash doirasini va mantiqiy fikrlashini rivojlantiribgina qolmay, uning boshqalar bilan bo‘ladigan kommunikativ aloqalarini o‘rnatishga yordam beradi. Bunda tarbiyachining nutqiy mahorati bola uchun namuna vazifasini o‘taydi.
Tarbiyachi hissiy-irodaviy rivojlanish jarayonida bolaning ota-onasi, yaqinlari, atrof-muhitga bo‘lgan muhabbatini namoyon qilishi, o‘z xohish-istaklarini kattalarga bildirishi, hissiyotini ifodalay olishining shakllanishiga e’tibor qaratadi.
Bola hayotidagi bu yo‘nalishlarning salbiy yoki ijobiy shakllanganligi va rivojlanganligi tarbiyachining kasbiy mahoratidan dalolat beradi.
O. MIRZAITOVA,
Nizomiy nomidagi TDPU magistri.