Bosh sahifa | Dastur ijrosi amalda | “Zumradoylar davrasi”da…

“Zumradoylar davrasi”da…

Har tomonlama rivojlangan inson shaxsini shakllantirish davrimizning dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Jamiyatimizda olib borilayotgan ta’lim jarayonidagi islohotlarning bosh maqsadi ham barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bu borada maktabgacha ta’lim muassasalarida bolaning ilk davridagi qiziqishlari, qobiliyati, ko‘nikmasi, mashg‘ulot jarayoniga bo‘lgan munosabati uning kelgusi hayotida kasb tanlashida poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu davrda jajjilarning rivojlanishiga to‘g‘ri yondashuv ularning aqliy va jismoniy faoliyatidagi kamchiliklarini bartaraf etadi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarda odob va axloq tarbiyasi ma’naviy va ma’rifiy tarbiyaning tarkibiy qismi sifatida umumiy boshlang‘ich tarbiya masalalariga muvofiq ravishda olib boriladi. To‘g‘ri yo‘sinda tizimli olib borilgan tarbiya natijasida bola mustaqil fikr yuritishga va katta hayotga dadil qadam qo‘yishga tayyor bo‘ladi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining 106-­bandining ijrosi bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yosh­dagi (3-6 yosh) qiz bolalar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini bolalikdan boshlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi: orastalik, sarishtalik, mehnatsevarlik, ibo-hayo, to‘g‘riso‘zlik kabi go‘zal fazilatlarni tarbiyalashga qaratilgan “Zumradoylar davrasi” to‘garagini tashkil etish belgilab berilgan.
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 499-MTMda “Zumradoylar davrasi” to‘garagi tashabbusi bilan “Ko‘chada yurish odobi” mavzusidagi ochiq tarbiyaviy mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tumandagi MTM tarbiyachilari, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etish­di.
Tadbir davomida bolalarga ko‘chada yurish odobi, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, kattalarga hurmat, odob-axloq qoidalari, tabiatni asrash haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, kichkintoylarni vatanga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalash eng oliy maqsad ekanligi alohida aytib o‘tildi.